Sayt test holatida ishlamoqda!
16 May, 2025   |   18 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:28
Quyosh
05:04
Peshin
12:24
Asr
17:25
Shom
19:39
Xufton
21:08
Bismillah
16 May, 2025, 18 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

TAOMLANISH  SIRLARI (2-qism)

04.02.2025   14423   12 min.
TAOMLANISH  SIRLARI (2-qism)

TAOMLANISH  SIRLARI (7 qismdan iborat)ni

 ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

(2-qism)

ULUG‘LARDAN   HIKMATLAR:

  •    Ota-onasidan chiroyli tarbiya ko‘rgan insonlar non qo‘ldan yerga tushib ketsa, darhol uni olib, uch marta o‘pib, peshonalariga suradilar. Non ushog‘i dasturxonga tushganda, ulug‘ ustozlar barmoqni ho‘llab, ushoq ustiga bosib olib, og‘izga solishni o‘rgatishgan.
     
  •    Ulug‘ mutafakkir, falakiyot olimi, odil ma’rifatparvar, sulton Mirzo Ulug‘bek mulozimlari bilan ketayotganida, yo‘l yoqasida yotgan bir burda nonni ko‘rib qoladi-da, darrov otdan tushib, uni qo‘yniga soladi. Mulozim­lardan biri: “Hazratim, nega bizga buyurmay, otdan tushdingiz?” deb so‘raganida: “Nonni birinchi bo‘lib men ko‘rdim, shunday ekan, uni yerdan olishni boshqa birovga buyurish nonga nisbatan hurmatsizligim bo‘lar edi. Nonning ulug‘ligi oldida mening podshohligim nima bo‘libdi?!” deb javob qaytargan ekan.
     
  •    “Navodirul usul” kitobida keltirilgan hadisi sharifda Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Nonni hurmat qilinglar! Chunki Alloh taolo uni osmon barakotidan nozil qildi, yer barakotidan chiqardi”, – deb marhamat qilganlar. Hadisi sharifning sharhlarida: “Nonni bosmaslik, tashlamaslik uning ikromidan hisoblanadi. Agar uni uloqtirsa, nopok joylarga tashlasa, ne’matlarni inkor qilib, o‘ziga jafo qilganlardan bo‘ladi. Rizqning kengligi – din uchun katta quvvatdir. Agar ne’matga jafo qilsa, katta ne’matlar nafratga aylanadi. Ne’mat ketgandan so‘ng qaytmaydi. Zero ular jafo bilan muhrlangandir”– deyilgan.
     
  •    Asarlarda keltirilishicha, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning avlodlaridan bo‘lgan Hasan ibn Ali tahorat olish maqsadida bir manzilga kirgan paytlarida nopok joyda yotgan non bo‘lagiga ko‘zlari tushdi. Darhol uni oldilar-da, tozalab yuvdilar. So‘ngra yonidagi xizmatchilariga uzatib, “tahorat qilib bo‘lganimdan so‘ng berasiz”, – dedilar. Tahoratni tugatganlaridan keyin xizmatkorlaridan non bo‘lagini so‘radilar. U esa: “Men uni yeb qo‘ydim...” – dedi. “Unday bo‘lsa, sizni ozod qildim”, – dedilar Hasan ibn Ali. Xizmatkor ajablanib, ozod qilinishi sababini so‘radi. Javobiga Hasan ibn Ali: «Fotima onamiz rivoyat qiladilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: Kim nopok yerda yotgan bir bo‘lak nonni olib, tozalab yesa, non hazm bo‘lib ulgurmasdan oldin gunohlari kechiriladi”, degan edilar”, deb aytgandilar. Shunday ekan, men gunohlari kechirilgan, jannat ahli bo‘lgan kishini xizmat qildira olmayman...» – dedilar (Imom Abu Ya’lo rivoyatlari).
     
  •    “Kimki dasturxondan  to‘kilgan non ushog‘ini terib yesa, hayoti farovon bo‘ladi va farzand, nabiralari hech ham tanglik ko‘rmaydi”.
     
  •    Ulug‘ alloma, muhaddis va mufassirlar Imom Ibn Asokir va Imom Suyutiy rahmatullohi alayh rivoyat qilishlaricha, Hadiyya ibn Xolid o‘z boshidan kechirgan voqeani hikoya qiladi: «Bir kuni men Amirul mo‘minin Ma’munning majlislaridan birida hozir bo‘lgan edim. U joyda mehmonlarga dasturxon yozildi.


Ziyofat tugaganidan so‘ng dasturxon yig‘ib olindi.

Ayni shu paytda mening ko‘zim yerda yotgan non ushoqlariga tushdi va uni tera boshladim.


Shunda Ma’mun menga qarata: “To‘ymadingizmi?” – deb savol qildi.


Men: “To‘ydim, lekin dasturxondan to‘kilgan non burdasini ko‘rib, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisi sharif ko‘nglimdan o‘tdi. Hammod ibn Salama Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim dasturxon ostidagi tushgan nonlarni yesa, faqirlikdan omonda bo‘ladi” degan ekanlar”, – dedim.


Shunda mening hadisi sharifga bo‘lgan e’tiborim yoki odob axloqqa amal qilganimdan xursand bo‘lib, Ma’mun menga 1000 dinor sovg‘a qildi.
 

  •     Hazrat Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu: “Bir necha kunga yetishi mumkin bo‘lgan ozuqani bir kunda sarflagan oila ahlidan nafratlanaman”, – deganlar.
  •     Asarlarda keltirilishicha, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning avlodlaridan bo‘lgan Hasan ibn Ali tahorat olish maqsadida bir manzilga kirgan paytlarida nopok joyda yotgan non bo‘lagiga ko‘zlari tushdi. Darhol uni oldilar-da, tozalab yuvdilar. So‘ngra yonidagi xizmatchilariga uzatib, “tahorat qilib bo‘lganimdan so‘ng berasiz”, – dedilar. Tahoratni tugatganlaridan keyin xizmatkorlaridan non bo‘lagini so‘radilar. U esa: “Men uni yeb qo‘ydim...” – dedi. “Unday bo‘lsa, sizni ozod qildim”, – dedilar Hasan ibn Ali. Xizmatkor ajablanib, ozod qilinishi sababini so‘radi. Javobiga Hasan ibn Ali: «Fotima onamiz rivoyat qiladilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: Kim nopok yerda yotgan bir bo‘lak nonni olib, tozalab yesa, non hazm bo‘lib ulgurmasdan oldin gunohlari kechiriladi”, degan edilar”, deb aytgandilar. Shunday ekan, men gunohlari kechirilgan, jannat ahli bo‘lgan kishini xizmat qildira olmayman...» – dedilar (Imom Abu Ya’lo rivoyatlari).
     
  •    Mo‘min kishidan ortib qolgan taom – ikkinchi bir mo‘min uchun aniq shifodir. Chunki undan ortib kolgan taomda xayr, baraka va dardlarga shifo va davo bordir”.
  •     Agar kerakli-keraksiz narsalarga pala-partish pul sarflanaversa, isrof va xarajat eshigi kattalashib ketadi.
  •     Isrof bor yerda hech qachon baraka bo‘lmaydi.
  •     Barcha dinlarda yaxshi odob-axloqli bo‘lish – savob, unga teskari ishlar esa – gunoh hisoblanadi. Binobarin, odob va tarbiya dinimizning mag‘zini tashkil etadi.
  •     Axloq-odobga doir manbalarda aytilishicha, jamiyat a’zolari dabdabalarga berilmasligi uchun ularga odobu tarbiya suv hamda havodek zarur, deyiladi. Dabdabaga berilish – odamni to‘g‘ri yo‘ldan ozdiradi.
  •  Aql-idrokli kishi barcha ishda o‘rtahollik, mo‘tadillik va me’yorni ma’qullaydi. Haddan oshish, isrof va riyo kabi illatlardan uzoq bo‘lishga harakat qiladi.
  •    Oisha onamiz raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Yegan taomingizni zikr va namoz o‘qish bilan eritinglar!.
  •    Halol boylik topish – katta bir toshni tog‘ tepasiga olib chiqish. O‘rinsiz sarflash esa – uni pastga osongina yumalatib yuborishga o‘xshaydi.
  •    Ma’naviy ozuqa inson aqli va ruhiyatini yuksaltirishda qanchalik muhim bo‘lsa, moddiy ehtiyojlarning me’yor va chegarasidan oshmaslik ham shunchalik ahamiyatlidir.
  •    Isrof illati ham oilada paydo bo‘ladi, buning oldini olish ham oiladan boshlanadi. Demak, oilaning rahbarlari – ota-onalar bu vazifada mas’ul sanaladi. Ular, avvalo, halol ishlab rizq topishda va uni o‘rni-o‘rniga, isrof qilmasdan ishlatishda bolalariga ibrat bo‘lishlari zarur.
  •  Farzandlaringizni odobli qilib tarbiyalang, ularni o‘z hollariga tashlab, hoyu-havaslarga berilib ketishlariga yo‘l qo‘ymang!
  •    “Og‘ziga kelganni demoq – nodonning ishi, oldiga qo‘yganni yemoq – hayvonning ishi”.
  •    Dovud payg‘ambarning o‘ttizta o‘g‘illari bo‘libdi...


Bir kuni peshin namoziga odamlar kechika boshlabdi. Dovud payg‘ambar orqalariga qarasalar, o‘ng tomonlarida o‘n beshta o‘g‘illari, chap tomonlarida o‘n beshta o‘g‘illari o‘tiribdi ekan.


Shunda sal maqtanchoqlikka bo‘y oldirib:

  • O‘zimiz ham bir jamoa ekanmiz-ku, elni kutmasdan namozimizni boshlayveramiz... Xudo xohlasa, o‘ttiz o‘g‘lim bor, haq dinni butun elga o‘zim yetkazaman, degan o‘y kelib, namozni boshlab ketibdilar.

    
...Xudoga Dovud payg‘ambarning bu ishlari yoqmadi. Dovud payg‘ambar namoz vaqtida “Assalomu alaykum varahmatulloh!” deb, o‘ng tomonga salom berganlarida o‘n beshta o‘g‘illari jon topshirdi. Chap tomonga salom berganlarida, qolgan o‘n beshta o‘g‘illari bandalikni bajo keltirdi.

Xatosini uqqan Dovud payg‘ambar alayhissalom ko‘z yoshlarini daryo qilib, Yaratgandan kechirim so‘radilar...

Rahmi cheksiz Alloh taolo:

  • O‘ttizta o‘g‘lingizni qaytarib beraymi yo o‘ttizini o‘rnini bosadigan bitta o‘g‘il beraymi? – deb so‘radi.
  • Sening amring ikki bo‘lmaydi... O‘ttiz o‘g‘limning jonlari jannatda bo‘lsin... Menga ularning o‘rnini bosadigan bitta o‘g‘il bersang bas...
  • Aytganingiz bo‘lsin! Lekin bolaning umri qisqa bo‘ladi. Men unga faqat to‘qqiz yil umr beraman.
  • Mayli, shunisiga ham shukr! – deb, Dovud payg‘ambar kelasi yil o‘g‘il ko‘radilar.

 

U bolaning ismi Sulaymon edi. Sulaymon ish buyurishga yarab qolgan paytida Dovud payg‘ambar uning qo‘liga qumg‘on (obdasta), yelkasiga sochiq osib:

  • O‘g‘lim, sen endi bizning uyga kelgan mehmonlarning yosh-mi, qari-mi hammasining qo‘liga suv quyib turgin! Suvni uch marta uzib-uzib quyasan. To‘rtinchi marta, agar mehmon so‘rasa, quyasan.
  • Ota, nega uzib quyishim kerak?
  • Sababi – o‘likni yuvishganda suvni uzmay quyadi. Sen axir suvni tirik odamlarga quyasan-da, o‘g‘lim... Ikkisini farqi bor – dedilar.

 

Dovud payg‘ambarga kelgan yosh-qarining hammasi, suv quyib turgan Sulaymonga “Yuzga kir, bolam!”,  “Qo‘ling dard ko‘rmasin!”, “Katta olim bo‘lgin!”, “Podsho bo‘lgin!”, “Ulug‘ inson bo‘lgin!”, “Umring uzoq, rizqing butun bo‘lsin!”, deb rahmatlar aytardi.

 

Bir kuni Sulaymon to‘qqiz yoshga to‘ldi.

U paytlarda bolasi to‘qqizga to‘lgach, uni bir qizga unashtirib qo‘yish lozim edi. ...Lekin Allohning “bolaga faqat to‘qqiz yil umr beraman” degani Dovud alayhissalomning eslarida edi.

Bir kuni Dovud payg‘ambar saharda Allohni zikr qilib o‘tirar edilar... Sulaymonning yoshi to‘qqizdan oshdi. U endi jon taslim qilishi kerak edi. Buning tirik qolganining sababini so‘radi va agar jonini olmaydigan bo‘lsa, bolani unashtirish lozimligini aytdi...


Shunda Xaq Taolo:

  • Mening ismlarimdan biri – Rahimdur! Minglab odamlar sizning bolangizga uzoq umr tiladi. Men shuncha xalqning duosini qaytara olmayman... Sulaymon uzoq umr ko‘radi, U barcha yerdagi maxluqlarni, osmondagi qushlarning va barcha dengizdagi baliqlarning tilini biladigan bo‘ladi. Barcha odamlar va jinlarga hukmronlik qiladi, – deb javob berdi.


Ana shundan boshlab yosh bolalar qariyalarning duosini olsin, deb, to‘y-marosimlarda ularga suv quydirib qo‘yadigan betakror va beqiyos go‘zal urf-odat paydo bo‘libdi...

  •    Kimki dasturxondan to‘kilgan non ushog‘ini terib yesa, hayoti farovon bo‘ladi va farzand, nabiralari hech ham tanglik ko‘rmaydi.
  •    Nonni hurmat qilinglar! Alloh taolo uni osmon barakotidan nozil qildi, yer barakotini uning uchun bo‘ysundirib qo‘ydi”.
  •    Oila a’zolariga ovqatlanish odoblarini aytib turish, dasturxon atrofida o‘zaro yaxshi muloqotda bo‘lish, o‘rni bilan yoshlarning kamchiliklarini bildirib qo‘yish – kattalarning burchidir. Xususan, non va oziq-ovqatlarni iste’mol qilish tartiblarini, non va non mahsulotlarini isrof qilmaslikni o‘rgatish va talab etishdan hech bir ota-ona charchamasligi darkor.

               (2 – qism tugadi. Davomi bor...).

Ibrohimjon domla Inomov 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Taloqqa qachon ruxsat etiladi?

14.05.2025   2315   4 min.
Taloqqa qachon ruxsat etiladi?

Islom shariati taloqni zarurat holatlarida qo‘llaniladigan oxirgi chora sifatida belgilab, uning noto‘g‘ri qo‘llanilishidan ehtiyot bo‘lishni ta’kidlaydi. Asossiz taloq qilish nafaqat oilaviy hayotga, balki jamiyatga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Islomda taloq muhim masala bo‘lib, uni shoshqaloqlik bilan emas, balki o‘ylab amalga oshirish tavsiya etiladi. Qur’onda Alloh subhanahu va taolo bunday marhamat qiladi: Agar ular orasida nizolashishdan qo‘rqsangiz, unda erning oilasidan bir hakam va ayolning oilasidan bir hakam tayinlang. Agar ular (hakamlar) yarashishni xohlasalar, Alloh ularning orasini totuv qiladi. Albatta, Alloh (hamma narsani) biluvchi va (hamma narsadan) xabardor Zotdir.

Mazkur oyatdan anglashiladiki, shariatimiz nizolarni hal qilish uchun qadam-baqadam choralar ko‘rishni talab qiladi va darhol taloqqa murojaat qilishdan qaytaradi.

Shu bilan birga shariatimizda taloq erkakning qo‘lida bo‘lganligining hikmati odatda er kishilar oqilona qarorlar qabul qiladilar. Shuning uchun taloq ishi er kishini qo‘liga topshirilgandir. Hidoya kitobida bu borada bunday deyiladi: Taloq erning qo‘lida bo‘lishi uning oqibatlarni ko‘proq tushunishi va hissiyotlardan uzoqroq bo‘lishi sababli afzalroqdir.

Asossiz taloq qilishning oilaviy va ijtimoiy zararlarini quyidagicha izohlash mumkin:

Oila barqarorligiga zarar bo‘lishi asossiz taloq qilish oilaviy barqarorlikni yo‘qotishga olib keladi. Bu haqida “Hidoya”da bunday deyiladi:

Nizo yuz berganida, taloq qilishga faqat dalillar tasdiqlangandan keyin ruxsat beriladi.

Taloq farzandlarning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bolalar uchun ota-onaning birligi hayotiy muhim omildir. "Muxtasar"da bunday ta’kidlanadi:

Ajralish farzandlar va jamiyat uchun jiddiy zarar keltiradi”.

Ota-onalarning ajralishi jamiyatda yangi muammolarni keltirib chiqaradi. Asossiz taloq orqali bolalarning tarbiyasi buzilishi va oilaviy qadriyatlarning yo‘qotilishi kuzatiladi.

Taloqning iqtisodiy zararlari shuki, ajralish oilaning iqtisodiy barqarorligiga putur yetkazadi. “Inoya”da bu haqda bunday deyiladi: Taloq oilaning moliyaviy barqarorligini yo‘qotadi.

Ajrimda ayollarning obro‘siga zarar yetishi turgan gap. Chunki ajralish ko‘pincha jamiyatda noto‘g‘ri tushuniladi. “Hidoya”da bu borada bunday deyiladi: Ayolni taloq qilish uni odamlar orasida gap-so‘zlarga duchor qiladi.

Ajrimlarning bolalar tarbiyasiga ta’siri shuki, bolalar kerakli tarbiyadan mahrum bo‘lishi mumkin. “Muxtasar”da bunday deyiladi: Taloqning salbiy ta’siri bolalar tarbiyasida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Demak taloqni amalga oshirishdan oldin vaziyatni to‘liq baholash va maslahatlashish zarur ishlardan hisoblanar ekan. “Inoya”da bu borada bunday deyiladi: Er taloq qarorini qabul qilishdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘rishi lozim.

Shu bilan birga shariatimiz nizolarni hal qilishda bosqichma-bosqich yondashuvni tavsiya etadi: nasihat qilish, vaqtinchalik alohida yashash va hakamlar tayinlash. “Inoyada bu haqda bunday deyiladi: Taloq faqat yarashish imkonsiz bo‘lgandagina ruxsat etiladi.

Qolaversa taloqni faqat zarurat holatida amalga oshirish kerak. Taloq faqatgina muhim sabablar mavjud bo‘lgandagina qo‘llanilishi kerak. Shariat ko‘rsatmalariga amal qilish orqali oilani saqlab qolish mumkin. Hamda oilaviy maslahatchilar yordamidan foydalanish ham zarurdir. Nizolarni hal qilish uchun maslahatchilarga murojaat qilish shariatda ma’qullangan amaldir.

Asossiz taloq qilish nafaqat oilaviy hayotga, balki jamiyatga ham salbiy ta’sir qiladi. Islom shariati taloqni zarurat holatida va faqat mas’uliyat bilan qo‘llashni ta’kidlaydi. Bu borada shariatning ko‘rsatmalariga amal qilish oilalarni saqlab qolishda va jamiyatdagi barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.


Shamsiddin BURHONIDDINOV,
Toshkent Islom instituti 4 kurs talabasi.