O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi joriy yilning 12 fevral kuni Xorazm viloyati Urganch shahrida o‘tkazildi.
“Oxun bobo” jome masjidida o‘tkazilgan tashkiliy yig‘ilishda diniy idora mutaxassislari, Xorazm viloyati vakilligi rahbariyati, tuman-shaharlar bosh imom-xatiblari hamda otinoyilari, shuningdek, Urganch shahridagi masjid imom-xatiblari, noiblari, otinoyilar, “Haj-2024” ziyoratchilari va MFYlar raislari taklif qilindi.
Tadbirga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosarlari Zayniddin Eshonqulov va Obidjon Qodirov boshchilik qilishdi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Obidjon Qodirov ijtimoiy tarmoqdan foydalanish, masjid telegram guruhlarini rivojlantirish, diniy ma’rifiy materiallar bilan boyitish, imom-xatiblarning masjid qavmi va yoshlar bilan yaqindan munosabat o‘rnatish hamda kunlik namozlarda olib boriladigan suhbatlarni hayotiy misollar bilan boyitib borish kabi ko‘rsatma va tavsiyalar berib o‘tdi.
Tadbir davomida Xiva shahridagi “Muruvvat” uyiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi va “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ajratilgan 2 dona nogironlik aravachasi va boshqa zaruriy jihozlar, jami 11 533 000 so‘mlik xayriya ishlari olib borildi.
Imom-xatiblar 7 toifaga mansub 150 ta oilaga, otinoyilar 4 toifaga mansub 25 ta oilaga, umumiy hisobda 175 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlarini olib borishdi. 30 ta xonadonda ma’naviy ko‘makka muhtoj bo‘lganlarni qiynab kelayotgan savollarga javoblar berildi. Nogiron va kasalmand, ehtiyojmand fuqarolar, shuningdek, tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 21 ta oilaga kirib, davolanish va dori darmon uchun moddiy yordam ko‘rsatildi.
Homiylarni jalb qilgan holda ehtiyojmandlarga oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlari hadya qilindi. Notinch bo‘lib turgan oilalar o‘rganilib, arazlashgan, janjallashganlarning aksari yarashtirildi.
***
Viloyat bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev hamrohligida Urganch shahridagi Imom Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi talabalari bilan ochiq muloqot ham o‘tkazildi. Zayniddin domla Eshonqulov keyingi yillarda yurtimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasini yuksaltirishga katta e’tibor berilayotgani, keng imkoniyatlar taqdim etilayotgani, jumladan, yangi diniy ta’lim muassasalari ochilayotgani, ularda ustoz va talabalarga barcha sharoitlar muhayyo qilinayotgani, Islom institutida magistratura yo‘nalishi tashkil etilganiga e’tibor qaratdi.
***
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Nazorat va tahlil bo‘limi mudiri Isomiddin Zuxriddinov tomonidan tuman-shahar bosh mutavallilari va Urganch shahrida faoliyat olib borayotgan masjid mutavallilari uchun o‘quv-seminari tashkil etildi.
***
Tadbir so‘ngida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Urganch shahri imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy hamda masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Misrning qator yetakchi OAVda O‘zbekiston–Misr o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, sayyohlar almashinuvini oshirish hamda ikki mamlakatning boy tarixiy, madaniy va diniy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Jumladan, “Aldiplomasy”, “Eldameer”, “Al-Muntasaf”, “Almsaey”, “Altaqrernews”, “Albawabhnews” kabi nashrlarda turizm ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida baholanib, uni rivojlantirishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surilgan.
O‘zbekistonning Misrdagi elchisi Mansurbek Kilichev O‘zbekistonda turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va xorijiy sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni ta’kidlagan. Misrlik sayyohlar uchun elektron viza imkoniyatining joriy etilishi turizm, biznes va madaniy almashinuvni rivojlantirishda muhim qadam sifatida qayd etilgan.
Maqolalarda O‘zbekiston va Misrning mushtarak islomiy merosidan foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan. Qohiradagi Al-Azhar ush-Sharifni O‘zbekistondagi Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy merosi bilan bog‘lash orqali diniy-ma’rifiy turizmni rivojlantirish taklif etilgan.
Bu borada “Umra Plyus” dasturlari muhim ahamiyat kasb etib, ziyorat safarlarini tarixiy shaharlar, me’moriy obidalar va madaniy maskanlarga tashriflar bilan uyg‘unlashtirish imkonini beradi. Misrlik sayyohlarni Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkentga jalb etish hamda ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida qo‘shma sayyohlik dasturlarini ishlab chiqish istiqbollari ham ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Islomiddin Sirojiddinov mamlakatning sayyohlik salohiyatini taqdim etib, tog‘li hududlar, qishki kurortlar, tarixiy obidalar va milliy madaniyat misrlik sayyohlar uchun jozibador yo‘nalishlar ekanini ta’kidlagan.
Chimyon, Amirsoy, Chorvoq, Zomin milliy bog‘i, Samarqand va Xiva kabi maskanlarni targ‘ib qilish, misrlik turoperatorlar va jurnalistlar uchun tanishuv safarlarini tashkil etish hamda arab tilidagi targ‘ibot materiallarini tayyorlash taklif etilgan.
Maqolalarda keltirilishicha, O‘zbekiston o‘tgan yili 11,7 million tashrif buyuruvchini qabul qilgan, joriy yilning birinchi yarmida esa sayyohlar oqimi 25 foizga o‘sgan.
Misr tomoni vakillari ham ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish, sayyohlik yo‘nalishlarini o‘zaro bog‘lash va xizmatlar sifatini oshirish muhimligini qayd etgan. Misr Turizm palatalari federatsiyasi raisi o‘rinbosari Nosir Turki aviaqatnovlarni rivojlantirish va viza tartiblarini soddalashtirishni qo‘shma turistik dasturlar muvaffaqiyatining asosiy shartlari sifatida ko‘rsatgan.
Xalqaro “Umra Plyus” turizm uyushmasi raisi o‘rinbosari Hakan Shahin 2027 yilda Misrga 100 mingdan 150 ming nafargacha o‘zbek sayyohini jalb etish hamda 6–7 iyun kunlari Qohirada xalqaro turizm ko‘rgazmasini tashkil etish rejalarini ma’lum qilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati