Sayt test holatida ishlamoqda!
15 May, 2025   |   17 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:04
Peshin
12:24
Asr
17:24
Shom
19:38
Xufton
21:07
Bismillah
15 May, 2025, 17 Zulqa`da, 1446
Yangiliklar

Musulmon olamida “Qutblar qutbi” degan nom olgan avliyoni bilasizmi?

10.02.2025   9480   7 min.
Musulmon olamida “Qutblar qutbi” degan nom olgan avliyoni bilasizmi?

Vatanimiz tarixidagi 10 fevral sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
 

1490 yil (bundan 535 yil oldin) – O‘rta osiyolik mutafakkir, naqshbandiya tariqati rahnamolaridan Xoja Ahror Valiy Samarqandning Kamongaron dahasida olamdan o‘tdi (ba’zi adabiyotlarda uning vafoti sanasi turlicha keltirilgan). “Rashahot” asari muallifi Faxruddin Ali Safiyning yozishicha, hazratning joni uzilishi bilan Samarqandda qattiq zilzila bo‘lib, yerdan chang-to‘zon ko‘tarilgan. 
 

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, bu zotning asl ismi Ubaydullo bo‘lib, Ahror iborasi hur, olijanob ma’nosidagi laqabdir. Musulmon dunyosida 356 avliyo o‘tgan bo‘lib, ulardan uch nafari “Qutb ul-Aqtob” (“Qutblar qutbi”, ulug‘ darajaga yetgan avliyo) sifatida e’tirof etilgan. Shu uch zotning biri Xoja Ahror Valiy bo‘lgan. 
 

Tarixdan ma’lumki, Xoja Ahrorni bir nechta faxrli nomlar bilan atashgan. Zotan, Alisher Navoiy bu zotni “Qutbi tariqat” deb e’tirof etgan bo‘lsa, Abdurahmon Jomiy “Ka’bai maqsud” deb bilgan. Zahiriddin Muhammad Bobur esa “Hazrat Xoja Ubaydullo” deb hurmat bilan tilga olgan. 
 

1897 yil (bundan 128 yil oldin) – navoiyshunos va matnshunos olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Porso Shamsiyev tavallud topdi (vafoti 1972 yil). U Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Majolis un-nafois”, “Mahbub ul-qulub” va boshqa asarlarining ilmiy-tanqidiy matnini nashrga tayyorlagan hamda shoir asarlarining 15 jildligini nashr etishda faol qatnashgan.
 

Porso Shamsiyev “Xamsa”ning ilmiy-tanqidiy matnini yaratib, mazkur matn yuzasidan amalga oshirilgan matnshunoslik tadqiqotlarini doktorlik dissertatsiyasi sifatida himoya etgan. U Britaniya muzeyida saklanayotgan va Abdujamilga nisbat berilgan “Tuhfat ul-salotin” asari mikrofilmini o‘rganib, uning Navoiy g‘azallaridan olingan va Abdujamil xattot tomonidan ko‘chirilgan shohbaytlar ekanini va mavzu bo‘yicha 45 faslga bo‘linganini aniqlagan. 
 

1923 yil (bundan 102 yil oldin) – Xorazm respublikasi hukumatining qaroriga ko‘ra Xorazm Iqtisodiy Kengashi qayta tashkil qilindi. Iqtisodiy Kengash raisi etib A.Usmonov tayinlandi. Mazkur kengash dastlab 1921 yil mayda tashkil etilib, 1922 yil iyulda tugatilgan edi.
 

1924 yil (bundan 101 yil oldin) – Buxoro respublikasi Iqtisodiy Kengashi majlisida paxta ekiladigan maydonlarni ko‘paytirish maqsadida dehqonlarga 1 million rubl miqdorida qarz berishga qaror qilindi. Bu vazifa O‘rta Osiyo Qishloq xo‘jalik banki zimmasiga yuklatildi.
 

1939 yil (bundan 86 yil oldin) – Sirdaryo viloyatidagi Sirdaryo, Farg‘ona viloyatidagi Dang‘ara tumanlari tashkil etildi. 
 

1940 yil (bundan 85 yil oldin) – O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti va O‘zbekiston hukumati “Katta O‘zbekiston traktini qurish to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Surxondaryo viloyatlarini kesib o‘tib, Toshkentdan Termizgacha borishi lozim bo‘lgan, xalqning kuchi bilan 1940–1941 yillarda hashar yo‘li bilan qurilgan bu trakt keyinchalik o‘z atrofidagi tumanlar iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim rol o‘ynadi.
 

1943 yil (bundan 82 yil oldin) – hashar yo‘li bilan Sirdaryoning o‘rta oqimida joylashgan Farhod gidroelektr stansiyasi qurilishi boshlandi. Uning bunyod etilishi haqidagi qaror 1942 yil 18 mayda qabul qilingan edi. 1948 yilda uning birinchi gidroagregati ishga tushirilib, 1949 yil iyun oyidan o‘rnatilgan umumiy quvvati 126 MVt bo‘lgan 4 ta gidroagregatli stansiya to‘la quvvat bilan ishlay boshladi. Farhod gidroelektr stansiyasi 1951 yilda sanoat foydalanishiga qabul qilindi. 
 

Farhod gidroelektr stansiyasining qurilishi noyob arxeologik topilmalar, qadimiy yozuvlarning aniqlanishiga ham yordam bergan. Mana shunday noyob topilmalardan biri Garpokratning tosh shaklidir. Qadimda go‘daklar sog‘lig‘ini asrovchi “iloh”ni oddiygina “Bolalar xudosi” deb ataganlar. Bunday vazifani Misr “xudo”si Garpokrat ham bajargan. Misr afsonalariga ko‘ra, yer osti “xudo”si Osirisning xotini Isida o‘z o‘g‘lini Garpokrat, ya’ni “begunoh, g‘aroyib chaqaloq” deb atagan. 
 

Tarixchi A.Mirboboyevning yozishicha, Markaziy Osiyoda Garpokratning yagona tosh shakli 1947 yili Farhod gidroelektr stansiyasi qurilishi vaqtida Sirdaryodan topilgan edi. U xrizolitdan ishlangan tumorga labiga barmog‘ini tekizib turgan chaqaloq qiyofasida tasvirlangan. Mazkur obrazni qadimdan ko‘chib yuruvchi deyish mumkin. Chunki islomgacha bo‘lgan davrda bolalarning, ayniqsa, chaqaloq yoshidagilarning ko‘p o‘limi ona ayollarni kimga mansub bo‘lishidan qat’i nazar har qanday “iloh”lardan yordam so‘rab iltijo qilishlariga majbur etgan.
 

1993 yil (bundan 32 yil oldin) – Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro pochtamti tuzildi.
 

2014 yil (bundan 11 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 
 

2017 yil (bundan 8 yil oldin) – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik fondi tashkil qilindi. Bu orqali Orol dengizi fojeasidan zarar ko‘rgan aholining turmush sharoitini yaxshilash va mustahkamlash dasturi amalga oshirila boshlandi.
 

2018 yil (bundan 7 yil oldin) – Isroil, Indoneziya, Koreya, Malayziya, Singapur, Turkiya va Yaponiya davlatlari fuqarolari hamda O‘zbekistonga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar havo kemalari ekipajining a’zolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilandi.
 

2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Binar (ikkitalik) himoya tizimi asosida talabgorlarga fan doktori (DSc) va falsafa doktori (RhD) ilmiy darajalarini berishni tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
 

2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Xalqlar do‘stligi kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonunga asosan, 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni etib belgilandi.
 

2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezideti “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
 

2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
 

2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

 

Alisher EGAMBЕRDIYEV tayyorladi

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Masjidi Nabaviydagi 5 mehrob

14.05.2025   2081   3 min.
Masjidi Nabaviydagi 5 mehrob

Masjidi Nabaviy Madina shahrida joylashgan bo‘lib, Islom tarixidagi eng muqaddas joylardan biridir. Masjid Muhammad sollallohu alayhi vasallam tomonidan hijratning birinchi yilida, 622 yili barpo etilgan va musulmonlar uchun Makkadagi Masjidul Harom va Quddusdagi Masjidul Aqsodan keyingi uchinchi muqaddas masjid hisoblanadi. Masjidi Nabaviydagi mehroblar masjidning tarixiy va ma’naviy ahamiyatini aks ettiradi.

Mehrob – masjidda namoz vaqtida imom turadigan va qiblani ko‘rsatuvchi joy. Masjidi Nabaviydagi kengaytirishlar va qayta qurish jarayonlarida mehroblar o‘zgarib borgan. Masjidning dastlabki ko‘rinishi sodda shaklda bo‘lib, mehrob ham biror bir narsa bilan belgilanmagan. Keyinchalik, Umaviylar, Abbosiylar, Usmoniylar va Saudiylar davrida mehroblar naqshinkor san’at namunalari bilan bezatildi.

1. Payg‘ambar mehrobi. Mehrobi Nabaviy Masjidi Nabaviydagi eng muhim va asosiy mehrobdir. Mehrob Ravzada, Payg‘ambar alayhissalomning qabrlari va minbarlari orasida joylashgan. Payg‘ambar alayhissalom davrlarida U zot namoz o‘qigan joyda biror belgi bo‘lmagan, 707-710 yilda ilk bor Umaviy xalifasi Valid ibn Abdulmalik tomonidan bu joyga birinchi mehrob o‘rnatilgan.

Masjidda hozirgi shakldagi mehrob 1482 yilda Mamluk sultoni Qaytbey tomonidan qurilgan bo‘lib, keyinchalik Usmonlilar va Saudiya podshohi Fahd davrlarida ta’mirlangan. Mehrob tilla bilan qoplangan xattotlik yozuvlari va go‘zal naqshlar bilan bezatilgan.

2. Usmoniy mehrobi. Mehrobi Usmoniy hozirda ko‘p foydalaniladigan asosiy mehrob bo‘lib, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrida 651 yilda masjid kengaytirilganidan qurilgan. Qibla devorining markazida joylashgan Usmon ibn Affon mehrobi o‘rnida dastlab belgi bo‘lgan.

3. Mehrobi tahajjud. Mehrob Payg‘ambar alayhissalom tahajjud namozini o‘qigan joyni bildiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tungi namozlarini Masjidi Nabaviyning ustunlaridan biri yonida o‘qir edilar. Keyinchalik bu ustun yonida mehrob qurildi, ammo so‘nggi yillardagi qayta ta’mirlash ishlarida olib tashlandi va uning o‘rniga Qur’oni karim mus'haflari uchun kitob javoni o‘rnatilgan.

4. Sulaymoniy mehrobi. Mehrobi Sulaymoniy Hanafiy mehrobi deb ham nomlanadi. Sulaymoniy mehrobi Ravzadan tashqarida, Payg‘ambar alayhissalom minbarlarining o‘ng tomonida joylashgan. Bu mehrob hanafiy mazhabidagilarning namozgohi bo‘lgan. 1532 yili Sulton Sulaymon I buyrug‘i bilan bunyod etildi.

5. Fotima mehrobi. Fotima rohiyallohu anho uylari yaqinida, tahajjud mehrobining janubida, Nabiy alayhissalom hujralari atrofida joylashgani, maqbara o‘ralgani bois mehrob ko‘rinmaydi.

Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.