Cavol: Namozlarni uyda jamoat bo‘lib o‘qish bilan masjidda jamoat bilan o‘qishning farqi bormi yoki savobi bir xil bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bir xil bo‘lmaydi. Sababi masjidga borishning fazilati haqida ko‘plab hadislar kelgan. Kishi uyida jamoat bo‘lib o‘qishda jamoatga beriladigan savobga erishsa, masjidga borganda jamoatga beriladigan savoblar bilan birga masjidga borish ajru savobiga ham ega bo‘ladi. Zero, ixlos bilan uyidan poklanib, namozni ado qilish uchun yo‘lga chiqqan kishining bir qadam tashlashi bilan xatosi o‘chirilsa, yana boshqasi bilan darajasi ko‘tariladi (“Sahihi Muslim” va “Fatovoi Qozixon” kitoblari). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Bugun Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla Kenjayev boshchiligida Gurlan tumanidagi “Usmon Said bobo” jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda imom-xatiblar, vakillik xodimlari, tuman bosh imom-xatiblari va otinoyilari, shuningdek, “Haj – 2024” ziyoratchilari, mahalla raislari ishtirok etdi.
So‘ngra hududdagi oilalarga kirilib, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, nogironligi bor oilalar holidan xabar olindi. Ayrim sabablarga ko‘ra arazlashib qolgan oilalar imomlar, hojilarning hayot tajribasidan kelib chiqqan gaplaridan ta’sirlanib, yarashib oldilar.
Shuningdek, adashib aqidasi buzuq kimsalar tuzog‘iga tushib qolgan fuqarolar bilan ham suhbatlar o‘tkazilib, ularga islomning sof ta’limoti haqida ma’lumotlar berildi.
Bunday xayrli ishlar, ya’ni xalqqa xizmat qilib, odamlarni rozi qilish, Haqning roziligiga sabab bo‘ladi, inshoalloh.
So‘ngra imomlarning yo‘nalishga doir amalga oshirgan ishlari ko‘rib chiqildi.
Xayrli duolar bilan tashrif o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati