Ustoz xattaxtaga 1 raqamini yozdi va o‘quvchilarga qarab: “Bu sizning insoniyligingiz”, dedi. So‘ng 1 raqami yoniga 0 raqamini yozib: “Bu sizning boyligingiz” dedi. Yana bir 0 yozar ekan: “Bu sizlarning martabangiz”, dedi.
Ustoz shu zayl raqamni yiriklashtirib borarkan, inson hayotda erishishi mumkin bo‘lgan yutuqlarni sanardi. Keyin esa... Boshlanishdagi 1 raqamini o‘chirib tashladi. Xattaxtada hech bir qiymatga ega bo‘lmagan nollar qoldi. Shunda ustoz shogirdlariga: “Agar sizda insoniylik bo‘lmas ekan, qolgan yutuqlarning bari hech bir qiymatga ega bo‘lmaydi”, dedi.
Qissadan hissa shuki, hayotning o‘zi bir darsxona. Birini ko‘rib fikr qil, birini ko‘rib shukr qil, degan naql bejiz aytilmagan. Alloh bizga bergan umrni O‘zi rozi bo‘ladigan, boshqalarga naf keltiradigan, dunyo va oxiratda foydali bo‘lgan ishlarga sarflaylik.
Akbarshoh Rasulov
Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.
Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:
«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».
Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati