Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyun, 2025   |   24 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:41
Bismillah
20 Iyun, 2025, 24 Zulhijja, 1446

Dunyoga hech narsasiz kelding, hamma narsaga erishish uchun harakat qilasan

29.01.2025   3920   3 min.
Dunyoga hech narsasiz kelding, hamma narsaga erishish uchun harakat qilasan

Inson dunyoga hech narsasiz keladi, so‘ngra hamma narsaga erishish uchun harakat qiladi... Keyin esa hamma narsani qoldirib, hech narsasiz dunyodan ketadi... So‘ngra u hamma narsa uchun hisob-kitob qilinadi.
 

Alloh taoloning bunday degan so‘zi bor: Insonga faqat o‘z qilgan harakatlarigina mansubdir. Uning harakatlari yaqqol ko‘rsatiladi. Keyin unga to‘liq mukofot beriladi(Najm surasi, 39-41 oyatlar).

Aksariyat insonlar, ularga yuklatilgan vazifalarni tark etib, Alloh ular uchun kafolat bergan narsalar bilan mashg‘ul bo‘lib qolishadi.

Hayotingizni ko‘rib chiqing, dunyoviy, foniy ishlar uchun qancha vaqt sarflayapsiz? Oxiratingizga zarur bo‘lgan ishlar uchun qancha vaqt ajratmoqdasiz?

Alloh taolo aytdi: Kim dunyo mukofotini xohlasa, unga shundan beramiz. Kim oxirat mukofotini istasa, unga shundan beramiz. Va biz shukr qiluvchilarni albatta mukofotlaymiz(Oli Imron surasi, 145-oyat).

Alloh taolo dunyo ne’matlarini oxirat ne’matlaridan afzal ko‘rganlarni qoralab bunday degan: “Kim dunyo mukofotini istasa, unga beramiz”.

Ya’ni, kimki amallarini faqat dunyoviy manfaatlar uchun qilsa, unga dunyoning bir qismini beramiz, ammo oxiratda unga hech qanday ulush berilmaydi.

Shu bilan birga, Alloh taolo amallarini oxirat mukofoti uchun qilganlarni maqtab aytadi:

Kim oxirat mukofotini istasa, unga shundan beramiz”.

Ya’ni, kim oxiratdagi buyuk mukofotni istasa, unga shundan beramiz.

Davomida: Biz shukr qiluvchilarni mukofotlaymiz, deydi.

Bu oyat shukr qiluvchilarga Allohning mukofotlari haqida va’da.

Kim shukr qilsa, uni dunyoda ham, oxiratda ham Alloh rozi qiladi va uni ne’matlar bilan siylaydi

Bu oyat insonlarni dunyo ne’matlariga aldanmaslikka, balki oxirat ne’matlariga ko‘proq intilishga chaqirgan.

Alloh yana bunday degan: Kim oxirat hosilini istasa, uning hosilini ziyoda qilamiz. Kim dunyo hosilini istasa, unga bir qismini beramiz, lekin oxiratda uning hech qanday ulushi bo‘lmaydi (Shuro surasi, 20-oyat).

Bu oyatda shukr qilganlarga Allohning rahmati va ularni oxiratda buyuk mukofotlar bilan siylashi haqida aytiladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

“Qiyomat kunida inson to‘rt narsa haqida so‘ralmaguncha ikki qadami siljimaydi:

1. Umrini qanday o‘tkazganligi haqida.
2. Tanasini nimalarga ishlatganligi haqida.
3. Ilmi bilan nimalar qilganligi haqida.
4. Molini qayerdan topganligi va qayerga sarflaganligi haqida”.

Bu hadis insonning hayotidagi har bir amal hisob-kitob qilinishi haqidagi ogohlantirishdir.

1. Umr – insondan, Allohning buyruqlarini qay darajada bajargani va taqiqlaridan saqlangani so‘raladi.
2. Tanasi – agar u Allohning itoati yo‘lida ishlatilgan bo‘lsa, najot topadi, aks holda, halokatga uchraydi.
3. Ilm – inson o‘z bilganiga amal qilib najot topadi, lekin ilmiga amal qilmagan yoki uni tark etgan odam halok bo‘ladi.
4. Mol – inson uni halol yo‘lda topganmi va halol yo‘lda sarflaganmi, deb so‘raladi. Agar molini halol yo‘lda topib, halol ishlarga sarflagan bo‘lsa, najot topadi. Ammo uni harom yo‘llarda topib yoki sarflagan bo‘lsa, halokatga uchraydi.

Bu hadis har bir insonni hayoti va ne’matlari uchun mas’uliyatli bo‘lishga chaqirib, oxiratga tayyorgarlik ko‘rishning zarurligini uqtiradi.

Homidjon qori ISHMATBЕKOV

Boshqa maqolalar

Nima uchun xatim Ka’baga qo‘shib yuborilmagan?

18.06.2025   4589   5 min.
Nima uchun xatim Ka’baga qo‘shib yuborilmagan?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

U Hijru Ismoil deb ham nomlanadi. U yarim doira shaklidagi ochiq binodir. Xatim deb nomlanishiga sabab, u Ka’badan sindirib olingandir. Quraysh Ka’ba binosini yangilaganda o‘sha yerni qoldirgan. Ismoil hijri deyilishiga sabab, Ibrohim alayhissalom Ka’baning yoniga arok daraxtidan Ismoil hamda onalariga kapa qurib berganlar. Demak, hijr Ka’baning qismidan bo‘lmagan. Lekin Quraysh Ka’badan qoldirib, Hijrga kiritgan joyi shak-shubhasiz Ka’badir. Hajmi olti gazu bir qarich, ya’ni uch metrdir.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan xatim haqida so‘rab: «U Ka’badanmi?» desam, u zot: «Ha», dedilar. Men: «Unda nima uchun Ka’baga qo‘shib yuborishmagan?» desam, u zot: «Qavmingning, ya’ni Qurayshning mablag‘i yetmay qolgan...» dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Boshqa bir rivoyatda keltirilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyatdan endi qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzishga buyurib, uning chiqib ketgan joyini kirgizib, yerga yopishtirib, ikki eshik, ya’ni sharq va g‘arb tomondan eshik ochib, Ibrohim alayhissalom bunyod etgan poydevorga yetkazar edim», dedilar.

Ibn Zubayrni Ka’bani buzishga undagan narsa mana shu edi. Yazid: «Ibn Zubayr buzib, qayta qurayotganlarida guvoh bo‘ldim. Hijrni Ka’baga kiritdilar. Ibrohim alayhissalom qurgan poydevordagi toshlarni ko‘rdim. U xuddi tuyaning o‘rkachiga o‘xshar edi», deganlarida, Jarir: «Uning o‘rni qayerda edi?» dedilar. U kishi: «Hozir senga ko‘rsataman», dedilar. Jarir u kishi bilan Hijrga kirdilar. Yazid o‘sha makonga ishora qilib: «Mana bu yerda», dedilar. Jarir: «Hijrni taxminiy o‘lchab ko‘rsam, 6 gaz yoki shunga yaqin edi», dedilar.

Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarida ham ochiq-oydin kelgan. Imom Muslimning rivoyatlarida esa: «Hijrdan olti gaz qo‘shdim», deb aytilgan.

Bu rivoyatlardan bilinadiki, Hijr Ka’baning bir qismidir. U Ka’ba atrofidagi taxminan 3 metrlar chamasi joydir. Boshqa yer esa Ka’badan emas. Shunga binoan hijrning orqa tomonidan tavof qilish durustdir. Kim Ka’ba ichida namoz o‘qishga imkon topa olmasa, Ka’baning chamasi 3 metr yonidagi xatim qismida o‘qisa, go‘yoki Ka’ba ichida namoz o‘qigandek bo‘ladi.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Men Ka’ba ichiga kirib namoz o‘qishni yaxshi ko‘rar edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘limdan ushlab, hijrga kirgizdilar, «Ka’baga kirishni xohlasang, mana shu yerda ham o‘qiyvergin. Chunki u Ka’badan bir bo‘lakdir», dedilar».

Boshqa rivoyatda Oisha roziyallohu anho: «Hijrdami, Ka’badami namozni qaysi birida o‘qishga ahamiyat bermayman», deganlar.

Salaflardan qilingan rivoyatda: «Xatimda, mezob ostida duolar mustajobdir», deyilgan.

Shayboniy: «Sa’id ibn Jubayrning Ka’bani hijrda kuchib turganlarini ko‘rdim», dedilar.

Zolim Hajjoj ibn Yusuf xalifa Abdulmalik ibn Marvonga maktub yozib, unda Ibn Zubayr Ka’bani o‘zgartirib, uning o‘rni bo‘lmagan joylarni qo‘shib, boshqa eshik ochganini aytgan va endi Ka’bani qaytadan bino qilishini so‘ragan edi. Hajjoj Ka’bani o‘zi aytganidek o‘zgartirib bo‘lganidan keyin Abdulmalik bildiki, Ibn Zubayr Ka’ba qurilishini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek amalga oshirgan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyat zamonidan endigina qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzib, chiqib ketgan joylarini qo‘shib olgan bo‘lar edim...» deganlar.

Xalifa Abdumalik Hajjojga ruxsat bergani uchun pushaymon chekib: «Agar Hajjoj buzishidan oldin ushbu hadisni eshitganimda, Ibn Zubayr qurganlarini qoldirar edim», degan Muslim rivoyati.

Rivoyat qilinishicha, ba’zi abbosiy xalifalar Imom Molik ibn Anasdan Ka’bani buzib, hadisda zikr qilinganidek, Ibn Zubayr qurganlari kabi yana qayta qurish uchun fatvo so‘rashganida, Imom Molik roziyallohu anhu: «Ey mo‘minlar amiri, o‘tinib so‘rayman, Baytullohni podshohlarga o‘yinchoq qilib qo‘ymang, xohlagan kishi uni buzib o‘ynayvermasin. Shu holat bo‘laversa, odamlar qalbida Ka’baning haybati ketib qoladi», dedilar. Imom Molikning ushbu gaplaridan keyin Ka’ba mana shu holatda qoldi.

Xatim devorining balandligi 1 metr 32 sm. Devorning eni 1 metr 55 sm.

Ikki kirish orasidagi masofa 8 metr 77 sm. Ka’ba devoridan Xatim devorigacha 8 metr 46 sm.

Ka’badan Xatimgacha mavjud bo‘lak 3 metr.

Multazam tomondagi ochiqlik o‘lchami 2 metr 29 sm.

Muqobil ochiqlikdagi o‘lcham 2 metr 23 sm. Tashqaridan devor aylanasining uzunligi 21 metr 57 sm.

"Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi, haj va umra manosiklari" kitobidan