O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida kasbiy mahoratni oshirish, ilmiy-ijodiy, ma’naviy-ma’rifiy faoliyat olib borish yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida "Ustoz-shogird" maktabi joriy qilinadi.
Bu an’anani qayta tiklash, sohada xizmat qilayotgan yosh kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida Farg‘ona viloyati vakilligi tomonidan tadbir tashkil etildi. Unda viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Alisher domla Naimov hamda shahar-tuman bosh imom-xatiblari, tajribali imomlar ishtirok etishdi.
Tadbirda ta’lim dargohlarini tamomlab, sohada faoliyat boshlagan yosh imomlar tajribali, ustozlarga biriktirilgani, ushbu tizim yosh imomlarning kasbiy mahoratini oshirish, ilmiy-ijodiy, ma’naviy-ma’rifiy faoliyatni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Ustoz va shogirdlarga qo‘yiladigan vazifalar aytildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Madinai munavvara shahridagi «Zamzam Pullman» mehmonxonasida bo‘lib turgan ziyoratchilar bilan suhbatlashdilar. Yurtdoshlarimizdan sog‘liklari, kayfiyatlari, ibodatlarini qanday ado etayotganlari, mehmonxonadagi sharoitlar haqida fikr-mulohazalarini so‘radilar.
Bo‘lajak hojilar ziyorat va ibodatlarni bekamu ko‘st ado etishlari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlardan nihoyatda mamnunligini bildirishdi. Ayniqsa, mehmonxona Harami sharifga juda yaqinligi yoshi ulug‘ kishilar uchun ham qulay bo‘layotgani, besh mahal namozni Masjidi Nabaviyda ado etishning shukuhi haqida so‘zladilar. Malakali imom-xatiblardan tashkil topgan ellikboshilar, ishchi guruhi, shifokorlar tunu-kun shay turishganini alohida e’tirof etishdi.
Muqaddas zaminda toat-ibodatlarini xotirjam bajarayotgan ziyoratchilar yaqinlari, oila a’zolari qatorida tez-tez el-yurtimiz, davlatimiz rahbari va boshqa mutasaddilar haqlariga duolar qilib, ofiyat va farovonligimiz bardavomligini Allohdan so‘rashmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati