Cavol: Tilla yoki naqd pulim yo‘q. Ammo 600 gramm kumushim bor. Shu kumushdan zakot beramanmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Kumushning nisobi ikki yuz dirham, ya’ni 595 grammga teng. Kimda shu va shundan ko‘p miqdordagi kumushi bo‘lib, bir yil o‘tgan bo‘lsa, qirqdan birini zakot sifatida beradi. Tilla va kumushda qiymat emas, vazn hisobga olinadi. Shu sababli kumushning narxi zakot nisobiga yetmasligi mumkin, ammo vazn jihatdan yetgani uchun zakot beriladi. Zakot berishda, kumushning o‘zidan yoki qiymatidan bersa ham bo‘ladi (“Bado’ius-sanoi’” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Otam menga o‘rgatgan uchta ishni hech qachon unutmayman. Sizlarga ham ular haqida aytib bergim keldi.
Birinchisi, otam mening qo‘limdan tutib, yozishni o‘rgatardi. Men o‘qish va yozishni otamdan o‘rgandim. Hayotim mobaynida nimaiki yaxshi narsa o‘qisam, yozsam, uning savobidan otamga ham nasiba borib turadi, inshoalloh.
Ikkinchisi, otam tirnoqlarimni olib qo‘yar, menga bu ishning ahamiyati, tirnoq ostidagi mikroblarning zarari, xususan, ovqat paytidagi ziyoni haqida gapirib berardi. Biroz kattaroq bo‘lganimda tirnog‘imni o‘zim olishimni o‘rgatdi. Har tirnoq olganimda shularni eslab, haqiga duo qilib qo‘yaman.
Uchinchisi, otam nonushta qilmay uydan chiqishimga yo‘l qo‘ymasdi. Sog‘lom bo‘lishda ertalabki nonushtaning ahamiyatini keyin bilib oldim. Har nonushta qilganimda ham otamning haqqiga duo qilaman.
Ma’ruzalarimdan birida yig‘ilganlardan: «Farzandlaringizga har kuni qo‘llaydigan uchta ajoyib odatingiz bormi?» deb so‘radim. Bir ota dedi: «Ishga ketishimdan oldin ularni o‘pib qo‘yaman, asr namozini o‘qib bo‘lgach, ularing har biri uchun duo qilaman, uyquga yotishlaridan oldin ularni bag‘rimga bosaman».
Siz ham o‘zingizdan so‘rab ko‘ring-chi, otangiz yoki onangiz siz uchun bajaradigan uchta eng yaxshi ishni eslay olasizmi? Yoki o‘zingiz bolangizga uchta yaxshi odatni o‘rgatyapsizmi?..
Abdulloh Muhammad Abdulmu’tiyning
"FARZAND TARBIYASIDA 700 SABOQ" kitobidan