Cavol: Til va labni ishlatmasdan Qur’oni karimni o‘qib chiqsa, xatm qilgan hisoblanadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qur’oni karimni xatm qilgan bo‘lishi uchun harflarni til bilan talaffuz qilib, kamida o‘zi eshitadigan darajada o‘qigan bo‘lishi kerak. Chunki nutqqa tegishli hukmlarda eng kamida o‘zi eshitishi shartdir. Shunga ko‘ra biror shaxs sajda oyatini ichida, o‘zi eshitmaydigan darajada o‘qisa, tilovat sajdasini qilishi vojib bo‘lmaydi. “Sharhul viqoya” va uning sharhi “Umdatur rivoya” kitobida quyidagilar aytilgan:
“Maxfiylikning eng kami o‘ziga eshittirishdir. Sahih gap ham shu. Bu Abu Ja’far Hinduvoniy roziyallohu anhuning so‘zidir. Chunki tilning o‘zini ovoz chiqarmasdan qimirlatish bu kishining nazdida qiroat hisoblanmaydi”.
Gapira olmaydigan odamlar, agar tilini qimirlata olsa, shunday o‘qiydi. Buni ham qila olmasa, ko‘zning o‘zi bilan, qalbi bilan o‘qiydi. Faqihlarimiz soqov insonning namozi, takbir aytishi, qiroat qilishini bayon qila turib, ularning til bilan takbiri tahrima aytishi shart emas deyishgan. Shunga ko‘ra gapira olmaydigan kimsalar Qur’oni karimni ko‘zi bilan o‘qib, xatm qilaveradilar.
“Soqov kabi gapira olmaydigan odamning tilini qimirlatishi vojib emas. Qiroat qilishidagi hukm ham mana shu va bu gap sahihdir. Chunki u vojib bo‘lgan amalni qila olmaydi”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
دثنا العباس الدوري نا يعقوب بن إبراهيم بن سعد نا أبي عن صالح عن ابن شهاب قال: حدثني عبد الحميد بن عبد الرحمن بن زيد أن محمد بن سعد بن أبي وقاص أخبره أن أباه سعد بن أبي وقاص أخبره قال: استأذن عمر على رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم وعنده نساء من قريش يكلمنه ويستكثرنه عالية أصواتهن على صوته فلما استأذن قمن يبتدرن الحجاب فأذن له رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم ورسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم يضحك فقال عمر: أضحك الله سنك يا رسول الله قال رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم: ”عجبت من هؤلاء اللاتي كن عندي ثم سمعن صوتك ابتدرن الحجاب“ قال: قلت: يا رسول الله كنت أحق أن يهبن ثم قال عمر: أي عدوات أنفسهن تهيبنني ولا تهبن رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم قلن: نعم أنت أغلظ وأفظ من رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم قال رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم: ”والذي نفسي بيده ما لقيك الشيطان قط سالكا فجا إلا سلك فجا غير فجك“.
Sa’d ibn Abu Vaqqos aytadi: “Umar Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamning huzurlariga izn so‘radi. Huzurlarida qurayshlik ayollar bo‘lib, u zotga ovozlarini ko‘tarib gapirayotgan va u zotdan ko‘p narsa talab qilayotgan edi. Umar izn so‘ragach, ular shoshilib to‘sinishga tushishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam unga izn berar ekanlar, kuldilar. Umar: “Alloh sizni kuldiraversin, yo Allohning Rasuli!” dedi.
U zot: “Huzurimdagi manavilardan ajablandim, ovozingni eshitiboq to‘sinishga shoshib qolishdi”, dedilar.
Umar: “Yo Allohning Rasuli, hayiqishiga siz haqliroq edingiz-ku”, dedi. So‘ngra: “Ey o‘z joniga dushmanlar! Mendan hayiqasizlar-u, Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamdan hayiqmaysizlarmi?” dedi.
Ular: “Ha. Sen Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamga qaraganda qo‘pol va dag‘alsan-da”, deyishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam: “Jonim “qo‘li”da bo‘lgan Zotga qasamki, shayton biror yo‘lda ketayotib, qachonki senga yo‘liqsa, sening yo‘lingdan boshqa yo‘lda yuradi”, dedilar.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi