1490 yil (bundan 535 yil oldin) – O‘rta osiyolik mutafakkir, naqshbandiya tariqati rahnamolaridan Xoja Ahror Valiy Samarqandning Kamongaron dahasida olamdan o‘tdi (ba’zi adabiyotlarda uning vafoti sanasi turlicha keltirilgan). “Rashahot” asari muallifi Faxruddin Ali Safiyning yozishicha, hazratning joni uzilishi bilan Samarqandda qattiq zilzila bo‘lib, yerdan chang-to‘zon ko‘tarilgan.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, bu zotning asl ismi Ubaydullo bo‘lib, Ahror iborasi hur, olijanob ma’nosidagi laqabdir. Musulmon dunyosida 356 avliyo o‘tgan bo‘lib, ulardan uch nafari “Qutb ul-Aqtob” (“Qutblar qutbi”, ulug‘ darajaga yetgan avliyo) sifatida e’tirof etilgan. Shu uch zotning biri Xoja Ahror Valiy bo‘lgan.
Tarixdan ma’lumki, Xoja Ahrorni bir nechta faxrli nomlar bilan atashgan. Zotan, Alisher Navoiy bu zotni “Qutbi tariqat” deb e’tirof etgan bo‘lsa, Abdurahmon Jomiy “Ka’bai maqsud” deb bilgan. Zahiriddin Muhammad Bobur esa “Hazrat Xoja Ubaydullo” deb hurmat bilan tilga olgan.
1897 yil (bundan 128 yil oldin) – navoiyshunos va matnshunos olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Porso Shamsiyev tavallud topdi (vafoti 1972 yil). U Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Majolis un-nafois”, “Mahbub ul-qulub” va boshqa asarlarining ilmiy-tanqidiy matnini nashrga tayyorlagan hamda shoir asarlarining 15 jildligini nashr etishda faol qatnashgan.
Porso Shamsiyev “Xamsa”ning ilmiy-tanqidiy matnini yaratib, mazkur matn yuzasidan amalga oshirilgan matnshunoslik tadqiqotlarini doktorlik dissertatsiyasi sifatida himoya etgan. U Britaniya muzeyida saklanayotgan va Abdujamilga nisbat berilgan “Tuhfat ul-salotin” asari mikrofilmini o‘rganib, uning Navoiy g‘azallaridan olingan va Abdujamil xattot tomonidan ko‘chirilgan shohbaytlar ekanini va mavzu bo‘yicha 45 faslga bo‘linganini aniqlagan.
1923 yil (bundan 102 yil oldin) – Xorazm respublikasi hukumatining qaroriga ko‘ra Xorazm Iqtisodiy Kengashi qayta tashkil qilindi. Iqtisodiy Kengash raisi etib A.Usmonov tayinlandi. Mazkur kengash dastlab 1921 yil mayda tashkil etilib, 1922 yil iyulda tugatilgan edi.
1924 yil (bundan 101 yil oldin) – Buxoro respublikasi Iqtisodiy Kengashi majlisida paxta ekiladigan maydonlarni ko‘paytirish maqsadida dehqonlarga 1 million rubl miqdorida qarz berishga qaror qilindi. Bu vazifa O‘rta Osiyo Qishloq xo‘jalik banki zimmasiga yuklatildi.
1939 yil (bundan 86 yil oldin) – Sirdaryo viloyatidagi Sirdaryo, Farg‘ona viloyatidagi Dang‘ara tumanlari tashkil etildi.
1940 yil (bundan 85 yil oldin) – O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti va O‘zbekiston hukumati “Katta O‘zbekiston traktini qurish to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Surxondaryo viloyatlarini kesib o‘tib, Toshkentdan Termizgacha borishi lozim bo‘lgan, xalqning kuchi bilan 1940–1941 yillarda hashar yo‘li bilan qurilgan bu trakt keyinchalik o‘z atrofidagi tumanlar iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim rol o‘ynadi.
1943 yil (bundan 82 yil oldin) – hashar yo‘li bilan Sirdaryoning o‘rta oqimida joylashgan Farhod gidroelektr stansiyasi qurilishi boshlandi. Uning bunyod etilishi haqidagi qaror 1942 yil 18 mayda qabul qilingan edi. 1948 yilda uning birinchi gidroagregati ishga tushirilib, 1949 yil iyun oyidan o‘rnatilgan umumiy quvvati 126 MVt bo‘lgan 4 ta gidroagregatli stansiya to‘la quvvat bilan ishlay boshladi. Farhod gidroelektr stansiyasi 1951 yilda sanoat foydalanishiga qabul qilindi.
Farhod gidroelektr stansiyasining qurilishi noyob arxeologik topilmalar, qadimiy yozuvlarning aniqlanishiga ham yordam bergan. Mana shunday noyob topilmalardan biri Garpokratning tosh shaklidir. Qadimda go‘daklar sog‘lig‘ini asrovchi “iloh”ni oddiygina “Bolalar xudosi” deb ataganlar. Bunday vazifani Misr “xudo”si Garpokrat ham bajargan. Misr afsonalariga ko‘ra, yer osti “xudo”si Osirisning xotini Isida o‘z o‘g‘lini Garpokrat, ya’ni “begunoh, g‘aroyib chaqaloq” deb atagan.
Tarixchi A.Mirboboyevning yozishicha, Markaziy Osiyoda Garpokratning yagona tosh shakli 1947 yili Farhod gidroelektr stansiyasi qurilishi vaqtida Sirdaryodan topilgan edi. U xrizolitdan ishlangan tumorga labiga barmog‘ini tekizib turgan chaqaloq qiyofasida tasvirlangan. Mazkur obrazni qadimdan ko‘chib yuruvchi deyish mumkin. Chunki islomgacha bo‘lgan davrda bolalarning, ayniqsa, chaqaloq yoshidagilarning ko‘p o‘limi ona ayollarni kimga mansub bo‘lishidan qat’i nazar har qanday “iloh”lardan yordam so‘rab iltijo qilishlariga majbur etgan.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro pochtamti tuzildi.
2014 yil (bundan 11 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik fondi tashkil qilindi. Bu orqali Orol dengizi fojeasidan zarar ko‘rgan aholining turmush sharoitini yaxshilash va mustahkamlash dasturi amalga oshirila boshlandi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – Isroil, Indoneziya, Koreya, Malayziya, Singapur, Turkiya va Yaponiya davlatlari fuqarolari hamda O‘zbekistonga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar havo kemalari ekipajining a’zolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilandi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Binar (ikkitalik) himoya tizimi asosida talabgorlarga fan doktori (DSc) va falsafa doktori (RhD) ilmiy darajalarini berishni tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Xalqlar do‘stligi kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonunga asosan, 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni etib belgilandi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezideti “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBЕRDIYEV tayyorladi
Har bir davlatning tarixi, qadriyati va kelajakka intilishi uning davlat ramzlari – gerb, madhiya va bayroqda mujassam bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i 1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan bo‘lib, bu sana nafaqat davlatchilik asoslarining mustahkamlanganini, balki asrlar osha davom etgan ozodlik orzusining amalga oshganini anglatadi.
Bayroq bu shunchaki to‘rtburchak mato emas, balki milliy o‘zlikni anglashning eng yuksak ifodasi, xalqimizning o‘tmish va kelajak o‘rtasidagi noyob ko‘prigidir. Bugungi kunda O‘zbekiston jahon hamjamiyatida o‘z o‘rnini mustahkamlar ekan, davlat bayrog‘ining nafaqat tarixiy-ramziy, balki ijtimoiy-siyosiy ahamiyatini chuqur tahlil qilish fuqarolarimizda g‘urur va mas’uliyat yukini yanada oshiradi.
Bayroqning har bir rangi va belgisi ostida qanday falsafa yashiringanini anglash Vatanga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytiradi. Shu bois, O‘zbekiston bayrog‘i nafaqat davlatning muqaddas ramzi, balki xalqning umumiy taqdiri, g‘ururi va buyuk maqsadlarining jonli deklaratsiyasidir.
O‘tmish, bugun va kelajak uyg‘unligi
O‘zbekiston bayrog‘idagi ranglar va belgilar to‘plami chuqur ma’noga ega bo‘lib, ular mamlakatimizning tarixiy, madaniy va ma’naviy qiyofasini aks ettiradi. Bayroqdagi har bir chiziq va timsol, Vatanimizning ruhiy kodlaridir.
Moviy rang (ko‘k) – hayotiylik, musaffo osmon va suvning manguligini bildiradi. Tarixiy jihatdan Amir Temur imperiyasi bayrog‘ining rangi sifatida tarixiy davomiylik, kuch-qudrat va mardlik timsolidir. Shu bilan birga bu rang "Yangi O‘zbekiston" g‘oyasining ochiqlik, o‘zgarishlarga tayyorlik va global taraqqiyotga intilish falsafasini ifodalaydi.
Oq rang – tinchlik, poklik, ezgulik va halollikning muqaddas ramzi. U islohotlarning asosiy maqsadi bo‘lgan tinchlik-farovonlik va halol mehnat falsafasida o‘z aksini topgan.
Yashil rang – uyg‘onish, tabiatning yangilanishi, umid va yoshlik ramzidir. Islom sivilizatsiyasi an’analariga hurmatni ifodalash bilan birga "Yashil makon" kabi ekologik loyihalar bilan uzviy bog‘liqdir.
Qizil hoshiyalar – ranglarni ajratib turuvchi bu yo‘llar – vujuddagi hayotiy qudrat irmoqlari, tiriklik va matonat timsoli.
Yangi oy qo‘lga kiritilgan mustaqillik, yangilanish va taraqqiyotning ramzi hamda Islom an’analariga hurmatni bildiradi.
O‘n ikki yulduz qadimiy astronomik bilimlar, xususan, Mirzo Ulug‘bek maktabining yulduz ilmi (nujum) taraqqiyotiga qo‘shgan hissasiga ishora qiladi. 12 raqami komillik, to‘kislik va yuksaklikka intilish falsafasini anglatadi.
Ijtimoiy-siyosiy ahamiyati va qonunchilik
Davlat bayrog‘ining qabul qilinishi mamlakatning xalqaro huquq subyekti sifatida tan olinishi uchun birinchi va eng muhim qadam bo‘lgan. Bayroq ko‘p millatli O‘zbekiston xalqini yagona Vatan g‘oyasi atrofida birlashtiruvchi, ular orasidagi millatlararo totuvlik va umumiy maqsadlarni mustahkamlovchi eng oliy ramzdir. 2023 yilda “O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i to‘g‘risida” gi qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bayroqqa bo‘lgan hurmatni saqlagan holda, fuqarolarning uni sport, madaniy tadbirlar va oilaviy bayramlarda kengroq qo‘llanishiga imkon yaratdi. Bu o‘zgarish milliy ramzlarga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirdi.
Sport, tarbiya va xalqaro g‘urur
O‘zbekistonda davlat bayrog‘i qabul qilingan kunni nishonlash yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos o‘rni bilan ajralib turadi. Bayroqqa mehrni sport orqali targ‘ib etish ham muhim ahamiyatga ega. "Yangi nafas" ommaviy yugurish musobaqasi kabi keng qamrovli sport tadbirlari orqali bayroqqa hurmat harakat, sog‘lomlik va yoshlar shijoatida ifodalanadi. Bayrog‘imizning xalqaro maydondagi eng baland hilpirashi bu sportchilarning g‘alabasidadir. Sportchilar uchun bayroq butun bir xalqning ishonchi va orzusi hamdir. Ayniqsa, Kurash milliy sportimizning liboslarida (yaktak) O‘zbekiston bayrog‘idan jilo olinganligi, bu liboslardan dunyoning 130 dan ortiq mamlakati foydalanayotganligi bayrog‘imizning xalqaro sport madaniyatiga singib borayotganini ko‘rsatadi.
Mamlakatimizda davlat bayrog‘i qabul qilingan kun bu yil o‘zgacha shukuh va ko‘tarinkilikda nishonlanmoqda. Butun respublikamiz bo‘ylab "Bir bayroq ostida" estafetasi tadbirlari o‘tkazilyapti. Bu xalqni jipslashtirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim vositasidir. Uzoq viloyatlardan boshlanadigan tadbirlarning yakuniy tantanasi 18 noyabr kuni Toshkent shahridagi Xalqlar do‘stligi maydonida katta shou tarzida davom etib, butun xalqning birdamlik bayramiga aylanadi.
Ehtirom, mas’uliyat va kelajakka ishonch
18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun bu nafaqat taqvimdagi bir sana, balki milliy o‘zlik va mustaqillikning ustuvorligini eslatuvchi tarixiy chorlovdir. Bayroq bugungi tinch, farovon va o‘z kelajagini o‘zi qurishga bel bog‘lagan xalqning yagona maqsad yo‘lidagi birdamlik deklaratsiyasidir.
Har bir fuqaroning burchi bu muqaddas ramzga nisbatan yuksak ehtirom bilan qarash, uning zamiridagi chuqur falsafani anglash va uning jahon uzra mag‘rur hilpirashi uchun o‘z mas’uliyatini his etishdir.
Bayrog‘imiz ostida birlashgan holda biz Yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagini bunyod etamiz. Zero, hilpirayotgan bayroq bu bizning tinchlik, taraqqiyot va kelajak avlodlarga qoldiradigan eng buyuk va muqaddas merosimizdir.
Alovaddin G‘afforov, O‘zA