Alloh taolo: «Eslang, Baytni (Ka'bani) odamlar uchun ziyoratgoh va xavfsiz joy qilib qo'ydik...» (Baqara surasi, 125-oyat), deb marhamat qiladi.
Oyati karimadagi “مَثَابَةً” so'zini mufassir ulamolarimiz ham haj, ham umrani ado etish uchun “qayta-qayta borib to'ymaydigan joy” deb ta'riflashgan. Alloh taolo Ikki Harami sharif – Masjidul Harom va Masjidi Nabaviyni muqaddas joy qildi. Bu maskanlarga bormagan odamning armoni – borguncha, borgan odamning armoni – vafot etguncha. Ya'ni, bir marta borgan odam qayta-qayta Ka'bai muazzamani, Ravzai sharifni ko'rishni orzu qilaveradi. Har borganda o'zgacha taassurot, o'zgacha ibrat, nasiba olib, katta hikmat bilan o'z vataniga qaytadi.
Alhamdulillah, bu safargi umra ziyoratimiz ham hikmatlarga boy bo'ldi. Madina shahrida sheriklarimiz bilan taksiga o'tirdik. Taksichidan: “Hizmat haqi qancha bo'ladi?” deb so'rasak, u: “١٥ riyol bo'ladi”, dedi. Biz u bilan savdolashib: “O'n riyol bersak bo'ladimi? Chunki bizda sunnatga muvofiq mehmonga alohida iltifot, hurmat-ehtirom ko'rsatiladi, e'zozlanadi”, dedik.
Shunda haydovchi: “Unday demangiz. Madina va Makka shaharlari barcha musulmonlarnikidir. Boshqa yurtlardan kelgan kishilar bu shaharlarda mehmon bo'lmaydi. Bu erda ular o'zlarini o'z yurtlaridagidek his etishlari kerak”, dedi.
Bu so'zni ko'p mulohaza qildim. Bu biz anglamagan hikmat ekan.
Haqiqatan, Makkayu Madina – barcha musulmonlarniki.
Nega?
Chunki Madinai munavvarada Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning Ravzai shariflari bor. Bu shahar Rasululloh tufayli ulug' bo'ldi, munavvar maskanga aylandi. Nabiy alayhissalom barcha mo'min-musulmonlarning payg'ambaridirlar. Biz ham qiyomat kuni boshqa mo'min-musulmon, boshqa ummat qatori Rasulullohning shafoatlariga muhtoj bo'lamiz. Payg'ambarimizning ziyoratlariga borsak, o'zimizni o'z uyimizdagidek his qilishimiz kerak.
Makkai mukarrama ham hamma musulmonlarniki. Chunki Ka'bai muazzama Yer yuzidagi barcha musulmonlarning qiblasidir. Alloh taoloning ibodatga loyiq yakkayu yagona Zot ekanini bilgan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning haq payg'ambar ekanliklariga iymon keltirgan kishi borki, Baytullohga qarab namoz o'qiydi. Ka'bai muazzamadan boshqa tomonga qarab o'qilgan namoz durust bo'lmaydi.
Har ikkala sharif shahar ibratga to'la. Madinai munavvara va Makkai mukarramada bo'lgan odam dunyoda yashayotgan barcha musulmon xalqlarni ko'radi, ulardan namuna oladi. Harami sharif tashqarisida bir insonga ko'zim tushdi. Uning ikki oyog'i ham yo'q, qo'llariga suyangan holda dumbasi bilan Ka'ba tomonga siljib borardi. Birozdan so'ng hamrohim yonimga kelib, haligi odam Ka'bani tavof qilib yuribdi, dedi.
Ko'z oldingizga keltiring-a, nogiron odam hech kimning ko'magisiz Ka'batullohga oshiqyapti, tisarilib-tisarilib Allohning baytini tavof qilmoqda...
Bu holatni ko'rib chiday olmadik. Chunki Alloh taolo bizning oyoqlarimizni, ko'zlarimizni, butun tanamizni sog'lom qilib qo'ydi. Jismimizda qanchadan-qancha ne'matlar mujassam. Lekin shu ne'matlarning shukrini ham ma'naviy, ham amaliy jihatdan ado eta olyapmizmi?
Ushbu savollarga “Ha” deb javob bersak, bera olsak, biz chinakam mo'minmiz, chinakam saodatli va baxtlimiz. .
Alloh taolo barchamizga O'z baytini takror-takror to O'zi rozi bo'lgunicha ziyorat qilishni nasib etsin.
Salohiddin domla ShARIPOV,
Uchtepa tumani “Hazrati Ali” jome
masjidi imom-xatibi
"Hidoyat" jurnalining 2024 yilgi 2-sonidan olindi
Bugun, 20 noyabr kuni Termiz shahrida o‘tkazilgan «Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati» mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari buyuk mutafakkir majmuasida bo‘ldilar.
Xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan muftiylar, taniqli ulamo va islomshunos olimlar hamda mahalliy soha vakillari muqaddas qadamjoda Qur’oni karim tilovat qilib, ulug‘ muhaddis va mutasavvif haqlariga duoi fotiha o‘qidilar. Butun dunyoda tinchlik-osoyishtalik barqaror bo‘lishi, yurtimiz yanada obodlashib, ajdodlarga munosib avlodlar yetishib chiqishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Mehmonlar mahobatli maqbara, serfayz hovli hamda majmuada amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Ular O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar va allomalar merosiga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromga yuqori baho berdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati