Sayt test holatida ishlamoqda!
13 May, 2025   |   15 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:06
Peshin
12:24
Asr
17:23
Shom
19:36
Xufton
21:04
Bismillah
13 May, 2025, 15 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

Ayol o‘z erini qanday qilib namozga boshlashi mumkin?

30.01.2025   4259   6 min.
Ayol o‘z erini qanday qilib namozga boshlashi mumkin?

Oila ham jamiyatning kichik bir bo‘lagi bo‘lib, unda ayolning o‘rni beqiyos. 
 

Oila ham jamiyatning kichik bir bo‘lagi bo‘lib, unda ayolning o‘rni beqiyos. Ayol oilaning farishtasi, saramjon-sarishta uy bekasi. Ayol jismonan erkaklarga nisbatan zaif bo‘lsa ham, oilaning yukini ko‘tara olishga qodir.
 

Avvalo, muslima opa-singillarimiz shuni yaxshi anglab olishlari kerakki, Islom dinida ayolning eriga itoat qilishi, bu – shariatga itoat qilishi demakdir. Ammo erkak shariatga xilof ishlarni buyurganida, ayolning o‘z eriga itoat qilmaslikka haqi bor. Zero, Imron ibn Husayndan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yaratganga gunoh bo‘lgan ishlarda maxluqqa (biron kimsaga) itoat qilinmaydi”, deganlar. (Ahmad va Hokim rivoyati).


Ko‘pchiligimiz er va xotinlik eng muqaddas insoniy aloqalar ekanini yaxshi bilamiz. Ammo bu aloqalarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda Qur’oni Karim va Hadisi shariflarga amal qilib ish tutishimiz lozim. Ayol kishi turmushga chiqqach, erining izmida bo‘ladi, endi u ota-onasidan ko‘ra ko‘proq eriga itoat etishi lozim. Agar er to‘g‘ri yo‘lda bo‘lib, xotiniga nisbatan o‘z zimmasidagi majburiyatlarni bajarsa, xotini unga itoatsizlik qilishi gunoh ekanligini yaxshi bilamiz. Ammo ayol ibodatli, soliha bo‘lgani holda eri namoz o‘qimaydigan, ibodatsiz bo‘lsa ayol qanday yo‘l tutmog‘i lozim.


Ayol erini gunoh va yomon ishlardan qaytarib, savobli ishlarga undashi lozimligi, kechalari o‘zlari namozda qoim bo‘lib, erini suv sepib bo‘lsa ham namozga turg‘izganlari yaxshi ekanligi haqida hadislarda aytilgan.

 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kechasida turib namoz o‘qigan hamda ayolini uyg‘otgan, agar bosh tortsa yuziga suv sepib uyg‘otgan kishini rahm qilsin. Alloh kechasida turib namoz o‘qigan hamda erini uyg‘otgan, agar bosh tortsa yuziga suv sepib uyg‘otgan ayolni rahm qilsin” dedilar.


Boshqa bir rivoyatda: “Birortangiz kechasida (namozga) tursa ahlini ham uyg‘otsin. Uyg‘onmasa yuziga suv sepsin” dedilar.


Sunani Abu Dovud. Vallohu a’lam!


“Solihlar gulshani” kitobida barcha ayollarga ibrat bo‘larlik bir hikoya keltiriladi. “Kech kirgach, Riyoh ayolini sinash uchun uyquga ketdi. Kechaning chorak qismini qiyomda o‘tkazgan ayol: “Turing, ey Riyoh!” deb erini tungi namozga uyg‘otdi. Riyoh: “Hozir turaman” deydi-da, lekin turmaydi. Ayoli kechaning yana chorak qismini tahajjudda o‘tkazgach: “Turing, ey Riyoh!” deb uni namozga chaqirdi. Riyoh: “Mana, hozir, turyapman” deb, yana o‘zini yostiqqa urdi. Ayol indamaygina yana tahajjudga kirishadi. Tunning yana chorak qismi o‘tgach: “Turing, ey Riyoh!” dedi. Eri: “Xo‘p, hozir” desa ham, issiq joyidan qo‘zg‘almadi. Shunda soliha ayol afsus bilan: “Tun ham oxirlab qoldi. Muhsinlar safda, xizmatga shay, siz bo‘lsa uyqudasiz! Ey voh, sho‘rim qursin! Ey Riyoh! Qaysi qurib ketgurning gapiga uchib, tuzog‘ingizga ilindim-a!” deya, kechaning qolgan qismini ham namoz o‘qib, bedor o‘tkazdi.


Riyoh aytadi: “Bir kuni dunyo ishlaridan bir ishga achinib, g‘amga botib o‘tirgan edim. Ayolim yonimga kelib: “Qarab tursam, dunyoning o‘tkinchi ishiga juda qayg‘uda ekansiz. Shumayt sizni menga boshqacha ta’riflagandi. Men soddalik qilib, uning gapiga laqqa tushib o‘tiribman-a!” dedi-da, ro‘molining popugiga ishora qilib: “Dunyo men uchun mana shundan ham arzimas narsa!” dedi.


Sayyor aytadi: “Riyoh menga shunday hikoya qilib berdi: “Menga bir ayol haqida aytishdi. Nasibamiz qo‘shilib, turmush qurdik. Xufton o‘qib bo‘lingach, u atir-upalarini surtib, bezanib, chiroyli kiyimlarini kiyib, yonimga kelib, “Xojam, menda hojatingiz bormi?” der edi. “Ha” — desam, yonimda qolar, “Yo‘q” desam, bezakli kiyimlarini yechib, tong otguncha namoz o‘qib chiqardi. Allohga qasamki, (ibodatda) u mendan o‘zib ketdi”. Alloh Riyohni ham, uning obida, soliha ayolini ham rahmatiga olsin.


Avvalo, ayollarning o‘zlari tarbiyali va xushxulq bo‘lishlari katta ahamiyatga ega. Ayol kishi xushmuomala bo‘lishi kerak. Ayol nafaqat eriga, balki qaynona va qaynotasiga ham birdek xushmuomalada bo‘lishi, ularning ko‘ngillariga ozor yetkazadigan so‘zlardan tiyilishi kerak. Erining ko‘nglini topib, qaynona va qaynotasining xizmatida bo‘lgan ayol, ularning qalbiga quvonch bag‘ishlaydi va o‘ziga nisbatan mehr-muhabbatlarini yanada ziyoda bo‘lishiga erishadi.


O‘z hurmatini bilgan ayol erining oldida ham, ortidan ham obro‘sini saqlashi zarur. Aksincha, juz’iy kamchiliklari bo‘lgan erkakning obro‘sini to‘kib, duch kelgan odamga yomonlash, uydagi sirni ko‘chaga olib chiqish nafaqat erini, balki o‘z oilasi sha’nini toptash bilan barobardir. Dono ayol erining xatosini bilsa, o‘zini payqamagandek tutadi. Eriga og‘ir botmaydigan shaklda uni tuzatishda yelkadosh bo‘ladi.


Dono ayol bunday holatda oila boshlig‘i kim ekanini aslo unutmagan tarzda maqsadga intiladi. Erining qalbiga zarra ozor yetkazmasdan, nozik yo‘llar bilan to‘g‘ri yo‘lga tushishiga ko‘mak beradi. Zero, shunday sabr-qanoatli soliha ayollar ham borki, eri hatto unga zulm qilsa ham, o‘z oilasi va farzandlari sha’nini himoya qilish uchun qo‘ni-qo‘shnilarga erining faqat yaxshi tomonlari haqida gapiradi. Bu esa ayolning donoligi va oxirini o‘ylab ish qilishidan dalolatdir. Bunday ayollar faqat qo‘ni-qo‘shnilarning oldida emas, farzandlarining oldida ham erining mavqeini saqlab qolishiga sabab bo‘ladi. Bu esa vaqti kelganda erning ayoliga qilgan jabr-zulmidan pushaymon bo‘lib, bora-bora uning qadriga yetishiga sabab bo‘ladi. 


Habibulloh domla ZOKIROV,

Sirdaryo viloyati bosh imom xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Onaning duosi sababli olim bo‘ldi

12.05.2025   2275   2 min.
Onaning duosi sababli olim bo‘ldi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Sulaymon ibn Ayub rahimahulloh bunday hikoya qiladi: “Men o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida ilm o‘rganish va Qur’onni yod olishga harakat qilsam-da, Fotiha surasini to‘g‘ri o‘qiy olmasdim. Bu holat menga og‘ir edi. Hatto ustozim ham mendan umidini uzgan edi.

Yolg‘iz qolganimda sajdaga bosh qo‘yib yig‘lab, duolarimda Alloh taolodan tilimni burro, xotiramni o‘tkir qilishini hamda qalbimdagi g‘ashlikni ketkazishini so‘rab iltijo qilardim.

Solih insonlardan biriga holimni bayon etdim. U mendan: Ota-onang bormi? - deb so‘radi.

Men: Ha, onam bor, - deb javob berdim.

U: Onangga yaxshilik qilasanmi? – deb so‘radi.

Men: Ha onamning xizmatlarini bekamu ko‘st bajaraman, – dedim.

Shunda solih kishi menga: Onangni oldiga borib, undan Qur’oni karimni yod olishing hamda faqih bo‘lishing uchun duo qilishini so‘ra, – dedi. 

Men uyga borib, bu gaplarni onamga aytdim. Volidam yarim tunda namoz o‘qidi, haqqimga xayrli duolar qildi. So‘ngra saharlik qilib, Alloh uchun ro‘za tutdi.

Tong otishi bilan onamning duolari qabul bo‘ldi. Xuddi bulutlar tarqagach quyosh charaqlagani singari aqlim ham yorishib, quvvai hofizam kuchayganini his etdim.

Shu tariqa men zehni o‘tkir va ilmli insonga aylandim. Onamning duosi barakotidan Qur’on va hadisni puxta o‘zlashtirib, ilmu-hikmat dengizida suza boshladim. Nihoyat, kuchli imomga aylandim”.

Kim biror maqsadini amalga oshirishda qiynalsa, avvalo, Alloh taologa tayanish barobarida ota-onasining duosini olsin!.

            

Shayx Mahmud MISRIYning
“Solih va solihalar hayotlaridan qissalar” kitobi asosida
Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.