Cavol: Namozlarni uyda jamoat bo‘lib o‘qish bilan masjidda jamoat bilan o‘qishning farqi bormi yoki savobi bir xil bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bir xil bo‘lmaydi. Sababi masjidga borishning fazilati haqida ko‘plab hadislar kelgan. Kishi uyida jamoat bo‘lib o‘qishda jamoatga beriladigan savobga erishsa, masjidga borganda jamoatga beriladigan savoblar bilan birga masjidga borish ajru savobiga ham ega bo‘ladi. Zero, ixlos bilan uyidan poklanib, namozni ado qilish uchun yo‘lga chiqqan kishining bir qadam tashlashi bilan xatosi o‘chirilsa, yana boshqasi bilan darajasi ko‘tariladi (“Sahihi Muslim” va “Fatovoi Qozixon” kitoblari). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
O‘zbekiston taraqqiyotining yangi davrida vijdon va e’tiqod erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, “Haj” va “Umra” safarlarini tashkil etish va ziyoratchilarga qulay sharoitlar hozirlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Xabar berganimizdek, mamlakatimizda haj mavsumi joriy yil 13 may kunidan boshlandi. (https://t.me/muslimuzportal/41370)Ayni kunlarda Madinai munavvarada ibodatlarini nihoyasiga yetkazgan yurtdoshlarimiz birin-ketin Makka shahriga yo‘l olmoqdalar.
17 may kuni navbatdagi ziyoratchilar Makkai mukarramaga shinam avtobuslarda yetib keldi. Bo‘lg‘usi hojilarga muqaddas shahardagi “Abroj Dana” va "Vafaq al-Saha" mehmonxonalarida zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar, gullar va hadyalar ulashilib, izzat-ikrom qilindi.
Mana shunday iltifotlardan ko‘ngillari ko‘tarilgan yurtdoshlarimiz Alloh taologa cheksiz shukronalar aytib, ularga bo‘lgan katta ehtirom va e’tiborni nafaqat mamlakatimizda, balki olis Makka shahrida ham chin dildan his etishdi.
Shu kunlarda ushbu muqaddas shaharda toat-ibodatlarini ado etayotgan yurtdoshlarimiz har qadamda davlatimizning g‘amxo‘rligini his qilib, o‘z duolarida yuritimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilamoqdalar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati