#kun_hikmati
Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadilar:
“Hilm – ilmning vaziri. Muloyimlik – ilmning otasi. Tavoze’ esa ilmning libosidir”.
– Hilm – qiyinchiliklarga sabrli va matonatli bo‘lib, g‘azabni ichga yutish, odamlar bilan muomalada yumshoq bo‘lishdir. Buning aksi – g‘azab, jizzakilik va serjahllikdir.
– Muloyimlik – yumshoqlik, og‘ir-bosiqlik bilan muomala qilish. Uning aksi – dag‘allik, qo‘pollik, bag‘ritoshlik, qo‘rslikdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh muloyimdir va muloyimlikni yaxshi ko‘radir”, deganlar.
– Tavoze’ – o‘zini katta tutmaslik. Buning aksi – takabburlik, o‘zini katta sanash, g‘ururlanish.
#hilm #ilm #muloyimlik
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
— Haj vaqtida ziyoratchilarimiz shaytonga tosh otishadi. Tosh nima uchun otiladi?
— Darhaqiqat, haj vaqtida qilinadigan amallardan biri bu – Minoda shaytonga tosh otishdir. Shayton hamma yerda ham bo‘lishi mumkin. Aynan hajda va ma’lum joylarda shaytonga tosh otish, shayton o‘sha vaqt va joylarda Ibrohim alayhissalomga qutqu solganda u zot uni tosh otib quvganlari uchundir. Bunda shaytonga qarshi kurashning ramzi bordir.
Shaytonga tosh otish, avvalo ichdagi shaytonni toshbo‘ron qilish ila boshlanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Shaytonga tosh otish va Safo bilan Marva orasida say’ qilmoq, faqat Allohning zikrini qoim qilmoq uchun amr qilingandir”.
Yana tosh otishdan maqsad, shaytonni yomon ko‘rishdir. Tosh otilar ekan, shayton qalbga vasvasa solganida “A’uzubillahi minashshaytonir rojim” (toshbo‘ron qilingan shaytonning yomonligidan Allohdan panoh so‘rayman) ifodasi bilan bartaraf etish lozim.
Mo‘minlar shaytonning har turli fasodlariga qarshi o‘yg‘oq bo‘lishga harakat qilishi zarur. Haj safari asnosida esa vasvasalarga yengilmaslik, sabr qilish va imtihon ekanini tushunib, haj ibodatini mukammal ado etishdir.
Ustoz Muhammad Ayyub Homidov