Cavol: Namozlarni uyda jamoat bo‘lib o‘qish bilan masjidda jamoat bilan o‘qishning farqi bormi yoki savobi bir xil bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bir xil bo‘lmaydi. Sababi masjidga borishning fazilati haqida ko‘plab hadislar kelgan. Kishi uyida jamoat bo‘lib o‘qishda jamoatga beriladigan savobga erishsa, masjidga borganda jamoatga beriladigan savoblar bilan birga masjidga borish ajru savobiga ham ega bo‘ladi. Zero, ixlos bilan uyidan poklanib, namozni ado qilish uchun yo‘lga chiqqan kishining bir qadam tashlashi bilan xatosi o‘chirilsa, yana boshqasi bilan darajasi ko‘tariladi (“Sahihi Muslim” va “Fatovoi Qozixon” kitoblari). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimiz bilan doimiy muloqotni qo‘llab-quvvatlab turish, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish maqsadida joriy yilning 29 iyun – 2 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Vladivostok shahrida xizmat safarida bo‘lishdi. Delegatsiya tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O.Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi B.Asadov, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Bosh konsuli M.Xayriddinov kabi nufuzli vakillar qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon domla Inomov ham ishtirok etdi.
Safar davomida Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Vladivostok shahridagi pasport-viza xizmatida, Vladivostok, Xabarovsk shaharlaridagi o‘zbek diasporasi rahbarlari va Primorsk o‘lkasidagi o‘zbek diasporasi vakillari, o‘zbekistonlik talabalar, turli xizmatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan migrantlar bilan, Vladivostokdagi “Vladtorg” savdo kompaniyasida, Vladivostokda OOO “Viktoriya” qurilish firmasida, Primorsk o‘lkasidagi “Dobroflot” baliqovlash kompaniyasi zavodlarida xizmat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi.
“Milliy va diniy qadriyatlarimiz”, “Aqidada adashmaylik!”, “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi”, “Islomda bag‘rikenglik”, “Islomda vatanparvarlik tushunchasi” kabi mavzularda o‘tgan suhbatlardan yurtdoshlarimiz kerakli tushunchalar hosil qilib, mamnun bo‘lishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati