#kun_hikmati
Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadilar:
“Hilm – ilmning vaziri. Muloyimlik – ilmning otasi. Tavoze’ esa ilmning libosidir”.
– Hilm – qiyinchiliklarga sabrli va matonatli bo‘lib, g‘azabni ichga yutish, odamlar bilan muomalada yumshoq bo‘lishdir. Buning aksi – g‘azab, jizzakilik va serjahllikdir.
– Muloyimlik – yumshoqlik, og‘ir-bosiqlik bilan muomala qilish. Uning aksi – dag‘allik, qo‘pollik, bag‘ritoshlik, qo‘rslikdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh muloyimdir va muloyimlikni yaxshi ko‘radir”, deganlar.
– Tavoze’ – o‘zini katta tutmaslik. Buning aksi – takabburlik, o‘zini katta sanash, g‘ururlanish.
#hilm #ilm #muloyimlik
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan vohamiz aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayrli ishlar davom etmoqda.
Bugun, O‘MI Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov boshchiliklarida homiylar jalb etilgan holda mahalla hududidagi xonadonlarga tashrif buyurib, xonadon ahillari bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sovg‘a-salomlar va xayr-ehson qutilari tarqatildi.
Bunday xayrli tashabbuslar xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lib, ehtiyojmand oilalarga ma’naviy dalda va ko‘mak berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizda fayzu baraka bardavom bo‘lsin!
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati