Savol: Ayollar ham xatm qilish uchun taroveh namozini jamoat bo‘lib o‘qishlari mumkinmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ayollarning Qur’onni xatm qilish maqsadida tarovehni jamoat bo‘lib o‘qishlari makruh hisoblanadi. Ayollar uchun bu borada eng maqbul yechim uyida o‘zi taroveh namozini o‘qiydi. Kuchi yetgunicha Qur’oni karimni o‘qib, xatmini ham qilib boraveradi. Qolaversa, ayollarni namozi haqida Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Ayol kishining hovlisidagi namozidan uydagi namozi afzaldir. Uning uydagi namozidan o‘ziga xos xonasidagi namozi afzaldir” (Imom Abu Dovud va Imom Bazzor rivoyati). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hazrati Muoviyaning davrlarida ikki odam janjallashib qoldi. Janjal asnosida biri boshqasining tishini urib sindirdi. U singan tishini olib, Muoviya roziyallohu anhuning huzurlariga bordi va: «Tishning qasosi tish bo‘ladi, shuning uchun qasos olib bering», dedi.
Hazrati Muoviya: «To‘g‘ri, sening haqqing bor, lekin nima foyda? Sening tishing-ku sinib bo‘ldi. Unikini ham sindiraylikmi? Uning o‘rniga tishingning xunini ol, xun evaziga murosa qil», dedilar.
U kishi: «Men aynan o‘sha tishini sindirib qasos olaman», dedi. Muoviya roziyallohu anhu unga yana qayta tushuntirdilar. Lekin u ko‘nmadi. Hazrati Muoviya keyin: «Undoq bo‘lsa yur, uning ham tishini sindiramiz», dedilar.
Yo‘lda mashhur sahoba Abu Dardo roziyallohu anhu o‘tirgan edilar. U zot shunday dedilar: «Birodar! Qara, sen-ku qasos olyapsan. Lekin bu gapni ham eshitib ket. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kim birovga aziyat yetkazsa va aziyat yetgan kimsa uni kechirib yuborsa, Alloh taolo uni afvga eng ko‘p muhtoj bo‘ladigan kunda (ya’ni oxiratda) afv qiladi», deganlarini eshitganman».
Boyagina g‘azabga minib, xun haqi olishga hech rozi bo‘lmay turgan odam ushbu hadisni eshitgach: «Siz bu hadisni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganmisiz?» deb so‘radi. Abu Dardo roziyallohu anhu: «Ha, eshitganman, mening mana shu quloqlarim eshitgan», dedilar.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan