Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir kun avval uxlashga kech yotganim uchunmi, saharda vaqtli uyg‘onishim qiyin bo‘ldi. Masjidda jamoat bilan bomdod namozini ado etganimdan so‘ng, uyga qaytdim. Biroz mizg‘ib olay deb, boshimni yostiqqa qo‘yganimni bilaman, kimdir darvozamizni qattiq taqillatib qoldi. Tezda borib, eshikni ochdim. Qarasam: qo‘shnimiz. Ko‘zlari bejo. Sochlari hurpayib ketgan. Qo‘l-oyoqlari qaltirayotgani bilinib turibdi.
– Qo‘shni, – dedi u titragan ovozda. – Shaharni dushmanlar egallabdi. Hammasi qurollangan emish. Narigi mahalladagi xonadonlarning har biriga kirib, erkaklarni bir mashinaga, keksalar, ayol va bolalarni avtobusga bosib olib ketishayotganmish. Qarshilik qilganlarni joyida otib tashlashayotganmish...
– Subhanalloh. Nimalar deyapsiz? Qanaqa dushmanlar? Kim aytdi bu gaplarni sizga?
– Hozir ukam telefon qildi. Maktablarga, shifoxonalarga ham hujum qilishibdi. Shahar markazida harbiylar bilan dushmanlar o‘rtasida otishmalar bo‘layotganmish...
Shunday deya qo‘shnimiz nari ketib, uydagilariga «Bo‘laqolinglar, mashinaga o‘tiringlar, shahardan tezroq chiqib ketish kerak», deb baqira ketdi.
Nimalar bo‘layotganini tushunmay garang bo‘lib turganimda, qo‘shnim mashinasini yurgizib, ikki-uch marta signal berdi.
Shu payt uyg‘onib ketdim... Xayriyat, tush ko‘rayotgan ekanman. Astag‘firulloh. Bunaqa holatlardan o‘zing asragin, ey Allohim. Turib, tahorat qildim. Ikki rak’at namoz o‘qib, Yaratganga hamdu sanolar, shukronalar aytgan holda U Zotdan yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo saqlashini so‘rab duo qildim. To‘g‘ri, bu bir tush, lekin xuddi shu holat hozir dunyoning qaysidir burchagida haqiqatda sodir bo‘lmayaptimi?! Tan olish lozim: ko‘pchiligimiz bugun mamlakatimizda hukm surib turgan xotirjamlikning qadriga yetmayapmiz.
Alloh taolo tomonidan insonga berilgan ne’matlarning son-sanog‘i yo‘q. Shunday ne’matlardan biri xotirjamlikdir. Xotirjamlik – o‘zbek tilining izohli lug‘atida «ruhan tinch bo‘lish», «bamaylixotirlik», «osoyishtalik» ma’nolarini bildirishi aytilgan. Istilohda inson uchun unga biron kimsa yoki biror narsa halaqit qilmaydigan qilib berilgan tinch sharoitga xotirjamlik deyiladi. Xotirjamlikning aksi – bezovtalik, ko‘ngli g‘ashlik, betoqatlik, tashvishlanish. Zero, odatdagi oromi, tinchi buzilgan har qanday kishi hayajon va iztirobga tusha boshlaydi, halovati buziladi.
Hadisda: «Munofiqning alomati uchta: gapirsa, yolg‘on gapiradi, va’dasiga vafo qilmaydi, agar unga omonat topshirilsa, xiyonat qiladi», deyilgan (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Afsuski, ko‘pchiligimiz, bilib-bilmay ba’zida bizga berilgan bu omonatga xiyonat qilib qo‘ymoqdamiz. Alloh tomonidan bizga berilgan tinchlik, xotirjamlik ne’matining qadriga yetmayapmiz. Yer yuzining ba’zi nuqtalarida ro‘y berayotgan mash’um voqealardan to‘g‘ri xulosa chiqarmayapmiz...
Darhaqiqat, bugun jahonning ayrim davlatlaridagi ahvol achinarli ko‘rinish olmoqda. Odamlar ko‘chaga chiqishdan qo‘rqadi. Bolalar tahlikali holatda yashamoqda. Otilgan o‘qlar, portlashlar shovqinidan cho‘chib uyg‘onmoqda. Ta’lim olish, hordiq chiqarish, to‘yib yeb-ichish – ular uchun orzu.
Alhamdulillah, yurtimizda tinchlik hukmron. Ko‘chada xotirjam yurishimiz, ishlab, halol rizq topishimiz, farzandlarimizni qo‘rqmay, bemalol maktabga, bog‘chaga jo‘natishimiz – katta ne’mat.
Bolaligimizda nuroniy otaxonlarimiz, yoshi ulug‘ onaxonlarimiz «Tinchlik-xotirjamlik bo‘lsin, yurtimizni yomon ko‘zdan asrasin, barchamizni salomat qilcin, xonadonlarimizdan osoyishtalik arimasin, ilohim» deb duo qilsalar, ushbu so‘zlar ma’nosini yaxshi anglamas edik. Keyinchalik bu kalomlar naqadar qimmatli ekanini tushunib yetdik.
Urush bu – vahshiylik, bosqinchilik, vayronagarchilik, qon to‘kilishi. Urush bu – ochlik, judolik, tanazzul, inqiroz. Uning oqibatlarini aytib ado etib bo‘lmaydi. Shunday ekan, osmonimizni musaffo qilib turgan Alloh taologa shukr qilaylik. Qur’oni Karimda marhamat qilinadi:
«Sizlarga yer yuzida qudrat va imkoniyatlar berdik va unda sizlar uchun yashash vositalari qildik. Qanchalar oz shukr qilasizlar-a?!» (A’rof surasi, 10-oyat).
G‘oyat qisqa iboralardan tashkil topgan ushbu oyati karima cheksiz haqiqatni, voqelikni mujassam qilgandir. Yer yuzida insonga yashash muhitini yaratib berish oson ish emas. Bu imkonni yaratish uchun qanchadan-qancha bir-biriga bog‘liq ishlar amalga oshirilgan. Avvalo, olam inson hayotiga moslangan, keyin inson bu dunyoda yashashga moslashtirilgan. Bu ikki taraflama moslashishning vujudga kelishiga sababchi ishlar haqida olimlar qanchadan-qancha kitoblar yozganlar va yozmoqdalar ham. Inson aqlini ishlatib, dunyoda uning uchun yaratilgan yashash muhitlaridan aqalli bir yoki ikkitasini o‘ylab ko‘rsa, tushunib yetadiki, Allohga har qancha shukr qilsa ham oz ekan.
O‘tgan asrning 70-yillarida Shveysariya statistika markazi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, insoniyatning 5000 yillik tarixi davomida Yer kurrasida atigi 292 yil urushsiz o‘tgan ekan. 15 500 dan ortiq urush, jangu jadallarda 3 milliard 640 million kishi hayotdan ko‘z yumgan (Lixtenshteyn Ye., «Fan haqida so‘z» (Slovo o nauke), M.: «Znaniye», 1976 y., 117-bet).
Shu o‘rinda bu urushlarning aksariyati turli xildagi fitnayu fasodlar, ig‘voyu gijgijlashlar (provokatsiyalar) oqibatida yuzaga kelishini aytib o‘tish lozim. Shunday ekan, har birimiz o‘zimizni, farzandlarimizni, yaqinlarimizni – fitna urug‘ini sochuvchilarning, yo‘q joydan janjal-nizo ko‘taruvchilarning domiga tushib qolishdan, ularning hiyla-nayranglariga uchishdan saqlashimiz darkor.
Alloh barchamizni urush, tuhmat, ofat kabi balo-qazolardan saqlasin. Dorilomon kunlarimiz bardavom bo‘lsin!
Shuhrat Xo‘jayev
Imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘chma seminar bugun respublikamizning Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida tashkil etildi. Qorao‘zak tumanidagi markaziy "Idris eshon" jome masjidida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin Razov boshchiligida soha xodimlari, mahalla raislari va ziyoratchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, sayyor tadbirda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami tushuntirildi.
Ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarining 5 ta masjidi va 19 ta mahallasiga biriktirildi. Ular o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan 101 ta muammoli xonadonga kirib, o‘sha yerda yashayotganlarning holidan xabar oldi, yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi va suhbatlashdi. Ularning muammolari o‘rganilib, fikr-mulohazalari tinglandi. Imom-xatiblar 10 ta toifaga mansub 101 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, masjidlar atrofida obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borish, ish yuritish, jamoani boshqarish jihatlari ham o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan qavmga, "Tinchlik baxti. Shukronalik. Ilm olish fazilati. Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish. Missionerlik harakatlarining salbiy oqibatlari" kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlari imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy, masjid boshqaruvidagi ishlariga ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Tashrif davomida qoziyot qozisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak tumanidagi "Idris eshon" masjidining yangidan qurilayotgan binosining qurilish ishlari bilan tanishdi.
B.ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi