“Duo” arabcha so‘rash, iltijo, chaqirish ma’nolarini anglatuvchi so‘z bo‘lib, insonning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarining qondirilishini so‘rab Alloh taologa murojaat qilishi, Unga yuksak umid va ilohiy muhabbat bilan iltijo etishi hisoblanadi. Duo — bandaning o‘z Robbisiga bo‘lgan muhabbatining, iymonining va umidining eng ta’sirchan ifodasi bo‘lib, insonning qalbidagi chuqur ehtiyoj va xohishlarning Alloh taologa yuborilgan mukarram arizasidir.
Alloh taolo O‘z kalomida bandalarini duo qilishga targ‘ib qilib bunday marhamat qiladi:
«Menga duo qilinglar, sizlarga ijobat qilaman» (G‘ofir surasi, 60-oyat).
Ushbu oyatda Alloh taolo bandalariga duo qilishni buyurib, O‘z va’dasini aniq bayon qilgan. Chunki duo Alloh bilan banda o‘rtasidagi eng samimiy va samimiyatga asoslangan aloqadir.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham duo haqida shunday marhamat qiladilar: "Duo qiling, chunki duo ibodatning o‘zagi va mag‘zidir".
Bu hadis inson uchun duoning naqadar muhim ekanligini anglatadi. Duo faqatgina so‘rash yoki tilovot emas, balki bandaning Alloh taologa muhabbat va iymon bilan yuzlanishi, Uning buyukligi va kamolotini e’tirof qilishi, o‘zining ojizligini tan olishi va Robbisiga tobelikni ifodalashidir.
Duo – qullik maqomi
Banda duo orqali faqat ehtiyojlarini so‘ramaydi. Duo, avvalo, Alloh taoloning chaqirig‘iga «Labbayk!» deb javob berish, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning duo haqidagi tavsiyalarini bajarish va ayni paytda, ibodatni ado etishdir. Chunki duo qilgan inson Allohga yaqinlashish yo‘lini topadi, qalbidagi har qanday tashvishlardan qutiladi va ruhiy orom topadi.
Biroq ba’zan inson duo qiladi-yu, uning ijobati kechikkanidan xafa bo‘ladi, hatto duo qilishni to‘xtatish xavfiga tushadi. Ammo bu — bandaning katta xatosi hisoblanadi. Duoning ijobati yoki kechikishi Allohning hikmatiga bog‘liqdir. Banda uchun eng muhim jihat — Allohga duo qilishda davom etish va Unga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmaslikdir. Chunki duo – qullikning o‘zi, bandalik burchini ado etishning eng yuksak ifodasidir.
Duoning ijobati hikmati
Tasavvuf ulamolaridan bo‘lgan Yahyo ibn Said al-Qatton rohimahulloh bir kecha tushlarida Alloh taoloni ko‘radilar va shunday murojaat qiladilar:
«Allohim, senga necha marta duo qildim, ammo ijobat qilmading!»
Alloh taolo shunday javob bergan ekan:
«Ey Yahyo, Men sening ovozingni eshitishni yaxshi ko‘raman».
Bu hikoya insonga katta saboq beradi. Alloh taolo doimo bandalarining duolarini eshitadi, ularning har bir murojaati Uning huzurida qabul bo‘ladi. Ammo U Zotning hikmatiga ko‘ra, bandalar so‘ragan narsalar yo o‘sha zahoti beriladi, yoki kechiktiriladi, yoxud undan yaxshiroq bir narsa bilan mukofotlanadi.
Duoda muvaffaqiyat va sabr
Har bir duo ibodatning ajralmas qismi va qullikning o‘zidir. Inson duo orqali o‘zini Allohning huzurida muhtoj, ojiz va miskin ekanini anglaydi. Shuningdek, duo insonning qalbini sukunatga, ongini ravshanlikka, hayotini barakaga to‘ldiradi.
«Duo qilinganida Allohdan ishonch bilan so‘rang. Chunki Alloh duo qiluvchining iltijosini rad etmaydi» degan hadis bu haqiqatni yanada chuqur anglatadi.
Shunday ekan, har bir banda duo qilishda sabrli bo‘lishi, Allohning hikmatiga ishonishi va Unga bo‘lgan muhabbat va iymonini mustahkamlashi kerak. Duo – inson va uning Robbisi o‘rtasidagi eng go‘zal va samimiy aloqadir.
Duo bilan hayotingizda bardavom baraka va sukunat bo‘lsin.
Akmaljon Rahmonov,
Modul ta’lim tizimi talabasi.
Islom so‘zining ma’nolaridan biri tinchlikdir. Musulmonlar o‘zaro bir-birlari bilan ushbu so‘z orqali salomlashadilar, namoz vaqtida mo‘min banda aytadigan eng oxirgi kalom ham, Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biri, jannatning nomlaridan biri ham “As-Salom” – tinchlikdir.
Tinchlik, adolat, erkinlik, hikmat borasida ko‘plab oyatlar bor.
Qur’oni karim har bir insonga e’tiqod erkinligini kafolatlaydi. “Sizlarning diningiz o‘zlaringiz uchun, mening dinim o‘zim uchundir” (“Kafirun” surasi, 6-oyat).
E’tiqodni yoyishda zo‘rlik o‘tkazish ta’qiqlangan. “Dinda zo‘rlash yo‘q” (“Baqara” surasi, 256-oyat).
Aqlga mos, dalil-isbotli, hayotga tatbiq etiladigan yondoshuv orqali, har bir insonning aqliy darajasi va holatini hisobga olib, qalbga ta’sir qiluvchi, muloyim uslubda, agar bahs va munozara bo‘lsa, xushmuomala, adolatli va madaniyatli tarzda fikr almashish, da’vat etiladi.
“Parvardigoringizning yo‘li – diniga donolik, hikmat va chiroyli pand-nasihat bilan da’vat qiling! Ular bilan eng go‘zal yo‘lda mujodala, munozara qiling! (“Nahl” surasi, 125-oyat).
Har bir insonga, dini, millati va irqiga qaramasdan, adolat bilan munosabatda bo‘lish, dushmanlik qilmagan bo‘lsa, yaxshilik qilish, ehtirom ko‘rsatish Islom ta’limotlaridandir.
“Alloh sizlarni dinlaringiz to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z diyorlaringizdan haydab chiqarmagan kimsalardan – ularga yaxshilik qilishlaringizdan va ularga adolatli bo‘lishlaringizda qaytarmas. Albatta Alloh adolat qilguvchilarni sevar” (“Mumtahana” surasi, 8-oyat).
Ma’rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahri “Abdulqodir qori” jome masjidi imom-xatibi
Manba: @Softalimotlar