Ilmsiz taraqqiyot bo‘lmaydi – jaholat saodatmand etmaydi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “Jaholatga qarshi – ma’rifat”ni qurol qilgan ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan boy ma’naviy meros o‘ziga xos najot qal’asi, himoya qo‘rg‘oni vazifasini o‘taydi. Shu bois ushbu ulug‘vor qadriyat barcha olimu fuzalolar tomonidan ulug‘langan, muqaddas va mo‘tabar kitoblarda yuksak ne’mat sifatida e’tirof etilgan.
Bugun, 30 yanvar kuni Farg‘ona shahridagi "Labihovuz" majmuasida aholi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda ham ana shunday ezgu maqsadlar an’anasi davom ettirildi. Unda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev qatnashib, xalq bilan samimiy muloqot o‘tkazildi.
Muloqotda so‘nggi yillarda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham juda katta o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani, ko‘plab masjidlar havas qiladigan darajada obod bo‘layotgani, Qur’oni karim kurslarida bir necha minglab mo‘min-musulmonlar Qur’oni karimni mutolaa qilishni o‘rganayotgani, haj-umra safariga borgan kishilar soni sezilarli darajada ortgani kabilarni aytish barobarida oyat va hadislar asosida mana shunday ne’matlarga shukr qilish zarurligi ta’kidlandi.
Qur’oni karim va hadisi shariflarda ilm va hunarga targ‘ib qiluvchi ko‘rsatmalarni misol sifatida keltirib, har bir ota-ona farzandiga elu yurt uchun kerakli bo‘ladigan hunar va foydali ilmlarni ham o‘rgatishi lozimligi tushuntirildi. Shuningdek, yosh avlod ongiga ona yurtga muhabbat, tinch-osoyishta hayotimizni qadriga yetish hamda shukronalik tuyg‘ularini singdirish kabilarga urg‘u qaratildi.
Shuningdek, riyo-xo‘jako‘rsinlik illatlari, ilmsiz fatvo berish, shar’iy masala aytish, jamoada tafriqa, bo‘linishlardan saqlanish, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishini oldini olish, zamonaviy texnologiya va axborot vositalaridan ilm va yaxshilik yo‘lida foydalanish hamda bid’at-xurofotlarni tark etish kabilarga ham alohida to‘xtalindi.
Ishtirokchilarning murojaat-takliflari eshitildi, oilaviy, ijtimoiy va ibodatga oid savollariga batafsil javob berildi. Bir so‘z bilan aytganda uchrashuv samimiy va yuqori kayfiyatda o‘tdi.
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Bugun, 15 may kuni Mir Arab oliy madrasasida "Islom ma’rifati — axloqiy va ma’naviy barkamollik asosi" mavzusida respublika anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ilmiy-amaliy anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov, diniy ta’lim muassasalari, shuningdek, Buxoro davlat pedagogika instituti, Menejment va zamonaviy texnologiyalar universiteti rahbar va professor o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Anjumanda bevosita va masofaviy tarzda qatnashgan notiqlar mavzu yuzasidan chiqishlar qilish barobarida muhim taklif va tavsiyalarni ilgari surdilar.
Mirarab.uz