O‘tgan hafta mobaynida Respublikamiz otinoyilari tomonidan ijtimoiy muhitni yanada sog‘lomlashtirish yuzasidan bir talay tadbirlar o‘tkazildi.
Jumladan, “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida 606 ta, to‘y, ma’raka-marosimlarni tartibli o‘tkazish va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha 651 ta, bid’at-xurofotlar va dabdababozlikka qarshi 599 ta, ajrim yoqasida turgan oilalarni yarashtirish, ajrimlarning oldini olish bo‘yicha 461 ta oila bilan suhbatlashildi.
Shuningdek, migrantlar bilan Vatan muqaddasligi, yot va buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaslik borasida 383 ta suhbat va tadbirlar o‘tkazildi. Kam ta’minlangan oilalarga turli yordamlar ko‘rsatildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
#taqdimot #forum #kitob
Avval xabar qilinganidek, mamlakatimizda "Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li" mavzusidagi I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi bo‘lib o‘tdi.
Samarqand shahrida o‘tkazilgan ushbu nufuzli anjuman Imom Buxoriy rahimahulloh merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, islom ilmlari bo‘yicha tadqiqotlarni rivojlantirish, xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda yosh tadqiqotchilar uchun yangi ilmiy muloqot maydonlarini yaratishga xizmat qildi.
Forum doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili, "Imom Buxoriy" ordeni sohibi, Ulamolar kengashi a’zosi, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov muallifligida nashr etilgan "Imom Buxoriy – muhaddislar faxri" kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Asarda buyuk muhaddis Imom Buxoriy rahimahullohning hayoti, ilmiy merosi, yuksak axloqi hamda Islom tamadduni rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi sodda va ravon uslubda yoritilgan.
Kitob Imom Buxoriy rahimahullohning ilmga sadoqati, taqvosi va mashaqqatli ilmiy safarlarini o‘quvchiga yaqindan tanishtirib, ma’naviy-ma’rifiy jihatdan muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati