O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani "Toqchilik" jome masjidi imom noibi Ansoriddin qori Mamarasulovning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum qorini O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Din rivoji, xalq ma’rifati va Vatan ravnaqi yo‘lida qilgan barcha xizmatlarini Alloh qabul aylasin!
Haq taolo marhum domlaning ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Ansoriddin qori Mamarasulovning oila a’zolari, yor-birodarlari, safdoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi bugun soat 16:00 da tumandagi Sayiljoyi mahallasi, Umid-Obod ko‘chasi, 51-uyda o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Yurtimizda aholi ma’naviyatini yuksaltirish, sof e’tiqod va milliy qadriyatlarimizni keng yoyish hamda xalqimizga to‘g‘ri va ishonchli diniy-ma’rifiy ilmlarni yetkazishda davriy matbuot nashrlarining o‘rni beqiyos.
Joriy yilning 17 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston musulmonlari idorasining «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasiga 2026 yilgi obuna mavsumida faol ishtirok etib, ushbu nashrlar targ‘ibotiga munosib hissa qo‘shgan soha mas’ullari va imom-xatiblarni taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Shamsiddinxon Boboxonov» nashriyot-matbaa ijodiy uyi Davriy nashrlar bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Inomov hamda nashrlar bosh muharriri Abdujalil Xo‘jamov ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, mazkur gazeta va jurnallar shunchaki matbuot vositasi emas, balki har bir xonadonga ilm-ma’rifat, sog‘lom e’tiqod va fazilat olib kiruvchi mo‘tabar ma’naviy manbalardir. Ular orqali xalqimiz mo‘tadil diniy ilmlarni o‘zlashtirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga rasmiy va asosli javoblar olish imkoniga ega bo‘ladi.
Muloqot davomida diniy nashrlarning jamiyatdagi ahamiyatini oshirish, aholini mutolaaga jalb etish va yangi bosqichdagi obuna ishlarini yanada samarali tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbir yakunida nashrlarni aholi orasida keng targ‘ib etishda fidoyilik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan bir guruh imom-xatiblar va soha xodimlariga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati