عَنْ حُذَيْفَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: « لاَ تَكُونُوا إِمَّعَةً تَقُولُونَ إِنْ أَحْسَنَ النَّاسُ أَحْسَنَّا وَإِنْ ظَلَمُوا ظَلَمْنَا، وَلَكِنْ وَطِّنُوا أَنْفُسَكُمْ إِنْ أَحْسَنَ النَّاسُ أَنْ تُحْسِنُوا وَإِنْ أَسَاءُوا فَلاَ تَظْلِمُوا» (رواه الترمذي)
Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Sizlardan biringiz: “Agar odamlar yaxshilik qilsa – yaxshilik qilaman, yomonlik qilsa – yomonlik qilaman”, deydigan loqayd, beo‘y bo‘lmasin. Lekin o‘zlaringizni odamlar yaxshilik qilsa – yaxshilik qilishga, agar yomonlik qilsa – ularga zulm qilmaslikka odatlantiring», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu hadisi sharifning arabcha matnida kelgan إِمَّعَةٌ [imma’atun] so‘zi “loqayd”, “fikrsiz”, beo‘y”, “kim nima desa, o‘ylab ko‘rmasdan uning ortidan ergashib ketaveradigan”, “jur’atsiz”, “qat’iyatsiz”, “subutsiz”, “o‘zgaruvchan”, degan ma’nolarni anglatadi.
O‘zining qat’iy fikri, tutumi yo‘q, burdsiz odamlarni ogohlantirish maqsadida Nabiy alayhissalom: «Sizlardan biringiz: “Agar odamlar yaxshilik qilsa – yaxshilik qilaman, yomonlik qilsa – yomonlik qilaman”, deydigan loqayd bo‘lmasin», deganlar. Chunki bunday odamlar, Alloh asrasin, o‘zga din vakillari bilan safarda yoki boshqa sabab bilan birga bo‘lib qolsa, o‘zi tushunib-tushunmagan holda muomala-munosabatlarda, ibodatlarda ularga taqlid qilib qo‘yishi ham mumkin. Bu juda xavflidir.
Aliy Qori rahimahulloh aytadi: “Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam mazkur hadisi sharif orqali axloq-odob, yurish-turish, muomalada ham o‘zga madaniyat, din vakillariga taqlid qilishdan qaytardilarmi, demak, aqida va ibodat masalalarida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Chunki aqida va ibodat masalalari juda nozik. Mo‘min kishi bir so‘z bilan iymonidan ajrab qolishi mumkin”.
Imom Termiziy rahimahullohning “Sunani Termiziy” asariga yozilgan “Tuhfatul Ahvaziy” kitobida mazkur hadis sharhlanib: «Odamlar nima desa, shunga ergashib ketaveradigan kimsa “muqallid” deyiladi. Mulohazasiz, fikri yo‘q, beo‘y odamdan ehtiyot bo‘lish kerak. Mo‘min kishi hech qachon e’tiborsiz bo‘lmaydi. Har bir ishini mulohaza bilan Yaratganning roziligini ko‘zlab amalga oshiradi. Ayniqsa, aqida va ibodat masalalarida har doim ixlosli bo‘ladi.
“...Lekin o‘zlaringizni odamlar yaxshilik qilsa – yaxshilik qilishga, agar yomonlik qilsa – ularga zulm qilmaslikka odatlantiring”, ya’ni yaxshi ish qilishga va vaziyat qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ezgulikni davom ettirishga odatlanishimiz kerak. Odamlar birovlarga zulm qilsa, ularga ergashib ketish mo‘minning ishi emas. Zulm qilmaslikning o‘zi yaxshilikdir.
Hadisi sharifda yomon xulqlarga ko‘r-ko‘rona ergashish chiroyli xulqni taqiqlashning bir belgisi ekani eslatilgan. Alloh va Rasuli ezgulikni yaxshi ko‘radi. Shu bois Payg‘ambarimiz alayhissalom har qanday holatda ham yaxshilik qilishni vasiyat etganlar.
Manbalar asosida Tolibjon NIZOM tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 2-sonidan olindi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi jamoasi Toshkent shahridagi «Ko‘kcha Oqtepa» jome masjidi imom-xatibi Abdulloh domla G‘ulomovning otasi Abdug‘ani hoji G‘ULOMOVning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya bildiradi.
Alloh taolo marhum otaxonni O‘z rahmatiga olib, oxiratini obod qilsin, makonini Firdavs jannatlardan aylasin.
Marhumning bu dunyoda qilgan barcha xayrli va ezgu ishlarini boshiga soyabon, oxiratiga zaxira qilsin.
Ortda qolgan barcha yaqinlariga go‘zal sabr bersin!
Innã lillãhi va innã ilayhi roji’un!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga, xususan, Abdulloh domla G‘ulomovga hamdardlik bildiramiz.
* * *
Janoza namozi bugun, 30 dekabr kuni peshin namozidan so‘ng Andijon viloyati Asaka shahri Oqbo‘yra mahallasida, marhumning xonadonida o‘qiladi.