Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Iyun, 2025   |   2 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
27 Iyun, 2025, 2 Muharram, 1447
Maqolalar

Musulmon olamida Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi muhim manba

29.01.2025   4577   2 min.
Musulmon olamida Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi muhim manba

Misrning "Al Diplomacy" axborot agentligi Imom al-Buxoriy merosiga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri. 


Unda qayd etilishicha, Muhammad ibn Ismoil Buxoriy hayoti davomida 20 dan ortiq asarlar yaratgan. Ulardan "Al-Jomi’ as-Sahih", "Al-adab al-mufrad", "At-ta’rixal-kabir", "Barr ul-volidayn" va boshqalarni ko‘rsatish mumkin.


Nashrda Imom Buxoriy asarlari orasida "Al-Jomi’ as-Sahih" kitobi muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlangan. Ushbu asar islom olamida Qur’oni Karimdan keyingi ikkinchi manba sifatida e’tirof etiladi.


"Hadis ilmi sultoni Muhammad ibn Ismoil Buxoriy qalamiga mansub bu asar ko‘p nusxada musulmon xalqlari orasida tarqalgan, dunyoning turli tillariga tarjima qilingan va hozir ham tarjima qilinmoqda", – deyiladi maqolada.


Maqolada Islom olamida "as-Sahih", "Al-Jomi’ as-Sahih" va "Sahih al-Buxoriy" nomlari bilan mashhur bo‘lgan ushbu kitobning tarixi batafsil yoritilgan.

 

"Imom Buxoriyning ushbu asarni yozishga ustozining ishonchli hadislarni to‘plash zarurligi haqidagi maslahatlari turtki bo‘lgan", – deb yozgan muallif.


Imom Buxoriy ushbu shoh asarni 16 yilda yozib bitirgan. Bungacha hadislar sahihlik darajalariga ko‘ra, tasniflanmagani uchun bu ish inqilobiy xususiyatga ega bo‘lganligi ta’kidlanadi. Imom Buxoriy hadis roviylarining tarjimayi hollarini o‘rganar ekan, faqat sahihlikning qat’iy mezonlariga javob beradiganlarini tanlagan. U hadis ilmida mutlaqo yangi yo‘l ochdi, bu esa hadis ilmida "oltin asr"ni boshlab berdi.


"Imom Buxoriyning har bir asari musulmonlar uchun muhim manba bo‘lib, ma’rifiy-ma’naviy, tarixiy bilimlarni boyitishda juda muhim. Uning ilmiy merosi nafaqat islom tarixining bir qismi, balki jahon hamjamiyati ma’naviy rivojiga ham yo‘l ko‘rsatuvchi manbadir", – deyilgan maqola xulosasida.
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Buni shukr deb bo‘ladimi?

27.06.2025   1501   3 min.
Buni shukr deb bo‘ladimi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Behisob pul va boyliklarni chekish-ichish, kayfu safo uchun sarf qilish – Allohga shukr qilishmi?!

Yoshlik davrini zino va harom ishlar bilan o‘tkazish – Allohga shukr qilishmi?!

Telefon orqali o‘zgalarga zarar yetkazish, har xil bo‘lmag‘ur ishlarda foydalanish – Allohga shukr bo‘ladimi?!

Yeguliklarni chiqindi qutisiga tashlash, uvolni bilmaslik – Allohga shukr qilishmi?!

Zakotni o‘z vaqtida ado etmaslik, sadaqadan tiyilish – Allohga shukr qilish deganimi?!

Internetda foydasiz narsalar uchun vaqt ajratish, vaqtni bekorga zoye qilish – Allohning bergan ne’matlariga shukr qilishmi?!

Axir Alloh taolo bizlarga shukr qilishni va U Zotning fazlini e’tirof qilishga buyurgan-ku: «Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!»[1].

Qolaversa, Alloh taolo shukr qiluvchilarni azoblamasligi xabarini ham bergan: «Agar shukr qilsangiz va iymon keltirsangiz, Alloh sizlarni nega azoblasin?! Alloh  shukrni qabul etguvchi va bilguvchi Zotdir»[2].

Shukr – Alloh taolo ato etgan ne’matlarning davomli bo‘lishining garovidir: «Yana Parvardigoringiz bildirgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”»[3]. «...Agar shukr qilsangiz (va iymon keltirsangiz) U Zot sizlar uchun  rozi bo‘lur...»[4].

Bu dunyoda borligimizga shukr qilish – ota-onalarimizga yaxshilik qilishimizdadir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohning roziligi – ota-onaning rizosidadir” [5], deganlar.

Qarindoshchilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, ular bilan bordi-keldi qilish, uzilgan rishtalarni tiklash ham Alloh bizga qarindosh, yaqinlar bergani ne’matining shukridir. Nabiy alayhissalom bu borada: Rizqida kengchilik bo‘lishi, ajali ortga surilishi kimni xursand qilsa, qarindoshchilik aloqalarini bog‘lasin”, deganlar[6].

Sadaqa berish – Alloh bizni mol-dunyo bilan siylagani uchun shukr qilish demakdir. Sadaqa Alloh taoloning g‘azabini o‘chiradi. Nabiy alayhissalom: “Maxfiy qilingan sadaqa Yaratganning g‘azabini o‘chiradi. Qarindoshchilik aloqalarini bog‘lash  umrni uzaytiradi. Yaxshilik qilish yomon o‘lim topishdan asraydi”, [7] deganlar.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Baqara surasi, 152-oyat.
[2]  Niso surasi, 147-oyat.
[3]  Ibrohim surasi, 7-oyat.
[4]  Zumar surasi, 7-oyat.
[5]  Ibn Hibbon rivoyati.
[6]  Imom Buxoriy rivoyati.
[7]  Imom Tabaroniy rivoyati.