Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Yanvar, 2026   |   28 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:39
Shom
17:25
Xufton
18:42
Bismillah
17 Yanvar, 2026, 28 Rajab, 1447

Duo qilishdagi eng katta xato

17.02.2025   7562   4 min.
Duo qilishdagi eng katta xato

“Duo” arabcha so‘rash, iltijo, chaqirish ma’nolarini anglatuvchi so‘z bo‘lib, insonning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarining qondirilishini so‘rab Alloh taologa murojaat qilishi, Unga yuksak umid va ilohiy muhabbat bilan iltijo etishi hisoblanadi. Duo — bandaning o‘z Robbisiga bo‘lgan muhabbatining, iymonining va umidining eng ta’sirchan ifodasi bo‘lib, insonning qalbidagi chuqur ehtiyoj va xohishlarning Alloh taologa yuborilgan mukarram arizasidir.

Alloh taolo O‘z kalomida bandalarini duo qilishga targ‘ib qilib bunday marhamat qiladi:

«Menga duo qilinglar, sizlarga ijobat qilaman» (G‘ofir surasi, 60-oyat).

Ushbu oyatda Alloh taolo bandalariga duo qilishni buyurib, O‘z va’dasini aniq bayon qilgan. Chunki duo Alloh bilan banda o‘rtasidagi eng samimiy va samimiyatga asoslangan aloqadir.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham duo haqida shunday marhamat qiladilar: "Duo qiling, chunki duo ibodatning o‘zagi va mag‘zidir".

Bu hadis inson uchun duoning naqadar muhim ekanligini anglatadi. Duo faqatgina so‘rash yoki tilovot emas, balki bandaning Alloh taologa muhabbat va iymon bilan yuzlanishi, Uning buyukligi va kamolotini e’tirof qilishi, o‘zining ojizligini tan olishi va Robbisiga tobelikni ifodalashidir.


Duo – qullik maqomi

Banda duo orqali faqat ehtiyojlarini so‘ramaydi. Duo, avvalo, Alloh taoloning chaqirig‘iga «Labbayk!» deb javob berish, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning duo haqidagi tavsiyalarini bajarish va ayni paytda, ibodatni ado etishdir. Chunki duo qilgan inson Allohga yaqinlashish yo‘lini topadi, qalbidagi har qanday tashvishlardan qutiladi va ruhiy orom topadi.

Biroq ba’zan inson duo qiladi-yu, uning ijobati kechikkanidan xafa bo‘ladi, hatto duo qilishni to‘xtatish xavfiga tushadi. Ammo bu — bandaning katta xatosi hisoblanadi. Duoning ijobati yoki kechikishi Allohning hikmatiga bog‘liqdir. Banda uchun eng muhim jihat — Allohga duo qilishda davom etish va Unga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmaslikdir. Chunki duo – qullikning o‘zi, bandalik burchini ado etishning eng yuksak ifodasidir.


Duoning ijobati hikmati

Tasavvuf ulamolaridan bo‘lgan Yahyo ibn Said al-Qatton rohimahulloh bir kecha tushlarida Alloh taoloni ko‘radilar va shunday murojaat qiladilar:

«Allohim, senga necha marta duo qildim, ammo ijobat qilmading!»

Alloh taolo shunday javob bergan ekan:

«Ey Yahyo, Men sening ovozingni eshitishni yaxshi ko‘raman».

Bu hikoya insonga katta saboq beradi. Alloh taolo doimo bandalarining duolarini eshitadi, ularning har bir murojaati Uning huzurida qabul bo‘ladi. Ammo U Zotning hikmatiga ko‘ra, bandalar so‘ragan narsalar yo o‘sha zahoti beriladi, yoki kechiktiriladi, yoxud undan yaxshiroq bir narsa bilan mukofotlanadi.


Duoda muvaffaqiyat va sabr

Har bir duo ibodatning ajralmas qismi va qullikning o‘zidir. Inson duo orqali o‘zini Allohning huzurida muhtoj, ojiz va miskin ekanini anglaydi. Shuningdek, duo insonning qalbini sukunatga, ongini ravshanlikka, hayotini barakaga to‘ldiradi.

«Duo qilinganida Allohdan ishonch bilan so‘rang. Chunki Alloh duo qiluvchining iltijosini rad etmaydi» degan hadis bu haqiqatni yanada chuqur anglatadi.

Shunday ekan, har bir banda duo qilishda sabrli bo‘lishi, Allohning hikmatiga ishonishi va Unga bo‘lgan muhabbat va iymonini mustahkamlashi kerak. Duo – inson va uning Robbisi o‘rtasidagi eng go‘zal va samimiy aloqadir.

Duo bilan hayotingizda bardavom baraka va sukunat bo‘lsin.

Akmaljon Rahmonov,
Modul ta’lim tizimi talabasi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor

16.01.2026   5373   2 min.
Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor

#xabar #muftiy #juma

 Bugun, 16 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi "Abu Saxiy" jome masjidida ado etdilar.

 Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga “Isro va me’roj voqeasi hikmatlari” mavzusida ma’ruza qilib berdilar.

Islom tarixidan ma’lumki, payg‘ambarlikning o‘ninchi yilida Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni bir kechada Makkadagi Masjidul Haromdan Quddusdagi Masjidul Aqsoga sayr qildirib, u yerdan osmonlarga ko‘tardi. Bu haqda Isro surasining 1-oyatida bunday xabar berilgan: “O‘z bandasi (Muhammad)ni bir kechada Masjidul Haromdan atrofini barakotli qilganimiz Masjidul Aqsoga olib borgan Zot (Alloh) barcha nuqsonlardan pokdir. Biz unga oyatlarimizdan (mo‘jizalarimizni) ko‘rsatish uchun (shu ishni qildik). Albatta, U eshituvchi va ko‘ruvchidir”.

 Ma’ruzada aytilganidek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam osmonlarga jismlari bilan ko‘tarilganlar. Har osmonda payg‘ambarlar va ko‘plab farishtalar bilan ko‘rishganlar. U zotga jannat va jahannam ahlining holi qanday bo‘lishi ko‘rsatilgan. Sidratul-muntaho – yaratilgan mavjudotlar ilmi va harakati tugaydigan joyga yetib, Allohning g‘ayb olamida ko‘pgina ajoyibotlarni ko‘rganlar. O‘shanda ba’zi oyatlar nozil bo‘lgan, besh vaqt namoz farz qilingan.

 Muftiy hazratlari ushbu buyuk mo‘jizadan olishimiz zarur bo‘lgan ayrim hikmatlarga to‘xtalib o‘tdilar. Jumladan, Allohning qudrati mutlaqo cheksizligi, Payg‘ambar alayhissalomning maqomlari naqadar ulug‘ligi, namoz – eng oliy maqomda amr qilingan ulug‘ ibodat ekani, imon – g‘oyibga ishonish ekani kabilarni oyat va hadislar bilan sharhlab berdilar.

 Manfaatli suhbat so‘ngida Alloh taolo barchamizni ushbu buyuk mo‘jizadan munosib ibrat olib, imon-e’tiqodda sobitqadam, hayot sinovlarida sabrli, O‘zidan umidini uzmaydigan bandalaridan qilishini so‘rab duo qilindi.

 O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

 

Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor
O'zbekiston yangiliklari