Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Oktabr, 2026   |   10 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:23
Quyosh
06:41
Peshin
12:13
Asr
15:51
Shom
17:37
Xufton
18:50
Bismillah
21 Oktabr, 2026, 10 Jumadul avval, 1448

“Ziynatli” ko‘ringan dunyo…

11.02.2025   9095   8 min.
“Ziynatli” ko‘ringan dunyo…

“Dunyo” so‘zi lug‘atda “boylik”, “davlat” degan ma’nolarni anglatadi. Biz dunyoga kelganimizdan to voyaga yetgunimizcha uning go‘zalligini ko‘ramiz katta bo‘lgan sari dunyoning tashvishlarga, adolatsizlikariga, g‘am-tashvishlariga guvoh bo‘lamiz va asta-sekin bunga ko‘nikamiz. Yaqinlarimiz va do‘stlarimiz bilan muloqot qilamiz, o‘z yumushlarimiz bilan band bo‘lamiz, oila-a’zolarimiz bilan shodu-hurramlikda vaqt o‘tkazamiz.

Kundalik rejalar va maqsadlar bilan kunimiz qanday o‘tkanini ham sezmay qolamiz. Dunyoga, uning ziynatlariga shunchalik berilb ketganimizdan bir-birimizning o‘rtmizdagi mehr-oqibatni, ota-onaga yaxshilik qilishni, qarindoshlik rishtalarini unutganmiz, hatto, namozimizdagi hushuni ham yoqotib qo‘yganmiz.

Bunga sabab nima? Alloh taolo huzurida har bir soniyamiz uchun javob berishimizni o‘ylamaymizmi? Bu dunyoni Alloh taolo nima uchun go‘zal va undagi narsalarni ziynatli qilib yaratdi? Bunga Alloh taoloning O‘zi “Kahf” surasining 7 oyatida bunday marhamat qiladi: “Biz yer yuzidagi narsalarni, ularning qaysilari go‘zalroq amal qilishini sinash uchun, zebu ziynat qilib qo‘yganmiz”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Dunyo osmon bilan Yer o‘rtasida qamalgan bo‘lib, Alloh taolo yaratgandan beri unga qaramaydi. Dunyo qiyomat kuni kelganda: “Yo Robbim, bugun meni eng past maqomdagi do‘stlaringga bo‘lsa ham nasiba qilib bergin”, deb iltijo qiladi. Alloh taolo unga: “Ey haqir va tuban narsa, jim bo‘l, men seni ularga dunyoda ravo ko‘rmagan bo‘lsam, qanday qilib endi ravo ko‘rayin?” deydi. Mana, ko‘rinib turibdiki, “dunyo”ni va undagi zeb-ziynatlarni sinov uchun, qay birimiz bu sinovdan o‘tolsak,uning go‘zalligiga aldanmasak, Alloh taoloning O‘zi go‘zal ajru-mukofot bilan mukofotlaydi.

Dunyoni yaxshi ko‘rish uzun orzu-havaslar qilish bilan yanada mustahkamlanadi. Agar Xoliq Zot dunyo haqida xabar berib, misolini keltirmaganda, albatta, dunyo uxlaganni uyg‘otib, g‘ofilni hushyor qilardi.Alloh taolo nazdida dunyoning misqolcha qadri yo‘q. Pashsha qanoticha kamaytirilmay dunyo xazinalari kalitlari bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘rstatilganda, uni olishdan bosh tortdilar.

Alloh taolo sinov-imtihon uchun solih bandalaridan dunyoni pinhon tutdi, aldash uchun dushmanlariga dunyoni keng va bemalol qilib qo‘ydi.

A’lo ibn Ziyod: “Tushimda dunyoni o‘ziga oro berib, aft-basharasi burishgan kampir qiyofasida ko‘rdim. Odamlar unga topinib, har tomondan hayratlanib qarardi. Kampir oldiga borib, unga bunchalik ajablanib qarayotganlaridan hayron bo‘ldim. Shunda kampirga: “Sen kimsan?”, dedim. U: “Meni tanimayapsanmi?”, dedi. Men: “Yo‘q”, dedim. “Sen kimsan?”, deb so‘radim. “Men dunyoman”, dedi. “Allohdan sening yomonligingdan panoh so‘rayman”, dedim. U: “Agar yomonligimdan panoh topishni istasang, dirhamni yomon ko‘r!”, dedi.

Iso alayhissalom: “Dunyo-ko‘prik, unda mashg‘ul bo‘lmasdan o‘tinglar”, dedilar. Haqiqatan, bu dunyo hayoti oxiratga olib borishga ochiq va yorqin misoldir. Beshik shu ko‘prik boshidagi dastlabki masofa bo‘lsa, lahad-oxirgi masofadir. Shu ikkovi orasida qisqa bir masofa mavjud. Odamlardan qanchasi shu ko‘prikning yarmiga yetib borsa, qanchasi uchdan birini va qanchasi uchdan birining birini bosib o‘tadilar. Qanchasiga bir qadamdan ortiq yurish nasib qilmadi. Har qanaqasiga ko‘prikdan o‘tilishi shart. Ammo shu ko‘prikdan o‘tib olish haqida o‘ylamay, uning ustida imorat qurib, turli ziynatlarga chalg‘ib yashash g‘oyat johillik va yutqizishdir.

Ali karramallohu vajhahu bunday dedilar: “Bilinglarki, sizlar o‘liksizlar, o‘lgandan so‘ng tirilasizlar. Amallaringiz oldida turg‘izilib, u tufayli jazo(mukofot)lanasizlar. Sizlarni dunyo hayoti aldab qo‘ymasin. Albatta, u balo-ofatlar bilan o‘rab qo‘yilgan, foniyligi bilan tanilgan va aldamchilgi bilan vasf qilingan. Dunyodagi har bir narsani zavol tutadi. Dunyo o‘z ahli o‘rtasida goh buyoq, goh buyoqqa aylanadi. Dunyo hech qachon bir xil turgan emas, uning yomonligidan nizo, kurash to‘xtagan emas. Dunyo ahli surur va lazzatdan sarhush bo‘lib turganida, to‘satdan balo va aldovga yo‘liqadi”.

Har bir narsaning o‘rtasi, ya’ni me’yori yaxshidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning eng yaxshilaringiz, dunyoni deb oxiratni, oxiratni deb dunyoni tashlab qo‘ymaganingizdir”, deganlaridan ko‘rinib turibdiki, bu dunyoda Alloh taolo berayotgan ne’matlarga shukr qilib, oxiratimiz uchun ajru-savoblar olish, yaxshiliklar qilib olish uchun bu dunyo ayni muddaodir.

Barchamizga ma’lumki, dunyo rohati abadiy emas, u ajal sari yetaklaydi. Allohning huzuridagi narsa esa boqiydir. Bizni bu dunyo tashvishlari, to‘playotgan molimiz, farzandlarimiz Allohning zikridan, ibodatidan jalg‘itib qo‘ymasligi zarur. Bu haqda Alloh taolo “Munofiqun” surasi, 9-oyatida: “Ey iymon keltirganlar. Mollaringiz va bolalaringiz sizni Allohning zikridan chalg‘itmasin. Kim shunday qilsa, bas, ana o‘shalar yutqazuvchilardir”.

Bu hayotda ozgina bahramand bo‘lib, yo‘qlik olamiga ko‘chib o‘tishda besh kunlik dunyoda o‘ynab-kulib ajalni kutib olib, oxiratiga hech qanday zahira tayyorlamasdan o‘zlariga yerni makon tutgan insonlar qancha? Ularga endi ortga yo‘l yo‘qdir. Bunga dalil esa Muminun surasi, 100-oyatida: “Shoyadki tark qilgan narsamda solih amal qilsam, der. Yo‘q! Albatta, bu (quruq) so‘z bo‘lib, u aytguvchi, xolos. Ularning ortida qayta tiriladigan kunlarigacha to‘siq bordir”.

Agar amallarimiz guvohlik bersa, qalbimizdagi narsalar chiqarilsa, dillardagi barcha sir-asrorlar oshkor qilinsa, Malik va Jabbor bo‘lgan Zot huzuriga olib borishimiz uchun turg‘izilsa, qalblar oldingi gunohlariga rahm-shavqat so‘rab, qo‘rqib titrasa, pardalar ko‘tarilib, ayb va sirlarimiz ochilsa, ana shu vaqtda har bir jon o‘zi qilib o‘tgan amaliga yarasha jazo oladi.

Alloh taolo “Najm” surasi, 31-oyatida: “Osmonlaru yerdagi barcha narsalar Allohnikidir. U yomonlik qilganlarni amaliga yarasha jazolar va yaxshilik qilganlarni go‘zal (mukofot) ila mukofotlar” deb marhamat qilgan.

Agar bizga har bir kun shaylangan amallar oshkor qilinsa, oldinda kelayotgan kunimizdan yuz burib qochardik, boy bergan vaqtimizni o‘ylab, g‘am-qayg‘uga botardik. Lekin Alloh taolo ajoyib tadbir qo‘llab, ularni ko‘rishdan mahrum qildi. Tasalli va taskin bo‘lishi uchun dunyoning balo-ofatlari qatiga lazzat va zavqni joylab, ana shu ta’mga mashg‘ul-ovora qilib qo‘ydi. Dunyoni va oxiratni hech qachon bir-biriga tenglashtirib bo‘lmaydi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Dunyoning oxiratga nisbati birontangiz barmog‘ini dengizga tekkizishiga o‘xshaydi. Bundan o‘ziga nima qaytib kelishiga qarsin”, dedilar.

Ali karramallohu vajhahu aytadilar: “Sizlarga Allohdan qo‘rqishni, garchand also hohlamasangiz ham, dunyo merosini tark etishni vasiyat qilaman. Tanangiz qarib-qartayib borayotir, sizlar tetik va baquvvat bo‘lishni hohlaysizlar. Sizlar va dunyo misoli bir yo‘lda safarga chiqqan qavmga o‘xshaydi. Go‘yo ular shu yo‘lni bosib o‘tadigandek, safarga chiqadilar, go‘yoki, yetib boradigandek, yo‘l belgisiga qarab yuradilar. Oxiriga qadar yetib borish uchun yo‘l masofasi qancha deb o‘ylaysiz?

Dunyoda bir kun qolish ehtimolini qancha deb o‘ylaysiz? Dunyoning zarari va g‘am-qayg‘usi deb tashvish chekmang, baribir shu dunyoda intiho topadi. Dunyo matosi va ne’matlaridan ortiqcha hursand bo‘lmang, u baribir zavolga yuz tutadi. Dunyoni izlaguvchini o‘lim ta’qib eta turib, dunyoni izlashi va o‘lim har qadamda poylab yurganini bila turib, g‘ofil bo‘lganiga hayronman”.

Dunyoda oxirat uchun ozuqa yeg‘ib, musofirlar qarz narsadan foydalanganidek, dunyodan bahramand bo‘lsak, undan ajralgan vaqtda musibatlarimiz og‘ir bo‘lmasligi uchun qalblarimizni to‘liq bermasak, dunyoni muqim qoluvchilar uchun emas, undan o‘tguvchilarga berilgan ziyofat deb qarasak, dunyoyu-oxiratimiz obod bo‘ladi, insha Alloh.

Dunyoga va uning ziynatlariga chalg‘ib qolmasligimiz uchun, ibodatlarimizda bardavom bo‘lishimiz va bu dunyodagi musibatlarga sabr qilib, karam va hilm bilan go‘zal tarzda bizga yordam berishini mehribon Zot Alloh taolodan so‘rab qolamiz.

 

Nodirabegim FAHRUTDINOVA,
“Yangi asr” universiteti “Filologiya va tillarni o‘qitish (mumtoz tillar bo‘yicha)” fakulteti 1-kurs talabasi.

Boshqa maqolalar
Maqolalar

“E’tibor va rag‘batlar yanada mas’uliyat bilan ishlashga undamoqda”

24.09.2026   76773   10 min.
“E’tibor va rag‘batlar yanada mas’uliyat bilan ishlashga undamoqda”

Xorazm viloyati bosh imom-xatibi, “Imom Buxoriy” ordeni sohibi Xayrulloh domla Abdullayev bilan suhbat

– Assalomu alaykum muhtaram qozi domla. Avvalo, viloyat vakilligining ko‘rkam yangi binosi muborak bo‘lsin. Juda go‘zal, fayzli maskanga ega bo‘libsizlar...

– Va alaykum assalom va rohmatulloh. Rahmat, alhamdulillah. Darhaqiqat, bu yil vakillik faoliyatidagi eng quvonarli yangiliklardan biri zamon talablari asosida barpo etilgan yangi ma’muriy binoga ko‘chib o‘tganimiz bo‘ldi. Albatta, bu yutuqlar zamirida muhtaram Yurtboshimizning diniy sohaga qaratayotgan alohida e’tibori turibdi.

Endi viloyatdagi barcha imom-xatib va imom-noiblar bir joyga jamlana oladi. Yig‘ilishlar, o‘quv-seminarlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va boshqa yirik tadbirlarni bevosita vakillikning o‘zida o‘tkazish imkoniyatiga egamiz. Shuningdek, yangi binoda kichik majlislar zali, axborot-media faoliyati va tasvirga olish uchun maxsus xonalar ham tashkil etildi.

Faoliyatimizdagi yana bir quvonchli voqea – 2025 yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi nashrlari bo‘lgan «Hidoyat», «Mo‘minalar» jurnallari va «Islom nuri» gazetasi obunasini uyushqoqlik bilan tashkil etganimiz uchun vakilligimiz damas avtomobili bilan taqdirlangani bo‘ldi. Bu e’tibor va rag‘bat jamoamiz uchun yanada katta mas’uliyat yukladi.

– Siz ilk bor Xorazm viloyati vakili sifatida faoliyat boshlagan davrda holat qanday edi, bugun-chi?..

- Bundan rosa 11 yil oldin – 2015 yilning may oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasining Xorazm viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi sifatida faoliyat boshlaganman. O‘sha davrda vakillik o‘z binosiga ega emasdi. Faoliyatni atroflicha tahlil qilib, sohadagi mavjud holat, muammo va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda tizimli yondashuvni talab etadigan ustuvor vazifalarni belgilab olgandik.

O‘tgan yillar davomida aniq maqsad va rejalar asosida izchil, bosqichma-bosqich ishlar amalga oshirildi. Eng muhimi, bu jarayonda faqat mavjud muammolarni bartaraf etish bilan cheklanib qolmasdan, vakillik faoliyatini zamonaviy talablar asosida qayta tashkil etish, uning boshqaruv va nazorat mexanizmlarini takomillashtirishga ustuvor ahamiyat qaratildi.

Bugungi kunda vakillikda 19 nafar malakali, o‘z ishining bilimdoni bo‘lgan xodim faoliyat yuritmoqda. Masjidlar bilan ishlash, haj va umra, axborot-media, ayol-qizlar, huquqshunoslik, kadrlar masalalari, moliya-xo‘jalik kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha bo‘limlar tashkil etildi. Vakilligimiz zamonaviy moddiy-texnik bazaga ega bo‘lib, raqamli texnologiyalar va ilg‘or ish uslublaridan samarali foydalanib kelmoqda.

Muftiy hazratlarining bevosita boshchiliklarida masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va imom-noiblari muntazam oylik ish haqi bilan ta’minlandi. Bu esa ularning ijtimoiy barqarorligini mustahkamlash, o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan, xotirjam, mas’uliyat bilan ado etishlari uchun muhim omil bo‘lmoqda.

Viloyatga ajratiladigan haj kvotalari ham yildan-yilga oshib bormoqda.

– Viloyatda ayni paytda qancha masjid bor? Masjidlar va ularda faoliyat olib borayotgan imom-domlalarning zamon bilan hamnafas bo‘lishi borasida ham to‘xtalsangiz...

– Masjidlar borasida katta o‘zgarishlar bor. Hozir viloyatimizda 98 ta jome masjid faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yillar davomida 27 ta masjid zamon talablariga mos ravishda qayta bunyod etildi, 10 dan ortiq masjidda keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari qilindi. 35 dan ortiq tahoratxona to‘liq qayta qurilib, zamonaviy talablar asosida foydalanishga topshirildi.

Imom-xatiblar uchun o‘quv-seminarlar, malaka oshirish mashg‘ulotlari, Qur’on va tajvid bo‘yicha amaliy darslar tashkil etilmoqda. Jumladan, 2026 yilda Xorazm viloyatida imom-xatib va imom noiblar uchun qiroat darslari o‘tkazildi.

Imom-domlalarimiz faoliyati faqat masjid va diniy marosimlarni o‘tkazish bilan cheklanib qolmay, ular mahalla, ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari, yoshlar, xotin-qizlar, mehnat migrantlari va boshqa ijtimoiy qatlamlar bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda.

Imom-xatiblar uchun muntazam ravishda malaka oshirish kurslari, o‘quv-seminarlar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etish yo‘lga qo‘yildi. Aholi bilan ochiq muloqotlar, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar va manzilli targ‘ibot ishlarining ko‘lami ham sezilarli darajada kengaydi. “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasini keng targ‘ib etish, yot g‘oyalarga qarshi ma’rifiy immunitetni kuchaytirish, huquqbuzarlik, jinoyatchilikning oldini olish, atrof-muhitni asrashga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot tadbirlari yiliga 17 mingdan ortiqni tashkil etmoqda.

Aholi murojaatlari bilan ishlash, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish, xayru ehson va saxovat tadbirlarini tashkil etish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, oilalarda tinchlik va totuvlikni mustahkamlash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Vakillikning boshqa tashkilotlar bilan hamkorligi, imom-xatiblar va otinoyilarning diniy ma’lumotini oshirib borish yo‘lida qilinayotgan amaliy ishlarning samaralari haqida ham aytib o‘tsangiz...

– Viloyat hokimligi va tegishli davlat tashkilotlari, mahalliy idoralar, ta’lim muassasalari, mahalla faollari hamda jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik asosida ish olib boramiz. Bu hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad yurtimizdagi tinchlik- osoyishtalikni asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni sog‘lom e’tiqod va milliy-ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shishdir.

Vakillik tizimida 175 nafar imom-xatib va imom-noib bor. Ularning malakasini oshirib borish maqsadida malaka oshirish kurslari bilan ham hamkorligimiz bor. Oxirgi bir yilda 29 nafar imom-xatib, 22 nafar imom-noib Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida malaka oshirib keldi.

Qiyos uchun, 2015 yilda viloyatdagi imom-xatiblarning 11 nafari oliy ma’lumotga ega edi. Hozirgacha 55 nafar imom-xatib diniy oliy ma’lumotli bo‘ldi. 8 nafar imom-xatib va 1 nafar imom-noib magistrlik darajasini oldi, 3 nafar imom-xatib esa doktorantura bosqichida tahsil olmoqda. 20 nafar imom-xatib Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida modul tizimi asosida o‘qiyapti. Yaqin istiqbolda imom-xatiblarimizni 100 foiz oliy diniy ma’lumotli qilish niyatidamiz. Shu bilan birgada 8 nafar imom-xatib tomonidan 12 ta diniy ma’rifiy kitoblar nashr etildi.

Otinoyilar faoliyatini yagona tizim asosida tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyatda faoliyat yuritayotgan 281 nafar otinoyining malakasini muntazam oshirish, ish samaradorligini o‘rganish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Otinoyilar mahallalarda xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, ularning diniy savodxonligini oshirish, murojaatlarini o‘rganish, oilaviy muhitni sog‘lomlashtirish va ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlashda faol ishtirok etmoqda.

– Aholining diniy savodxonligini oshirishga xizmat qilayotgan Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish o‘quv kursi faoliyati haqida ham to‘xtalsangiz?

– “Imom Faxriddin ar-Roziy” o‘rta-maxsus islom ta’lim muassasasida Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish o‘quv kursi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Tinglovchilarni ro‘yxatga olish kitoblari raqamlanib, muhrlangan hamda ularni elektron shaklda yuritish tashkil etilgan. O‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etiladi.

Bugungi kunga qadar kurslarga 10 mingdan ziyod tinglovchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning 4 mingdan ortig‘i o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan. O‘zbekiston musulmonlari idorasining tegishli topshirig‘iga asosan, 2025 yildan boshlab Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish kurslarida o‘qish istagini bildirgan 60 yosh va undan yuqori bo‘lgan fuqarolarni navbatsiz, alohida kvota asosida qabul qilish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, 2026 yil yoz oylarida maktab va oliy ta’lim muassasalarida dars beruvchi pedagoglarning mehnat ta’tili vaqtlari hisobga olinib, 15 ta kvota tashkil etildi. Bu ishlar Qur’oni karimni o‘rganish istagida bo‘lganlar uchun yanada qulay imkoniyatdir.

– “Vaqf” xayriya jamoat fondi viloyat filiali tomonidan ijtimoiy ko‘mak, masjid-madrasalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qanday xayrli ishlar amalga oshirilmoqda?

– Shu yilning boshidan buyon filial tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand 2 869 ta oilaga jami 5 milliard 49 million 104 ming so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. E’tiborli jihati, 2025 yil Ramazon oyida boquvchisini yo‘qotgan oilalarga 3 ta uy-joy qurib berilgan bo‘lsa, ayni paytda yana 9 ta uy qurib bitkazilib, ularning hujjatlarini rasmiylashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu ezgu ishlar xalqimizga xos mehr-oqibat va saxovatning yana bir amaliy ifodasidir.

Fondning xayrli ishlari ta’lim sohasini ham qamrab olgan. Xususan, “Imom Faxriddin ar-Roziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida tahsil olayotgan, kontrakt to‘lovini amalga oshirishda qiynalayotgan 8 nafar talabaga jami 76 million so‘m miqdorida kontrakt to‘lovlari to‘lab berildi. Ta’lim muassasasining tashqi qiyofasi va obodligiga ham e’tibor qaratilib, madrasa tashqi devorlarini pardozlash va ta’mirlash ishlariga 14 million 904 ming so‘m yo‘naltirildi.

Shuningdek, homiylarni jalb etgan holda, o‘tgan o‘quv yilida talabalarning kontrakt to‘lovlari uchun 100 million so‘m mablag‘ ajratib berilgan bo‘lsa, yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan yana 60 million so‘m miqdorida kontrakt to‘lovlariga ko‘mak ko‘rsatildi.

Masjidlarni zarur jihozlar bilan ta’minlash borasida ham bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 4 ta masjid uchun jami 67 million 51 ming so‘mlik ovoz kuchaytirgich jihozlari olib berildi.

Kelgusida ham “Vaqf” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyati filiali tomonidan ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning ta’lim olishiga ko‘maklashish, masjid va madrasalarni obod qilish kabi xayrli tashabbuslar davom ettiriladi.

Umuman olganda, vakilligimiz va tizim xodimlari o‘z faoliyatiga bir martalik tadbir deb emas, balki zimmasidagi mas’uliyat, uzluksiz jarayon sifatida yondashmoqda.

– Mazmunli va foydali suhbatingiz uchun tashakkur.

O‘MI Matbuot va media bo‘limi xodimi Abdulatif ABDULLAYEV suhbatlashdi.

O'zbekiston yangiliklari