Komillikka intilish, muntazam ravishda o‘z ustida ishlash, bilim va saviyasini, ma’rifatini oshirib borish, yuksak ma’naviyat sohibi bo‘lishni kim ham orzu qilmaydi, deysiz. Bu borada buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy-ilmiy merosini o‘rganish har jihatdan samarali ekani tayin.
Bugun o‘zbek diyori deyilganda, jahon afkor ommasining xayoliga dunyo tamadduniga benazir hissa qo‘shgan buyuk allomalar, ulug‘ mutafakkirlar, xususan, al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Nasafiy, Maxmud Zamaxshariy, Imom Moturidiylarning nomlari kelishi tabiiy.
Ilm-fan taraqqiy etgan bugungi davrda ana shu allomalar qoldirib ketgan bebaho asarlarni tadqiq etishga, o‘rganishga talab har qachongidan ham ortib boryapti. Shu bois muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi binosining qurish ishlari jadal davom ettirilmoqda.
Markaz Prezidentimizning 2017 yil 23 iyundagi qaroriga binoan boshlanib, 2018 yilgi Ramazon hayiti kuni davlatimiz Rahbari uning poydevoriga tamal toshini qo‘ygan edi.
“Hazrati Imom” majmuasi yonida bunyod etilayotgan markaz tobora chiroy ochib, hudud ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib boryapti. O‘tgan davr mobaynida Preziidentimiz bu joyga bir necha marta tashrif buyurib, markazning mukammal bo‘lishi haqida qimmatli fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Kuni kecha hurmatli Yurtboshimiz yana markazga tashrif buyurib: “Islom sivilizatsiyasining, islom ta’limotining zamini – aslida ilm-fan, madaniyat, ta’lim va tarbiyadir. Biz barpo etayotgan markazning bosh g‘oyasi, asosi ham shu. Eng muhim tomoni – yurtimizdagi islom madaniyati bilan bog‘liq bir necha ming yillik qadimiy o‘tmish bir joyda – mana shu majmuada mujassam bo‘ladi. Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol ko‘rib, islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini, o‘zbek xalqining dunyo tamadduniga qo‘shgan buyuk hissasini anglaydi”, deya ta’kidladilar.
Davlatimiz rahbarining yo‘l-yo‘riq va tavsiyalari asosida ko‘rkamlashib borayotgan Islom sivilizatsiyasi markazini men IX–XI asrlarda Xorazmda faoliyat yuritgan “Dorul ma’rifa va hikma” va Bag‘doddagi “Bayt ul-hikma”, ya’ni “Donishmandlik uyi”ga o‘xshatgim keldi. Ushbu Markaz ham ular kabi “Ilm va hikmat uyi” bo‘lib qoladi, inshoalloh.
Eng quvonarlisi, Bag‘dodda faoliyat yuritgan “Baytul hikma”, bugungi ta’bir bilan aytganda, dunyoga mashhur “xalqaro akademiya”ga o‘zimizning bobomiz Ahmad al-Farg‘oniy rahbarlik qilgani kishiga faxr-iftixor bag‘ishlaydi.
Ahmad al-Farg‘oniyning “Baytul hikma”ga rahbar bo‘lgani bejiz emas. Chunki bobomiz qomusiy alloma bo‘lib, u kishi yasagan usturlob, ya’ni Nil sathini o‘lchovchi asbob misrliklarning hayotiga oro kirib, daryo toshqinlaaridan asrab qolgan.
Ishonchimiz komilki, Islom sivilizatsiyasi markazida malaka oshirgan, bu ma’rifat maskanida bilim olgan yoshlarimiz kelajakda shunday “usturloblar”ni yasashadiki, ular bilan millatimiz turli “toshqinlar”, jumladan, ekstremizim, terrorizm, “ommaviy madaniyat” kabi illatlardan himoya qilinadi.
Islom sivilizatsiya markazida Qur’onshunoslik, tafsirshunoslik, hadisshunoslik, siyratshunoslik (Payg‘ambar alayhissalom hayot yo‘llarini o‘rganish), islom huquqi (fiqh), aqida, tasavvuf, islom tarixi, arab tilshunosligi kabi bilimlar keng o‘rganiladi. Bundan tashqari, arxitektura, fizika, kimyo, falakiyotshunoslik, minerologiya, tibbiyot, farmokologiya kabi yo‘nalishlarda ham ilmiy izlanishlar olib borish ko‘zda tutiilgan. Chunki ajdodlarimiz asarlarining salmoqli qismini ham ushbu sohalar tashkil etishini eslatib o‘tish zarur.
Xalqimizda: “Tarix takrorlanib turadi” yoki “Oqqan daryo oqaveradi”, degan gap bor. Darhaqiqat, Islom sivilizatsiyasi ishga tushishi bilan arab tili grammatikasini yozib bergan Zamaxshariylar, sanoq tizimini kashf qilgan Xorazmiylar, qo‘l va qalb bir vaqtning o‘zida ikki ishni bajarib, bir maqsad sari intilishi borasidagi sof g‘oyani ilgari surgan Naqshbandiylar, meditsinaga asos solgaan Ibn Sinolar, sof islomiy aqidani asoslab bergan Moturidiylar dunyoga qayta ko‘z ochajak.
Xulosa qilib aytganda, nur – Sharqdan. Bu, birinchidan, quyosh Sharqdan chiqqani bilan izohlansa, ikkinchidan, ma’rifat ham Sharqdan yoyilgan. Shu ma’noda Sharqning buyuk allomalari yurtida barpo etilayotgan Islom sivilizatsiya markazi chinakam ma’rifat maskani sifatida butun dunyoga nur taratajak, inshoalloh.
Muhammadolim Muhammadsidiqov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi