O‘tgan hafta mobaynida Respublikamiz otinoyilari tomonidan ijtimoiy muhitni yanada sog‘lomlashtirish yuzasidan bir talay tadbirlar o‘tkazildi.
Jumladan, “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida 606 ta, to‘y, ma’raka-marosimlarni tartibli o‘tkazish va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha 651 ta, bid’at-xurofotlar va dabdababozlikka qarshi 599 ta, ajrim yoqasida turgan oilalarni yarashtirish, ajrimlarning oldini olish bo‘yicha 461 ta oila bilan suhbatlashildi.
Shuningdek, migrantlar bilan Vatan muqaddasligi, yot va buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaslik borasida 383 ta suhbat va tadbirlar o‘tkazildi. Kam ta’minlangan oilalarga turli yordamlar ko‘rsatildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Men begona joyda mehmonxonaga joylashdim. Shoshilib, e’tiborsizlik bilan namozni qiblaga teskari tarafga qarab o‘qib qo‘yibman. O‘qib bo‘lganimdan keyin tushundim, shu namozimni hukmi qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu holatda, siz namozingizni qaytadan o‘qishingiz lozim bo‘ladi. Chunki qibla qaysi tarafdaligini bilmagan odam, shu yerlik qiblani biladigan (musulmon, aqli raso, oshkor gunohlardan tiyilgan) kishidan so‘rab, namoz o‘qishi lozim. Agar shu holatda qiblani biladigan kishi topilmasa, kechasi odamlarning eshigini taqillatib yurmaydi. Balki bor imkoniyatini ishga solib, qiblani topishga harakat qiladi. Qalbi bilan bir tomonni qibla, deb qasd qilib namozini o‘qiydi. Garchi qiblani to‘g‘ri topolmagan bo‘lsa ham, uning namozi durust bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi