Mir Arab oliy madrasasida Buxoro davlat universiteti bilan hamkorlikda alloma ajdodlarimizdan bo‘lgan Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Boburning ijodini o‘rganishga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda Oliy madrasaning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Mustafo Xodjayev, Bahouddin Naqshband jome masjidi imom xatibi Abdug‘ofur Razzoqov, Buxoro davlat universiteti O‘zbek adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi Azimjon Hamidov, ustoz va talabalar ishtirok etdi.
Abdug‘ofur Razzoqov Mir Alisher Navoiy hayoti va ijodi, qoldirgan ilmiy merosi, asarlaridagi yaxshilik, go‘zallikka targ‘ib masalalari, buyuk mutafakkirning nafaqat turkiy, balki, forsiy tilda qilgan ijodining bugungi kundagi ahamiyati haqida so‘zladi.
Azimjon Hamidov esa shoir, adib, olim, sarkarda, yirik davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning hayot yo‘li, asarlari, Vatan sog‘inchi tarannum etilgan asarlariga to‘xtaldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 6 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Hasan Safarxoniyni qabul qildi.
Samimiy muloqot chog‘ida Homidjon domla Ishmatbekov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Ikki xalqni yagona din va mushtarak qadriyatlar birlashtirib kelayotgani, so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.
Uchrashuvda ilmiy-ma’rifiy va madaniy yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish ikki tomon uchun ham samarali bo‘lishi alohida ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Hasan Safarxoniy O‘zbekistondagi barqaror taraqqiyotni yuqori baholab, mamlakatning musulmon olamidagi nufuzi ortib borayotganini e’tirof etdi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada aloqalarni rivojlantirish, qo‘lyozmalarni qo‘shma tarzda tadqiq etish, Qur’oni karim ta’limi va tafsiri, haj va umra tadbirlarini tashkil etish hamda qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida mehmon samimiy qabul va esdalik sovg‘a uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati