Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ قَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ مَنْ أَسْعَدُ النَّاسِ بِشَفَاعَتِكَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ؟ قَالَ رَسُولُ اللهِ ﷺ: لَقَدْ ظَنَنْتُ يَا أَبَا هُرَيْرَةَ أَلَّا يَسْأَلُنِي عَنْ هَذَا الْحَدِيثِ أَحَدٌ أَوَّلُ مِنْكَ لِمَا رَأَيْتُ مِنْ حِرْصِكَ عَلَى الْحَدِيثِ: أَسْعَدُ النَّاسِ بِشَفَاعَتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ مَنْ قَالَ لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ خَالِصًا مِنْ قَلْبِهِ أَوْ نَفْسِهِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Yo Allohning Rasuli, odamlar ichida qiyomat kuni shafoatingiz bilan eng saodatmand bo‘ladigan kishi kim?» dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo Abu Hurayra, aniqki, shu gapni sendan oldin hech kim so‘ramasligini bilar edim, chunki hadisga o‘ta harisligingni ko‘rganman. Odamlar ichida qiyomat kuni shafoatim bilan eng saodatmand bo‘ladigan kishi «Laa ilaha illalloh»ni qalbidan [yoki vujudidan] ixlos bilan aytgan kishidir», dedilar (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Sharh: Sahobalar ichida eng ko‘p hadis rivoyat qilgan zot Abu Hurayra roziyallohu anhudir. Bunga asosiy sabablardan biri u kishini hadisga bo‘lgan kuchli ishtiyoqlari, imkon qadar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ajralmasdan doim birga bo‘lishlaridir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning og‘izlaridan chiqqan hadislarni jon qulog‘i bilan tinglar va yodlab olar edilar. Ko‘pincha savollar ham berar edilar. Abu Hurayra roziyallohu anhu ana shunday savollaridan birida: "Ey Allohning Rasuli, odamlar ichida qiyomat kuni shafoatingiz bilan eng saodatmand bo‘ladigan kishi kim?" ya’ni, qiyomat kuni sizning shafoatingizdan eng ko‘p nasibador bo‘ladigan kim, deb so‘ragan ekanlar.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Yo Abu Hurayra, aniqki, shu gapni sendan oldin hech kim so‘ramasligini bilar edim, chunki hadisga o‘ta harisligingni ko‘rganman" debdilar. Bu esa Abu Hurayra roziyallohu anhu uchun buyuk shahodatdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning falon savolni Abu Hurayradan boshqa odam bermasa kerak, deb yurishlariga sazovor bo‘lish katta gap.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z gaplarini davom etdirib: «Odamlar ichida qiyomat kuni shafoatim bilan eng saodatmand bo‘ladigan kishi "Laa ilaha illalloh»ni qalbidan [yoki vujudidan] ixlos bilan aytgan kishidir", dedilar.
Bu yerda ham ixlosga alohida e’tibor berilmoqda. Ixlos Allohni ko‘rib turgandek ibodat qilish.
Demak, kalimai tavhidni Allohni ko‘rib turgandek his bilan, chin qalbdan aytish qiyomat kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shafoatlaridan eng ko‘p bahramand bo‘lishga olib kelar ekan.
Avvalo, chin qalbdan ixlos bilan aytish shartligiyu ixlos bilan aytish amalsiz bo‘lmasligini unutmasligimiz lozim.
Ikkinchidan, «Laa ilaaha illalloh» deyishdan maqsad, faqat shu iborani aytishdangina iborat emas, Ahli sunna va jamoa qabul qilganidek, kalimai tavhidni aytib, uning taqozosi bo‘yicha ish tutishdir.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Qiyomat, shafoat kabi narsalar haqida savol berish mumkinligi.
2. Qiyomatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shafoatlari ummatlarining ixlos va qilgan amallariga qarab bo‘lishi.
3. «Laa ilaaha illalloh»ning fazli ulug‘ligi.
4. Abu Hurayra roziyallohu anhuning ahli fazl egalaridan ekanliklari.
5. Birovning fazli haqida o‘ziga xabar berish mumkinligi.
6. Hadisga haris bo‘lish – nihoyatda qiziqishning yaxshiligi.
7. Ixlos bilan ish tutish zarurligi.
"Hadis va Hayot" kitobi asosida.
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV