Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Iyul, 2025   |   7 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:10
Quyosh
04:54
Peshin
12:32
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
02 Iyul, 2025, 7 Muharram, 1447
Maqolalar

Alisher Navoiy va Rasululloh vasfi

09.02.2025   9409   1 min.
Alisher Navoiy va Rasululloh vasfi

Bugun buyuk mutafakkir, shoir va davlat arbobi Mir Alisher Navoiy tavallud topgan kun. 

U zotning ijodidan bir shingil: 

 Qaro ko‘zum, kelu, mardumlig‘ emdi fan qilg‘il,
Ko‘zum qarosida mardum kibi vatan qilg‘il.

 
Sharh: Hazrat qalblari mahbubiga murojaat etish uchun, avvalo, so‘z, ibora yoxud tashbeh izlaydilar. Inson tanasining eng zarur va aziz bo‘lgan a’zosi ko‘z ne’mati ekan, ulug‘ shoir sevimli mahbubning ko‘zlarini tasavvur etadilar. Islomiy manbalarni mukammal bilgan Hazrat Navoiy Rasuli akram sallollohu alayhi vasallamning ko‘zlari tim qora ekanligini ta’kid etaroq, bevosita iyhom san’ati bilan - ham sevimli Payg‘ambarimiz alayhissalomga xayolan murojaat etadilar, ham ul zoti bobarakotni o‘zlarining ko‘zlari o‘rnida tasavvur qilib, ulug‘laydilar.

Darhaqiqat, “Rasululloh alayhissalomning ko‘zlari qorasi tim qora edi”.

Mardumak – ko‘zning gavhari. Ma’lumki, ko‘z qabul qilgan tasvirlar ana shu mardumakda, gavharakda aks etib turadi. Fan – kasb, hunar ma’nosini anglatadi. Ulug‘ shoir Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga iltijo bilan: “Ey qaro ko‘zli Rasululloh, ko‘zlarimdek azizim, Sizni tushlarimda ko‘ray, ko‘zlarim mardumi ichida doimo siymongiz aks etib tursin, mening ko‘zlarim mardumi bo‘lishingiz bir hunardek takror-takror bo‘lsin. Vatan – tark etib bo‘lmaydigan maskan, Ko‘zim mardumini faqatgina Sizning aksingiz egallasin, yo Rasululloh, bu vatanga boshqa hech kim kirmasin”, demoqdalar.  

Filologiya fanlari doktori, professor Dilorom Salohiy

Boshqa maqolalar

Bundan ortiq yutuq bo‘lishi mumkinmi?

30.06.2025   3124   5 min.
Bundan ortiq yutuq bo‘lishi mumkinmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Sahobai kiromlar iymonu Islom, shariatu tariqat, axloqu odob va shunga o‘xshash barcha kerakli narsalarda har birlari biz uchun muqtado bo‘lgan ajoyib insonlar jamoasidir.

Ushbu mavzuga kirishdan avval «sahoba» va «fazl» so‘zlarining ma’nolarini yaxshilab o‘rganib olishimiz lozim.

«Sahoba» so‘zi «sahiba» o‘zagidan olingan bo‘lib, lug‘atda «suhbatdosh bo‘lmoq» va «sohib bo‘lmoq» degan ma’nolarni anglatadi.

Istilohda esa Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni musulmonlik hollarida ko‘rgan odamga sahoba deyiladi.

Musulmon odam Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ko‘rsa bo‘ldi, suhbatlashib o‘tirmasa ham sahoba bo‘laveradi.

Ulamolar bu masalada ko‘plab batafsil bayonotlar, turli fikr-mulohazalarni keltirganlar. Lekin mazkur tortishuvlarning barchasining natijasi yuqoridagi ta’rifga borib taqaladi.

«Fazl» so‘zi lug‘atda «ziyoda», «ortiqlik», «ustunlik» degan ma’nolarni anglatadi.

Shundan «Sahobalarning fazli» iborasining ma’nosini tushunib olish mumkin.

Payg‘ambar alayhissalom hazrati Jobir roziyallohu anhuga va «Bay’atir-Rizvon»da ishtirok etgan boshqa sahobiylarga qarata: «Sizlar yer yuzidagi eng yaxshi odamsizlar», deganlar.

Shunga binoan, har bir musulmon mazkur baxtiyor shaxslarni sevishi, hurmatlashi va e’zozlashi lozimdir.


Alloh taolo ularga «yaqin fath»ni mukofot qilib berdi. Hudaybiyadan so‘ng tezda butun dunyoni fath qilish boshlandi. Ikki oydan ko‘p vaqt o‘tmay, birinchi, eng muhim fathlardan biri – Xaybar fathi bo‘ldi. Undan keyin esa navbatdagi fathlar ketma-ket sodir bo‘laverdi.

Musulmonlar Islom jamiyatining asl mag‘zini, javharini tashkil etar edilar. Ular uch qismdan iborat bo‘lib, birinchi qism peshqadam muhojirlar edi.


«Birinchi peshqadam muhojirlar».

Ular Makkai Mukarramada hech kim iymonga kelmagan paytda iymonga kelgan, kofirlarning ozorlariga chidagan, ularning zulmlariga bardosh bergan ulkan sahobiylardir.

Ulamolar: «Ushbu oyatda «oliy maqom egalari» deb sifatlanayotgan muhojirlar Badr urushiga qadar Makkai Mukarramadan Madinai Munavvaraga hijrat qilgan sahobalardir», deydilar. Chunki ular eng qiyin vaqtda iymonga kelib, eng qiyin vaqtda hijrat qilgan shaxslardir. Badr urushida musulmonlar g‘olib kelib, Islom jamiyati yuzaga chiqib, o‘z tayanchiga ega bo‘lganidan keyin hijrat qilish ham oson bo‘lib qolgan.


Ikkinchi qism – «ansoriylar», ya’ni Madina ahllaridan birinchi bo‘lib Islomga kelgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga «Aqaba»da bay’at qilgan, din qardoshlarini o‘z yurtlari – Madinaga taklif etgan, makkaliklar hijrat qilib borganlarida o‘zlari yemay, ularga yedirgan, o‘zlari kiymay, ularga kiydirgan, uylarini, molu mulklarini bo‘lib bergan, dinu diyonatlari uchun molu jonlaridan kechishga tayyor turgan madinalik peshqadam musulmonlardir.


Uchinchi qism – «ularga yaxshilik bilan ergashganlar», ya’ni peshqadam muhojir va ansoriylarga yaxshilik bilan ergashganlardir. Ular vasf qilinmish peshqadam muhojir va ansoriylardan keyin, mazkur mashhur voqealardan keyin musulmon bo‘lib, xuddi peshqadam musulmonlar kabi ixlosli, ibodatli va taqvodor kishilar bo‘lganlar. Ularga faqat peshqadamlik, ya’ni eng qiyin damda safda bo‘lmaganliklari yetishmaydi, xolos. Alloh ana shu uch toifadagi musulmonlarning barchasidan «rozi bo‘ldi, ular ham Allohdan rozi bo‘ldilar».


Banda erishishi mumkin bo‘lgan eng yuqori martaba Allohning roziligidir. Zotan, har bir bandaning oliy maqsadi ham mana shu. Bandaning Allohdan roziligi Uning qadariga ishonishi, qazosidan yaxshilik kutishi, ne’matlariga shukr qilishi, balo-ofatlariga sabr qilishidir.

Alloh ulardan rozi ekanligi uchun: «Ularga ostidan anhorlar oqib turgan ‎jannatlarni… tayyorlab ‎qo‘ydi».

Ular mazkur jannatga vaqtinchalikka kirmaslar, balki «ular u (yer)larda abadiy mangu qoluvchi ‎bo‘lgan ‎hollarida‎».

Alloh taolo ulardan rozi bo‘lmaganida, ularni bunday ikromga sazovor qilmas edi.


«Ana o‘sha ulkan yutuqdir».

Bundan ortiq yutuq bo‘lishi mumkinmi?


Alloh «Hashr» surasida sahobai kiromlarni shunday madh etadi:

«Diyorlaridan va mol-mulklaridan judo ‎qilingan, Allohdan fazl va rozilik umid ‎‎qiladigan hamda Allohga va Uning Rasuliga yordam ‎beradigan faqir muhojirlargadir. ‎Ana o‘shalar ‎sodiqlardir‎» (8-oyat).

Muhojirlar aslida makkalik kishilar bo‘lib, dinu iymon yo‘lida ona yurtlarini, mol-mulklarini, qarindosh-urug‘larini tashlab, Madinai Munavvaraga hijrat qilganlar (ko‘chib o‘tganlar). Shu sababli ularning ko‘pchiligi miskin, faqirga aylanganlar.

Ular faqatgina Alloh beradigan fazlni deb, Uning roziligini topamiz, deb bu mashaqqatlarga bo‘yin egdilar. Qiyin ahvolga qaramasdan, Allohning va Rasulining ishiga qo‘llaridan kelgan barcha yordamlarini ayamadilar. Shuning uchun ham Alloh ularni «Iymonlarida sodiq kishilar» deb maqtamoqda.
 

«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi