بِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
فَأَمَّا مَنْ أُوتِيَ كِتَابَهُ بِيَمِينِهِ فَيَقُولُ هَاؤُمُ اقْرَءُوا كِتَابِيَهْ. إِنِّي ظَنَنتُ أَنِّي مُلَاقٍ حِسَابِيَهْ. فَهُوَ فِي عِيشَةٍ رَّاضِيَةٍ. فِي جَنَّةٍ عَالِيَةٍ. قُطُوفُهَا دَانِيَةٌ. كُلُوا وَاشْرَبُوا هَنِيئًا بِمَا أَسْلَفْتُمْ فِي الْأَيَّامِ الْخَالِيَةِ
Yaqinda davlatimiz Rahbari raisligida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar hamda 2025 yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari nutq so‘zladi.
Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan kishilarga yordam ko‘rsatishning fazilati, ular haqiga xiyonat qilish og‘ir gunohligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilishi, xayru ehsonlar o‘z egalariga yetkazilayotgani, yaxshilik qilishning fayzu barakasi haqida to‘xtaldi.
Qur’oni karimda yutuqqa erishish va oxiratda najot topishning to‘rt asosiy sababi haqida so‘z boradi. Alloh taolo aytadi: “Ey iymon keltirganlar, ruku, sajda qilinglar va Rabbingizga ibodat qilinglar hamda yaxshilik qilinglar, shoyadki, najot topsangiz” (Haj surasi, 77-oyat).
“Yaxshilik qilinglar” buyrug‘i barcha yaxshilikni o‘z ichiga oladi. Alloh taolo boshqa bir oyatda aytadiki: “Ularning ko‘pgina maxfiy suhbatlarida yaxshilik yo‘q, magar kim sadaqaga, yaxshilikka va odamlar orasida islohga amr qilsagina, yaxshilik bor” (Niso surasi, 114-oyat).
Haqiqiy yutuq odamlarning holini o‘nglash kabi voqelikda ta’siri ko‘rinadigan yaxshi amallaridir. Talabaning muvaffaqiyati ilmiy yuksalishda, jamiyatga foydasi tegadigan mutaxassis bo‘lib yetishishda. Ustozning muvaffaqiyati talabalarga chiroyli ta’lim berishda. Shu kabi har qanday kasb egasining yutug‘i o‘z ishini puxta bilishi, unga yuklangan vazifani to‘la-to‘kis ado etishidadir.
Haqiqiy yutuq Haqning toatida bo‘lish, Uning buyrug‘iga amal qilish, qaytarig‘idan qaytish ila ro‘yobga chiqarkan!
Haqiqiy yutuq – qiyomat kunida kishining amallari yozilgan daftari o‘ng tomonidan berilishidir: «Bas, o‘z kitobi (nomai a’moli) o‘ng tomonidan berilgan kishi aytur: “Mana, mening kitobimni o‘qingiz! Darhaqiqat, men hisobotimga ro‘baro‘ bo‘lishimni bilar edim”. Bas, u qoniqarli maishatda, oliy jannatda, mevalari (uzib oluvchiga) yaqindir. (Jannat ahliga): “O‘tgan kunlarda (dunyoda) qilib o‘tgan (ezgu) amallaringiz sababli (ushbu noz-ne’matlarni) yoqimli ishtaha bilan yeb-ichaveringiz!” (deyilur)» (Haqqa surasi, 19–24-oyatlar).
Musulmon inson dini va oxirati xususida muvaffaqiyatga erishishi kerak degani dunyoviy muvaffaqiyatlarga erishishga harakat qilmasin, dunyoga butunlay qo‘l siltasin deganimas! Aksincha, musulmon kishining dunyoda muvaffaqiyat qozonish uchun harakat qilishi – Allohning yerdagi “xalifasi” maqomiga munosib ish! O‘tkinchi hayotda muvaffaqiyat qozonishga berilib ketib, oxirat tadorigidan chalg‘imasa, bas! Musulmonlar dinu dunyolarida, oxiratlarida yutsalar, naqadar soz bo‘ladi!
Abdulaziz ABDULLAYEV,
Qamashi tumanidagi “Chim” jome masjidi imom-xatibi
"Hidoyat" jurnali 2-sonidan
Bugun, Taxiatosh tumanida yashovchi fuqarolar holidan xabar olish, ular bilan ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish, muammolarini o‘rganish, ularga amaliy va moddiy yordam berish tadbiri tashkil etildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi o‘rinbosari Aybek Djulashiyev, tuman bosh imomi R.Omirzaqov, shahar va tuman bosh imomlari hamda mahalla raislari ishtirok etdi.
Tadbirda, insonlarga mehr va shodlik ulashib yashash har bir musulmonga xos fazilat ekani ta’kidlanib, bunday ezgu ishlar yanada keng yoyilib, keksalar, bemorlar, boquvchisini yo‘qotgan insonlar va ota-ona mehridan mahrum bo‘lganlarning holidan xabar olish ishlari yanada kuchaygani alohida qayd etildi.
Tadbir doirasida tumandagi 14 ta mahallada yashovchi 70 nafar o‘zgalar yordamiga, mehr va ko‘makka muhtoj, nogironligi bo‘lgan, tarbiyasi og‘ir va boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi va ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar o‘tkazildi.
Bunday e’tibordan xursand bo‘lgan fuqarolar duoga qo‘l ochib, bunday xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga o‘zlarining minnatdorchiligini bildirdi.
Tashrif davomida fuqarolarning muammolarini o‘rgandi, fikr-mulohazalarini tingladi. Shuningdek, mahallalardagi tarbiyasi og‘ir fuqarolar bilan profilaktik suhbatlar, tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borildi. Xalq bilan uchrashuvlarda tinchlik va totuvlikning muqaddas ne’mat ekani keng targ‘ib qilindi.
Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan qavmga muhim mavzularda ma’ruzalar o‘qidi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti