#kun_hikmati
Shayx Muhammad Siddiq ibn Hasan Qinnavjiy ilmning lazzati haqida quyidagi so‘zlarni aytgan:
"Shuni bilingki, bir narsaning sharafi yo ayni o‘zida bo‘ladi yoki uning natijasida kelib chiqadi. Ilmda esa bu ikki holatdagi sharaf ham mavjud. Chunki ilmning aynan o‘zi lazzatli, shuning uchun ham uning o‘zi talab qilinadi va yana uning natijasi ham shirindir. Ayni shu natija uchun ham ilm o‘rganilishi mumkin".
#ilm #lazzat #izlanish
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 18 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida joylashgan «Xoja Buxoriy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida «1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni» munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakilligi hamda «Vaqf» xayriya jamoat fondi viloyat filiali hamkorligida o‘tkazildi. Unda viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov va «Vaqf» fondi filiali rahbari Rajabali domla Norqo‘chqorov ishtirok etdi.
Yig‘ilishda so‘z olganlar ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan mudarrislar hamda faxriy ustozlarni qutlug‘ ayyom bilan samimiy muborakbod etib, ularning yosh avlodga sof islomiy ilmlar, odob-axloq va ezgu qadriyatlarni yetkazish yo‘lidagi fidokorona mehnatlarini alohida e’tirof etdilar.
Tadbir doirasida ustoz va murabbiylarga chuqur hurmat-ehtirom ramzi sifatida bayram sovg‘alari hamda moddiy rag‘batlantirish mablag‘lari topshirildi.
Ma’rifat ulashuvchi, millat kelajagini tarbiyalovchi ustozlarni e’zozlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday xayrli tashabbuslar jamiyatda mehr-oqibat va minnatdorlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati