Kishining ma’rifati yuksalgani sari undagi farosat nuri ham kuchayib boraveradi. Farosat – kishida tez va to‘g‘ri fahmlay olish qobiliyati, zakovat, diddir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Mo‘minning farosatidan qo‘rqinglar. Chunki u Allohning nuri ila qaraydi”, deya marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Ulamolarimiz ushbu hadisni sharhlab: “Mo‘minning farosatidan qo‘rqing” ya’ni ma’siyatlarning oshkorasidan ham, maxfiysidan ham saqlaninglar. Ehtimol, mo‘min kishi qilayotgan gunohlaringizni basirat ko‘zi ila ko‘rib turar, natijada uning oldida izza bo‘lasizlar. Chunki komil mo‘min sizlar yashirayotgan narsaga Alloh taolo ato etgan qalb ko‘zi bilan nazar soladi va haqiqatni his etadi”, deyishgan.
“Tuhfatul oliy” kitobida farosat uch xil – iymoniy, riyoziy va xalqiy bo‘lishi ta’kidlangan.
Iymoniy farosat – banda qalbiga Alloh taolo solgan nuridir. Ushbu farosat iymon quvvatiga ko‘ra turlicha bo‘lib, iymon qanchalik kuchli bo‘lsa, farosat ham shuncha o‘tkir bo‘ladi. Ulamolar bunga misol qilib, Usmon roziyallohu anhuning hayotida sodir bo‘lgan voqeani keltiradilar.
Bir kishi hazrat Usmon roziyallohu anhuning huzuriga kelayotib, yo‘lda bir nomahram ayolga qarab qo‘ydi. Hazrat Usmon:
– Biringiz ko‘zlaridagi gunoh asorati bilan kirib kelmoqda, – dedi. Haligi kishi hayrat-la:
– Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan keyin ham vahiy bormi?! – deya g‘alati ahvolga tushib qoldi. Usmon roziyallohu anhu:
– Yo‘q, lekin sodiq farosat bor, – dedilar.
Riyoziy farosat – to‘yib taom yemaslik, bedorlik va aqliy mashg‘ulotlar bilan ko‘p shug‘ullanish orqali hosil bo‘lib, narsalarning haqiqatini anglash to‘g‘risidagi ma’lum bir tushuncha yuzaga keladi. Ushbu farosat faqat mo‘min kishiga xos emas, balki mazkur riyozatlarni chekkan boshqa insonlarda ham bo‘lishi mumkin. Chunki bu farosat iymonga ham, valiylikka ham dalolat qilmaydi. Shuningdek, faqat xaqiqatni ham, to‘g‘ri yo‘lni ham ko‘rsatib bermaydi.
Xalqiy farosat – Alloh taoloning hikmati taqozo qilgan narsalardan xulosa chiqarish iste’dodi.
Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari shogirdlariga dars berib turganida majlisga bir yigit kirib keladi-da, iltifotsizlik bilan: “Mo‘minning farosatidan qo‘rqing. Chunki u Allohning nuri bilan qaraydi”, degan hadisning mazmunini so‘raydi. Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari unga: “Bu hadisning ma’nosi shuki, bo‘yningdagi xochni yechgaysan”, deydi. U xochi borligini inkor qildi. Shunda ustozning ishorasi bilan shogirdlar uning to‘nini yechishganda, xochi ko‘rinib qoladi va siri fosh bo‘ladi. U mazkur hadisning isbotini ko‘rgani bois iymonga kelib, Islomni qabul qiladi.
Imom Shofe’iy va Imom Muhammad ibn Hasan rahimahumalloh Masjidi Haramda o‘tirishsa, bir notanish kishi masjidga kirib keldi. Shunda Imom Muhammad uning yurishi va o‘zini tutishiga qarab: “Bu odam duradgor bo‘lsa kerak”, dedi. Imom Shofe’iy esa: “Menimcha, bu odam temirchi-yov”, dedi. Shunda o‘sha odamni o‘zidan so‘ralgan edi: “Men avval temirchi edim, ayni paytda duradgorlik qilmoqdaman”, deb javob beradi (“Risolatul Qushayriya”). Ya’ni, har ikki olim ham farosatlarining o‘tkirligidan notanish kishining kasbini aniq topa olishgan.
Shuningdek, ulug‘larning maqomi va ehtiromini o‘z o‘rniga qo‘ya olish ham kishining farosatidan sanaladi. Masalan, bir kishi Abbos ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhudan: “Siz kattamisiz yoki Rasulullohmi?” deb so‘radi. Shunda u zot: “U zot mendan kattalar, lekin men u zotdan avvalroq tug‘ilganman”, – deb javob bergan.
Kishi suhbatdoshiga malol kelmaydigan tarzda ta’lim berishi ham farosatdir. Masalan, bir kishi Abdulloh ibn Muborak rahimahullohning oldida aksa urdi va sunnatga muvofiq hamd aytmadi. Shunda Abdulloh ibn Muborak odob bilan o‘sha odamdan savol so‘rovchi talabadek: “Taqsir, kishi aksa urganda sunnatga ko‘ra nima deydi?” deb so‘radi. Haligi odam: “Alhamdulillah”, dedi. Shunda u zot: “Yarhamukalloh” deya javob qaytardi.
Farosatni ziyoda qilish uchun har ishda dinimizga amal qilish zarur. Ibn Shujo’ Kirmoniy rahimahulloh bunday deydi: “Kim zohirini sunnatga ergashish bilan, botinini Allohning muroqabasi (nazoratini yodda saqlashi) bilan obod qilsa, ko‘zini haromdan to‘ssa, nafsini ortiqcha istaklaridan tiysa, halol luqmaga odatlansa, farosati o‘tkirlashadi” (“Hilyatul avliyo”).
Bugungi kunda farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga, ularning yuksak farosat sohiblari bo‘lib kamol topishlariga har qachongidan ko‘ra ko‘proq e’tibor qaratishimiz darkor. Buning uchun, avvalo, o‘zimiz ham, farzandlarimiz ham kitob mutolaasiga odatlanishimiz, ilm-ma’rifat egallash harakatida bo‘lishimiz lozim. Zero, Imom Abu Homid G‘azzoliy: “Ilmning ko‘payishi, ma’rifatning kengayishi – tafakkur mevasidir”, degan.
G‘ulomiddin XOLBOYEV,
O‘zMI Fatvo markazi direktor o‘rinbosari
Samarqand viloyatidan 40 dan ortiq imom-xatib O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, uning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, tarixiy ekspozitsiyalari va ajdodlarimizdan qolgan boy merosni o‘rganish imkoniyatlari bilan tanishdi, xabar bermoqda iccu.uz.
«Uchinchi Renessans chorrahasi» mavzusi doirasida tashkil etilgan tashrif davomida mehmonlarga islom sivilizatsiyasining shakllanishi va taraqqiyoti, turli davrlarda ilm-fan, ta’lim, ma’rifat va madaniyat sohalarida erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berildi. Ekspozitsiyalar orqali ular tarixiy jarayonlar, noyob manbalar va buyuk allomalarning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi bilan yaqindan tanishdi.
Bulung‘ur tumanidagi Isori O‘rokli jome masjidi noib imomi Ilhomjon Mardiyev Markazda ko‘rganlari unda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi. Uning aytishicha, ekspozitsiyalar nafaqat ajdodlar merosini, balki mamlakatimizdagi bugungi o‘zgarishlarni ham chuqurroq anglash imkonini berdi.
«Bu yerga avvalroq kelmaganimga afsuslandim. Taassurotlarim juda katta. Ibtidoiy jamoa tuzumidan bugungi kungacha bo‘lgan tarixiy jarayonlar bilan tanishib, ko‘plab yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldim, desam xato bo‘lmaydi. Bobolarimiz tarixi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, ayniqsa, bugungi o‘zgarishlar haqidagi ekspozitsiyalar meni juda ta’sirlantirdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ishlarga alohida havas bilan qaradim.
Markazni ko‘rib, jamoatimizni ham bu yerga olib kelish niyati tug‘ildi. Xudo xohlasa, yaqin kunlarda masjidimiz jamoasi bilan kelib, ekspozitsiyalarni yana bir bor ko‘rishni rejalashtiryapman. Bu — qayta-qayta kelishga arziydigan majmua. Barchaga bu yerga tashrif buyurishni tavsiya qilaman.
Bugun mamlakatimizdagi taraqqiyot biz kutganimizdan ham jadal kechayotganini ko‘rish mumkin. Bu ishlarga hissa qo‘shayotgan barchaga, xususan, davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiraman», — dedi Ilhomjon Mardiyev.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy merosni keng jamoatchilikka yetkazish, ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy yutuqlarini o‘rganish va ularni bugungi avlod bilan bog‘lashga xizmat qilmoqda. Samarqandlik imom-xatibning o‘z jamoatini ham Markazga olib kelish niyati esa bunday tashriflarning ma’rifiy ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati