2025 yilning 25 yanvaridan 25 mayiga qadar Saudiya Arabistonining Jidda shahrida o‘tkazilayotgan “II Xalqaro Islom san’ati biyennalesi” bo‘lib o‘tmoqda. Nufuzli ko‘rgazmada butun dunyodan islomiy meros, nodir qo‘lyozmalar, hattotlik va naqqoshlik ijodlari, qadimiy tangalar, liboslar va boshqa noyob eksponatlar namoyish etilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasi fondida saqlanayotgan Katta Langar Qur’onining ikki sahifasi ushbu ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Mazkur eksponatni namoyish etish tashabbusi O‘zbekistondagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan ilgari surildi.
***
Ko‘rgazmadagi ishtirok va unga tayyorgarlik jarayoni bir necha bosqichda amalga oshirildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Diniy idora kutubxonasi fondida saqlanayotgan Katta Langar Qur’onini shaxsan ko‘zdan kechirib, uning himoyasi, kelajak avlodga yetkazilishi va xalqaro ko‘rgazmalarda munosib taqdim etilishi borasida muhim ko‘rsatmalar berdilar.
Ko‘rgazmaga yo‘l olgan vakilimizni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulovlar xayrli duolar bilan kuzatib, ushbu namoyish yurtimiz va islomiy meros uchun manfaatli bo‘lishini tiladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kutubxona bo‘limi mudiri Kamoliddin Mahkamov Jidda shahriga borib, ko‘rgazma maxsus guruhi vakillari hamda Fransiyaning Luvr muzeyi restavratori bilan hamkorlikda Katta Langar Qur’oni sahifalarini ko‘rgazma zalidagi maxsus jihozga joylashtirdi.
Aytish mumkinki, Katta Langar Qur’oni Islom tamaddunining noyob durdonasi bo‘lib, uning sahifalari jahon ilmiy jamoatchiligi va san’atshunoslari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda.
***
Xalqaro Islom san’ati biyennalesi dunyo bo‘ylab ko‘plab taniqli san’atshunos, tarixchi va ilmiy jamoatchilik vakillarini birlashtiradigan yirik ko‘rgazmalardan hisoblanadi. Unda O‘zbekistonning bebaho islomiy merosi namoyish etilishi mamlakatimiz madaniy-ilmiy merosini dunyo hamjamiyatiga tanitishda muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Nur tarqatuvchi sahifalar: Islom markazida noyob qo‘lyozmalar jamlanmoqda
Turkiy dunyodan Movarounnahrgacha bo‘lgan Qur’onlar
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasining Qur’on zali bo‘limida yuksak ilmiy va ma’naviy ahamiyatga ega “114 Qur’on” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi — dunyo muzeylari va arxivlarida saqlanayotgan, O‘zbekiston tarixiy merosiga aloqador Qur’on qo‘lyozmalarini saralab olib, ularni keng jamoatchilikka taqdim etishdir.
Yaqinda Markazda bo‘lib o‘tgan ilmiy kengash yig‘ilishida Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez ushbu loyiha bo‘yicha keng qamrovli taqdimot o‘tkazdi. U o‘z ma’ruzasida tayyorlanayotgan albom haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tdi.
Albom “Kirish” qismi va to‘rt asosiy bo‘limdan tashkil topib, VII asrdan XX asrgacha bo‘lgan davrda yaratilgan Qur’on qo‘lyozmalarini qamrab oladi. Bu asarlar orasida Usmon mus'hafi, Katta Langar Qur’oni, Moviy Qur’on kabi jahon miqyosida tan olingan nusxalar bilan bir qatorda, Somoniylar, G‘aznaviylar, Temuriylar va boshqa sulolalarga tegishli nodir sahifalar ham o‘rin olgan.
Albomda har bir qo‘lyozmaning tilla suvi bilan bezatilgan ikki sahifasi faksimile shaklida taqdim etiladi. Bu sahifalar orqali Qur’oni karimning to‘liq vizual manzarasini yaratish ko‘zda tutilgan. Hozirda 103 ta qo‘lyozma sahifalanib, albomning 90 foizi tayyor holga keltirilgan. Qolgan 11 ta qo‘lyozma yaqin kunlarda to‘liq yakunlanishi kutilmoqda.
Ayni paytda, albomda Amir Temur nabirasi Muhammad Sultonning qizi Shodmulk xotun tomonidan 1467 yilda ko‘chirilgan Qur’on nusxasi hamda Qo‘qon xoni Amir Umarxon tomonidan Usmoniylar sultoni Mahmud II ga tuhfa etilgan nusxa ham o‘rin olishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 1318 yilda Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonga bag‘ishlab tilla varaqda yozilgan, 700 yillik tarixga ega Qur’on sahifalari ham loyihaning eng muhim qismlaridan biri sifatida taqdim etilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda ekspozitsiya uchun mo‘ljallangan Qur’on nusxalari davriy asosda joylashtirilishi ma’lum qilindi.
Albomning umumiy hajmi 500 sahifaga yaqin bo‘lib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qur’on zali bo‘limida ushbu meros dunyo tamadduni tarixi va ma’naviy ulkan boyligini jonli tarzda namoyon etadi.
Shuningdek, yig‘ilishda mazkur loyihaning muqova dizayni ham taqdim etildi. Ushbu muqova o‘zining shakli, bezagi va estetik yechimi bilan Ka’baning tashqi ko‘rinishini eslatishi qayd etildi. Kengash a’zolari bu taklifni ma’qullashdi.