Cavol: Namozlarni uyda jamoat bo‘lib o‘qish bilan masjidda jamoat bilan o‘qishning farqi bormi yoki savobi bir xil bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bir xil bo‘lmaydi. Sababi masjidga borishning fazilati haqida ko‘plab hadislar kelgan. Kishi uyida jamoat bo‘lib o‘qishda jamoatga beriladigan savobga erishsa, masjidga borganda jamoatga beriladigan savoblar bilan birga masjidga borish ajru savobiga ham ega bo‘ladi. Zero, ixlos bilan uyidan poklanib, namozni ado qilish uchun yo‘lga chiqqan kishining bir qadam tashlashi bilan xatosi o‘chirilsa, yana boshqasi bilan darajasi ko‘tariladi (“Sahihi Muslim” va “Fatovoi Qozixon” kitoblari). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
16 may kuni “Haj – 2025” mavsumining ilk guruh ziyoratchilari Makkai mukarramaga zamonaviy avtobuslarda yetib keldi. Ularni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilari, mamlakatimizning Saudiyadagi Attashesi va ishchi guruhi tomonidan tantanali ravishda katta ehtirom bilan kutib olindi.
Hamyurtlarimiz muhtasham “Al-Ayam Elite” va "Romance room" mehmonxonalariga kirishlari bilanoq iliq qarshi olinib, zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar, gullar va hadyalar ulashilib ikrom qilindi.
Mana shunday iltifotlardan ko‘ngillari ko‘tarilgan yurtdoshlarimiz Alloh taologa cheksiz shukronalar aytib, ularga bo‘lgan katta e’tiborni nafaqat mamlakatimizda, balki olis Makka shahrida ham chin dildan his etishdi.
Zamonaviy mehmonxonada xonalari tayin bo‘lgan ziyoratchilarimiz bu yerga diyorimizdan ularga xizmat ko‘rsatish uchun birmuncha oldinroq yetib kelib, mohir oshpazlarimiz pishirgan lazzatli taomlaridan bahramand bo‘ldilar.
Tamattu’ hajini niyat qilgan ziyoratchilarimiz umra amalini ado etmoqdalar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati