frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Maqolalar

"Laa ilaha illalloh" deb aytishning fazli

17.02.2025   6719   4 min.

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ ‏رَضِيَ اللهُ عَنْهُ‏ أَنَّهُ قَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ مَنْ أَسْعَدُ النَّاسِ بِشَفَاعَتِكَ يَوْمَ ‏الْقِيَامَةِ؟ قَالَ رَسُولُ اللهِ ﷺ‏: لَقَدْ ظَنَنْتُ يَا أَبَا هُرَيْرَةَ أَلَّا يَسْأَلُنِي عَنْ هَذَا ‏الْحَدِيثِ أَحَدٌ أَوَّلُ مِنْكَ لِمَا رَأَيْتُ مِنْ حِرْصِكَ عَلَى الْحَدِيثِ: أَسْعَدُ النَّاسِ ‏بِشَفَاعَتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ مَنْ قَالَ لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ خَالِصًا مِنْ قَلْبِهِ أَوْ نَفْسِهِ. رَوَاهُ ‏الْبُخَارِيُّ.‏

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Yo Allohning Rasuli, odamlar ichida qiyomat kuni shafoatingiz bilan eng saodatmand bo‘ladigan kishi kim?» dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo Abu Hurayra, aniqki, shu gapni sendan oldin hech kim so‘ramasligini bilar edim, chunki hadisga o‘ta harisligingni ko‘rganman. Odamlar ichida qiyomat kuni shafoatim bilan eng saodatmand bo‘ladigan kishi «Laa ilaha illalloh»ni qalbidan [yoki vujudidan] ixlos bilan aytgan kishidir», dedilar (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

Sharh: Sahobalar ichida eng ko‘p hadis rivoyat qilgan zot Abu Hurayra roziyallohu anhudir. Bunga asosiy sabablardan biri u kishini hadisga bo‘lgan kuchli ishtiyoqlari, imkon qadar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ajralmasdan doim birga bo‘lishlaridir.


Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning og‘izlaridan chiqqan hadislarni jon qulog‘i bilan tinglar va yodlab olar edilar. Ko‘pincha savollar ham berar edilar. Abu Hurayra roziyallohu anhu ana shunday savollaridan birida: "Ey Allohning Rasuli, odamlar ichida qiyomat kuni shafoatingiz bilan eng saodatmand bo‘ladigan kishi kim?" ya’ni, qiyomat kuni sizning shafoatingizdan eng ko‘p nasibador bo‘ladigan kim, deb so‘ragan ekanlar.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Yo Abu Hurayra, aniqki, shu gapni sendan oldin hech kim so‘ramasligini bilar edim, chunki hadisga o‘ta harisligingni ko‘rganman" debdilar. Bu esa Abu Hurayra roziyallohu anhu uchun buyuk shahodatdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning falon savolni Abu Hurayradan boshqa odam bermasa kerak, deb yurishlariga sazovor bo‘lish katta gap.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z gaplarini davom etdirib: «Odamlar ichida qiyomat kuni shafoatim bilan eng saodatmand bo‘ladigan kishi "Laa ilaha illalloh»ni qalbidan [yoki vujudidan] ixlos bilan aytgan kishidir", dedilar.
Bu yerda ham ixlosga alohida e’tibor berilmoqda. Ixlos Allohni ko‘rib turgandek ibodat qilish.

Demak, kalimai tavhidni Allohni ko‘rib turgandek his bilan, chin qalbdan aytish qiyomat kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shafoatlaridan eng ko‘p bahramand bo‘lishga olib kelar ekan.
Avvalo, chin qalbdan ixlos bilan aytish shartligiyu ixlos bilan aytish amalsiz bo‘lmasligini unutmasligimiz lozim.
Ikkinchidan, «Laa ilaaha illalloh» deyishdan maqsad, faqat shu iborani aytishdangina iborat emas, Ahli sunna va jamoa qabul qilganidek, kalimai tavhidni aytib, uning taqozosi bo‘yicha ish tutishdir.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Qiyomat, shafoat kabi narsalar haqida savol berish mumkinligi.
2. Qiyomatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shafoatlari ummatlarining ixlos va qilgan amallariga qarab bo‘lishi.
3. «Laa ilaaha illalloh»ning fazli ulug‘ligi.
4. Abu Hurayra roziyallohu anhuning ahli fazl egalaridan ekanliklari.
5. Birovning fazli haqida o‘ziga xabar berish mumkinligi.
6. Hadisga haris bo‘lish – nihoyatda qiziqishning yaxshiligi.
7. Ixlos bilan ish tutish zarurligi.


"Hadis va Hayot" kitobi asosida.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bu hadisni Rasululloh ﷺdan eshitganmisiz?

30.06.2025   1427   1 min.
Bu hadisni Rasululloh ﷺdan eshitganmisiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Hazrati Muoviyaning davrlarida ikki odam janjallashib qoldi. Janjal asnosida biri boshqasining tishini urib sindirdi. U singan tishini olib, Muoviya roziyallohu anhuning huzurlariga bordi va: «Tishning qasosi tish bo‘ladi, shuning uchun qasos olib bering», dedi.


Hazrati Muoviya: «To‘g‘ri, sening haqqing bor, lekin nima foyda? Sening tishing-ku sinib bo‘ldi. Unikini ham sindiraylikmi? Uning o‘rniga tishingning xunini ol, xun evaziga murosa qil», dedilar.

U kishi: «Men aynan o‘sha tishini sindirib qasos olaman», dedi. Muoviya roziyallohu anhu unga yana qayta tushuntirdilar. Lekin u ko‘nmadi. Hazrati Muoviya keyin: «Undoq bo‘lsa yur, uning ham tishini sindiramiz», dedilar.


Yo‘lda mashhur sahoba Abu Dardo roziyallohu anhu o‘tirgan edilar. U zot shunday dedilar: «Birodar! Qara, sen-ku qasos olyapsan. Lekin bu gapni ham eshitib ket. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kim birovga aziyat yetkazsa va aziyat yetgan kimsa uni kechirib yuborsa, Alloh taolo uni afvga eng ko‘p muhtoj bo‘ladigan kunda (ya’ni oxiratda) afv qiladi», deganlarini eshitganman».

Boyagina g‘azabga minib, xun haqi olishga hech rozi bo‘lmay turgan odam ushbu hadisni eshitgach: «Siz bu hadisni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganmisiz?» deb so‘radi. Abu Dardo roziyallohu anhu: «Ha, eshitganman, mening mana shu quloqlarim eshitgan», dedilar.

«Nasihatlar guldastasi» kitobidan