O‘zbekiston musulmonlari idorasi Huquqshunoslik bo‘limi tomonidan 2025 yil 5 fevral kuni “Zoom” platformasi orqali adliya organlariga diniy tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan hisobotlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti, viloyatlar va Toshkent shahar vakilliklarining yuriskonsultlari ishtirok etdi.
Unda jumladan, diniy tashkilotlar faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyatini barcha mas’ul xodimlarga yetkazish orqali ularning huquqiy savodxonligini muntazam ravishda oshirib borish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati ijrochilarga to‘liq yetkazish, mehnat qonunchiligiga oid hujjatlarni to‘g‘ri yuritish, mas’ul xodimlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirib borish, diniy soha xodimlarini qonunchilikdagi o‘zgarishlar to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilish, buyruqlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish, hujjatlar almashinuvini to‘la tizimlashtirish, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi tashkilotlarga o‘z vaqtida hisobot taqdim etish kabi muhim tushuntirish va eslatmalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Vafot etganingizdan keyin nimalar bo‘lishini tasavvur qilasizmi? Bir necha soat o‘tib, siz uchun yig‘layotgan odamlarning yig‘isi to‘xtaydi. Yaqin qarindoshlaringiz ham hayot tashvishlariga ovunadi.
Ko‘p o‘tmay, rahbaringiz o‘rningizga boshqa xodim topadi. Yaqinlaringiz, farzandlaringiz ishga, tirikchilik tashvishiga tushib ketadi.
Bir oy o‘tgandan so‘ng turmush o‘rtog‘ingiz ham sizni kamroq eslay boshlaydi. Ha, odam o‘zi o‘ylaganidan ko‘ra tezroq unutiladi.
Modomiki, odamlar sizni shunchalar tez esdan chiqarar ekan, bu o‘lchovli umringizni kim yoki nima uchun sarflamoqdasiz? Bir umr “Odamlar nima derkin?” deb yashab o‘tmayapsizmi? Yashashdan maqsadingiz nima o‘zi?
Bir lahza tin olib, shular haqda o‘ylab ko‘ring. Bu olamga keltirilish sababingiz haqida mulohaza yuriting. Yaqinlaringizni hayotlik chog‘ida qadrlangki, vaqti yetganda qadr topasiz. Alloh taolo O‘zi rozi bo‘ladigan hammamizga mazmunli hayot, xayrli oqibat nasib etsin!
Akbarshoh Rasulov