O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida kasbiy mahoratni oshirish, ilmiy-ijodiy, ma’naviy-ma’rifiy faoliyat olib borish yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida "Ustoz-shogird" maktabi joriy qilinadi.
Bu an’anani qayta tiklash, sohada xizmat qilayotgan yosh kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida Farg‘ona viloyati vakilligi tomonidan tadbir tashkil etildi. Unda viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Alisher domla Naimov hamda shahar-tuman bosh imom-xatiblari, tajribali imomlar ishtirok etishdi.
Tadbirda ta’lim dargohlarini tamomlab, sohada faoliyat boshlagan yosh imomlar tajribali, ustozlarga biriktirilgani, ushbu tizim yosh imomlarning kasbiy mahoratini oshirish, ilmiy-ijodiy, ma’naviy-ma’rifiy faoliyatni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Ustoz va shogirdlarga qo‘yiladigan vazifalar aytildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 21 may kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan yurtimizdan yetishib chiqqan ulug‘ alloma Abul Husayn Peshog‘ariyning "Ismatul anbiyo" asari taqdimotiga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimiz ilm-fan va diniy-ma’rifiy sohasining yetakchi olimlari, tadqiqotchilari hamda mutaxassislari ishtirok etdi. Jumladan, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuxamedov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori Bahrom Abduhalimov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bosh ilmiy xodimi Zohidilla Munavvarov qatnashdi.
Taqdimotda so‘zga chiqqan Homidjon domla Ishmatbekov ishtirokchilarni yangi kitob bilan tabriklab, bu kabi kitoblarning ahamiyati xususida so‘z yuritdi. Shuningdek, u kishi o‘z so‘zida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat muhtasham obida, balki yurtimizdagi barcha diniy va ilmiy muassasalarni bir nuqtaga jamlagan maskan ekani, jahonga Islomning asl insonparvarlik va ilm-fan mohiyatini ko‘rsatuvchi vazifasini o‘tayotgani, shuningdek, Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashga va Yangi O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yuksaltirishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, taqdimotning asosiy ma’ruzachilari sifatida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari Abdullatif Alloqulov, Ahmad Sa’d Damanhuriy hamda Ixtiyor Abdurahmonov ishtirok etdi.
Mutaxassislar ushbu nashr ajdodlarimizning boy ilmiy merosini o‘rganish va uni kelajak avlodga yetkazish yo‘lida muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi. Tadbir davomida ushbu asarning dunyodagi yagona qo‘lyozma nusxasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgani, yangi nashr esa milodiy 1382 yilda Buxoroda ko‘chirilgan ana shu qo‘lyozma asosida tayyorlangani alohida qayd etildi.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur kitob moturidiyshunos olimlar Ahmad Sa’d Damanhuriy va Ixtiyor Abdurahmonovning ilmiy izlanishlari asosida tayyorlanib, ilk bor ilmiy tahqiq qilingan holda kitobxonlar e’tiboriga havola etildi. Mazkur asar Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashabbusi bilan Iordaniyaning nufuzli “G‘onim” nashriyotida chop etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati