Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2026   |   7 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:03
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:26
Bismillah
21 Iyul, 2026, 7 Safar, 1448
Maqolalar

TAOMLANISH  SIRLARI (4-qism)

17.02.2025   15835   12 min.
TAOMLANISH  SIRLARI (4-qism)

TAOMLANISH  SIRLARI (7 qismdan iborat)ni

ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

 

     (4-qism)

XALQ  MAQOLLARI:

 

  • Chaqirilgan yerga bor,

Chaqirilmagan yerda senga nima bor?

 

  • Nafsini tiygan kishi sulton bo‘lur,

Nafsini tiymagan kishi ulton bo‘lur.

 

  • Nafsini tiygan – valiy.

 

  • Nokasning o‘zi to‘ysa ham, ko‘zi to‘ymas.

 

  • Non ham – non, ushog‘i ham – non.

 

  • Non bolasi – nonushoq.

 

  • Olg‘irlik ofat keltirar,

Badnafslik – halokat.

 

  • Kam-kam yesang – doim yersan,

Ko‘p-ko‘p yesang – neni yersan?

 

  • Otangga ne qilsang,

Oldingga shu kelar.

 

  • Nonga hurmat – elga hurmat.

 

  • Non ham – non, uvog‘i ham – non.

 

  • Nonning uch kunligini, go‘shtning bir kunligini yegin.

 

  • Non hidida hayot bor, har mag‘zida mamot bor.

 

  • Non bo‘lsa – bas, o‘zgasi – havas.

 

  • Nonsiz yashab bo‘lmas, gapni oshab bo‘lmas.

 

  • Qirib yesang, qirq kunga yetar,

O‘yib yesang – o‘n kunga.

 

  • Har kuni yema palovni,

Har kuni yoqqin olovni.

 

  • Hisobini bilgan – bir yil yetim,

Hisobini bilmagan – o‘lguncha yetim.

 

  • Hamyonini qadrlagan

Hisobini puxta qilar.

 

  • Tovuqni yesang – bir yeysan,

Tuxumini yesang – ming yeysan.

 

  • Tejab yegan – darmonda,

Tejamagan – armonda.

 

  • Erta turgan yigitning bir rizqi ortiq,

Erta turgan ayolning bir ishi ortiq.

 

  • Qanoat to‘rga eltar,

Ochko‘zlik – go‘rga.

 

TIBBIYOT  OLIMLARINING  TADQIQOT  NATIJALARI:

  • Inson ko‘p yeganda:

yurak qisilib, tiniq ishlamaydi;

miya faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi;

oshqozon zo‘riqib ishlaydi;

odamning tanballigi ortadi;

kamhafsala va seruyqu bo‘lib qoladi.

  • Ko‘p ovqat yeyish – inson tabiatiga yot narsa:

shifokorlar hamisha ko‘p taom yeyishdan qaytarishgan,

kam taomlanishning ko‘plab foydalarini aytib o‘tishgan.

  • Qirq kundan ziyod umuman go‘sht yemaslikning zarari bor.
     
  • Muntazam ravishda ko‘p go‘sht iste’mol qilish sog‘liqqa zararlidir.
     
  • Sut yoki sutli taom bilan baliq, tuxum va nordon narsani, qovurilgan go‘sht bilan qaynatilganini, eski go‘sht bilan yangisini, mijozi turlicha bo‘lgan ovqatlarni bir-biriga aralashtirib yeyish, hidlangan taomni iste’mol qilish yaramaydi. 
     
  • Ovqatlarni bir-biriga aralashtirib yeb bo‘lmaydi;

masalan, qatiqdan so‘ng g‘o‘r uzumni,

barcha turdagi ovqatlardan keyin o‘rik va shaftoli yeb bo‘lmaydi;

g‘o‘r uzum bilan baliqni, sirka bilan sarimsoqni, piyoz bilan sarimsoq piyozni ham aralashtirib iste’mol qilish yaramaydi.

  • Asal bilan qovunni, tovuq go‘shti bilan baliqni, sarimsoq, boqila, ayron va qatiqni ham aralashtirib bo‘lmaydi.
     
  • Ovqatlanishda tez va shitob bilan yeyish sog‘liqqa zarar qiladi.
     
  • Zamonaviy tibbiyot ham tik turgan holda shoshilib ovqatlanish taomning yaxshi hazm bo‘lmasligi va semirib ketish sabablaridan ekanini aniqladi.
     
  • Zamonaviy fan barmoqlar uchlarida ishtaha qo‘zg‘ashga va ovqat hazmiga yordamlashadigan nuqtalar borligini kashf etdi.
     
  • Kishi och qolganda ovqatga qo‘l uzatsa, juda ham to‘yib ketmasdan oldin yeyishni to‘xtatsa, hech qachon betob bo‘lmaydi.
     
  • Suvni terlab turganda ichish yaxshi emas.
     
  • Uyqudan uyg‘onar-uyg‘onmas darhol suv ichish to‘g‘ri emas.
     
  • Qishda quvvatliroq, yozda esa yengil hazm bo‘ladigan taom va meva-sabzavotlarni tanovul qilish.
     
  • Dasturxondan asal, uzum, xurmo, zaytunni uzmaslik.
     
  • Charchaganda shirinlik yeyish.
     
  • Bir oyda bir kun bo‘lsa ham ro‘za tutib, tanaga dam berish.
     
  • Ovqat tez yeyilmaydi.
     
  • Ovqat shoshilmasdan, yaxshi chaynab yeyiladi.
     
  • Taomni yaxshilab chaynamay yutmaslik.
     
  • Taom bilan ichimlik o‘tirib tanovul qilinadi.
     
  • Olingan luqmalar yaxshilab chaynab, so‘ng yutiladi.
     
  • Iloji boricha o‘ng tarafda chaynagan ma’qul.
     
  • Ovqatlanish me’yorida bo‘lgani ma’qul.
     
  • Taom issiq yoki juda sovuq holda yeyilmaydi.
     
  • Sarxil ovqatlar, muntazam quyuq ziyofatlarni yaxshi ko‘rish odamni yalqov qilib qo‘yadi, sog‘ligiga putur yetkazadi, toatdan chalg‘itadi.
     
  • Go‘shtli taomlar muntazam yeyilmaydi, tark ham qilinmaydi.
     
  • Nonning qotgani yoki eskirganini iste’mol qilish zararli emasligi, hatto ayrim kishilarning salomatligi uchun foydali ekanligi turli yo‘llar bilan isbotlangan.
     
  • Taomlanish paytida kitob-gazeta o‘qish, televizor ko‘rish, telefon va boshqa mashg‘ulotlar bilan band bo‘lish salomatlik uchun zararli.
     
  • Qorin to‘yguncha yeyish ham durust emas.
     
  • Taomdan keyin aslo sovuq suv ichmaslik.
     
  • Zamonaviy fan ham tik turib suv ichish zararligini isbotlagan.
     
  • Tishlarni ovqatlangandan so‘ng tozalab, yuvib yurishga odatlangan odam aslo tish og‘rig‘iga uchramaydi. Bunday kishining milklari sog‘lom bo‘lur.
     
  • Buyuk Britaniyaning Aston davlat ilmiy-tadqiqot universiteti olib borgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, yerga tushib ketgan yegulikni besh soniya ichida yerdan olib iste’mol qilish sog‘liq uchun xavfsiz ekan. Chunki bu vaqt ichida hech qanday mikroorganizm yegulikka tegishga yoki uni zararlashga ulgurmas ekan.
     
  • Oilaviy kechki ovqat foydali. Birgalikda ovqatlanish an’anasi nafaqat oilaviy munosabatlarni mustahkamlaydi, balki sog‘lom ovqatlanish odatlarining shakllanishiga ham hissa qo‘shadi.
     

Bu ayniqsa bolalar uchun juda muhimdir – bolalarda yolg‘iz ovqatlanish kelajakda ovqatlanish qoidalarini buzilishi xavfini oshiradi. Shunday qilib, kuniga kamida ikki marta ota-onasidan alohida ovqatlanadigan bolalarda semirish xavfi 40 % yuqori.
 

Oilasi bilan haftasiga 5 martadan ko‘proq ovqatlanadigan bolalarda ovqatlanish buzilishi xavfi past bo‘ladi, sog‘lom ovqat iste’mol qiladi va yaxshi o‘qiydi. Oilaviy kechki ovqat qancha ko‘p bo‘lsa, odamlar shunchalik ko‘p sabzavot iste’mol qiladilar.
 

  • Insondagi ichak va miya bog‘langan. Oziq-ovqat yordamida biz kayfiyatimizni ko‘tarib, energiya darajasini oshirishimiz mumkin.
     

Mazali taom va idishlarning chiroyli taqdimoti hazm qilish jarayonini rag‘batlantiradi; ammo bunda xavf ham bor – biz ularga berilib, psixologik muammolarni muvaffaqiyatsiz "yutishimiz" mumkin.

  • Osh tuzi – salomatlik va nozik qomatning dushmani.
  • Yog‘lardan saqlanish – sog‘liq uchun zararli.
  • Fan barmoq uchlarida ishtaha qo‘zg‘ashga va ovqatning yaxshi hazm etilishiga yordamlashadigan nuqtalar borligini aniqladi.
  • Baland musiqa sizni ko‘proq va tez-tez ichishga majbur qiladi. Yeyishga ham.
  • Taomni kayfiyatsiz holda tanovul qilmagan ma’qul.
  • Ovqatlanayotgan paytda yaxshi kayfiyatda bo‘ling!
  • Insonning barcha sezgi organlari bosh miya nazorati ostida. Miya oshqozondan uning bo‘shligi haqida signal olishi bilanoq, odam ochlikni his qiladi va aksincha. To‘yganlik hissi paydo bo‘lishi uchun o‘rtacha 20 daqiqa kerak bo‘ladi. Demak, shoshqaloqlik bilan ko‘p yeb qo‘ymaslik uchun, har bir taomlanishga kamida 20 daqiqa ajratish kerak. Shu bilan birga yaxshilab chaynab, kichik bo‘laklarga bo‘lib ovqatlanish darkor. Taomni tez yoyish ortiqcha iste’mol qilishga olib keladi. Natijada tanada ortiqcha vazn paydo bo‘ladi.

 

ZAMONAVIY  FAN  TADQIQOTLARI  va  AJOYIB  MA’LUMOTLAR:

Bashariyat mavjudligi tarixi davomida odamlar har doim 3 narsani qilishgan – turmush qurishgan, vafot etishgan va ovqatlanishgan...

Bu vaqt ichida oziq-ovqat haqida juda ham ko‘p qiziqarli faktlar mavjud. Mana ulardan ba’zilari:

  1. Ovqat pishirishga ayollar erkaklardan ikki baravar ko‘p vaqt sarflashadi.
  2. 2015 yildan beri Sietl (Avstraliya)da ovqatni tashlash taqiqlangan. Qoldiqlarni uysizlarga, hayvonlarga tarqatish yoki o‘g‘itga aylantirish kerak. Qonunni buzgan korxonalar 50 dollar va jismoniy shaxslar – 1 dollardan jarimaga tortiladi.
  3. Oziq-ovqatlar ichida asal – buzilmaydigan yagona mahsulotdir.
  4. Kosmik non 1 tishlash uchun yetarli bo‘lgan paketlarga qadoqlangan. Bunday qadoqlash kosmonavtlarni nafas olish yo‘llariga tushishi mumkin bo‘lgan nol tortishish kuchida uchadigan ushoqlar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalardan himoya qilishga imkon beradi.
  5. O‘rtacha odam hayoti davomida taxminan besh yilni oziq-ovqatga sarflar ekan.
  6. Ovqatning ta’mi odam ovqatlanadigan balandlikka ham bog‘liq.
  7. London (Buyuk Britaniya)dagi hind restoranlari soni Hindistonning Dehli yoki Mumbaydagi hind taomlarini taklif qiladigan restoranlar sonidan ko‘p.
  8. Dunyoga mashhur Chitos chiplari 1976 yilda farrosh Richard Montanez tomonidan ixtiro qilingan.
  9. McDonald's har yili 2,5 milliard burger sotadi. Ya’ni har soniyada 75 ta, har kuni 6,5 million burger sotiladi.
  10. Meksika va Janubiy Amerika sivilizatsiyalari shokoladni valyuta sifatida ishlatgan.
  11. Guruch – dunyo aholisining yarmidan ko‘pining asosiy oziq-ovqatidir.
  12. Napoleon Bonapart kechki ovqatga 12, tushlikka 8 daqiqa sarflagan ekan.
  13. Inson hayotining 5 foizini ovqatlanish bilan o‘tkazadi.
  14. Bir taomlanish 20 daqiqa atrofida davom etadi.
  15. Odatda odam kuniga 3 marta ovqatlanadi.
  16. Inson hayotida ovqat tayyorlashga taxminan 1064 kun yoki 2,9 yil sarflanadi.
  17. Tayyorlangan oziq-ovqatni yeyish uchun bizga 3,66 yil kerak bo‘ladi, bu har kuni taxminan 67 daqiqaga teng.
  18. Biz butun hayotimiz davomida taxminan o‘rtacha 35 tonna oziq-ovqat iste’mol qilamiz.

 

BMT  (Birlashgan Millatlar Tashkiloti)  MA’LUMOTI:

  • BMT Bosh Assambleyasi har yilning 15 oktyabr sanasini “Xalqaro qo‘l yuvish kuni” deb e’lon qilgan. 

(4-qism tugadi. Davomi bor...).

 

 

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Hadislar ham vahiyga asoslangandir

20.07.2026   4448   7 min.
Hadislar ham vahiyga asoslangandir

(vahiyning ta’rifi va turlari)

Hadis Alloh taolo O‘z payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiy hamda dinda ergashilishi vojib bo‘lgan hujjat hisoblanadi. Bu xususda Nabiy alayhissalom: “Menga Qur’on bilan birga uning mislicha (ilm va hikmat) berildi”, deb aytganlar. Shu bois sunnatga sahobalar davridan buyon butun ummat ijmo qilgan (kelishib qabul etgan) bo‘lib, biror olim unga na qarshi chiqqan va na shubha qilgan.


Biroq keyingi asrlarda bu masala bo‘yicha shubha-gumonlar uyg‘otuvchi turli guruhlar va shaxslar paydo bo‘ldi. Ular sunnatni vahiy sanamay, uning islomiy qonunchilik manbai emasligini da’vo qiladi. Bunday toifa vakillarining fikricha, go‘yo Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan boshqa hech narsa nozil qilmagan.


Shunday buzuq qarash egalari bugun ham yo‘q emas. Demak, odamlar ongini ularning fitnakor fikrlaridan himoya qilish, botil da’volarning tagi puch ekani ko‘rsatib berish bugun ham dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Xususan, bu masalaga bag‘ishlangan avvalgi maqolada hadislar ham Kur’oni karim singari Allohning muhofazasida ekani naqliy va aqliy dalillar orqali bayon qilingan edi (https://muslim.uz/oz/e/post/47287-hadislar-ham-alloh-muhofazasidadir). Bundan kelib chiqadiki, hadis vahiyga asoslanmaganda edi, uni oxirzamonga qadar ilohiy himoyaga olishga zarurat bo‘lmasdi.


Ushbu maqolada vahiyning ta’rifi va turlariga to‘xtalishga qaror qildik. Bu safar payg‘ambarlik Kitob nozil bo‘lishi bilan emas, balki Alloh tanlagan bandasiga vahiy kelishi bilan amalga oshishini bayon qilamiz. Shu asosda vahiyning qiroat qilinadigan (Qur’on) va qiroat qilinmaydigan (hadis) turlarini sharhlab o‘tamiz.


“Vahiy” so‘zi “maxfiy va tezkor xabar berish”, “ishora qilish” yoki “ilhom berish” ma’nolarini anglatadi. Payg‘ambarlar va valiy zotlar haqidagi oyatlarda ishlatilgan “vahiy” so‘zining aksari shu ikki ma’noga tayanadi.


Rog‘ib Isfahoniy o‘zining “Mufradot” asarida bunday deydi: “Vahiyning asli (ma’nosi) “tezkor ishora” demakdir. Bu ramz yo ishora ko‘rinishidagi so‘z, biror tovush, tana a’zolari harakati va yoki yozuv orqali sodir bo‘lishi mumkin. Alloh taoloning nabiylari va valiylariga yo‘llagan kalomi ham vahiy deyiladi”. Sho‘ro surasining 51-oyatiga ko‘ra, ushbu jarayon bir necha turga bo‘linadi: “Inson bilan Alloh (bevosita) so‘zlashishi joiz emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki elchi (farishta) yuborib, izni bilan xohlagan narsani vahiy qilishi mumkin. Albatta, U (sha’ni) oliy va hikmat sohibidir”.


Demak, vahiy rasul yo nabiyga quyidagi ko‘rinishlarda nozil bo‘ladi.


Ko‘rinadigan elchi orqali. Bunga Jabroil alayhissalom muayyan suratda kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga so‘zlarini eshittirishi misol bo‘ladi.


Bevosita so‘zlashish. Muso alayhissalom kabi so‘zlovchini ko‘rmay turgan holda, aytganlarini tinglash.


Qalbga solish. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ruhul quds (Jabroil alayhissalom) qalbimga soldi”, deganlaridek.


Ilhom. Muso alayhissalomning onasiga emizish buyurilgani kabi.


Tush orqali. Nabiy alayhissalom: “Vahiy uzildi, faqat bashorat qoldi. U – mo‘minning tushi”, deb marhamat qilganlar


Rog‘ib Isfahoniyning so‘zlariga ko‘ra, “vahiy” ilhom va tushni, “parda ortidan” iborasi so‘zlovchi ko‘rmasdan eshitishni, “elchi yuborib” esa Jabroil alayhissalomning muayyan bir suratda kelishini anglatadi. “Allohning nabiylarga yo‘llagan kalomi vahiydir” degan gapdan ma’lum bo‘ladiki, “vahiy” so‘zi ham xabar berish jarayoniga, ham yuborilgan xabarning o‘ziga nisbatan ishlatiladi. Shundan kelib chiqib, ayrim olimlar vahiyni bunday ta’riflagan: “U – xoh bevosita, xoh bilvosita bo‘lsin – aynan Alloh taoloning huzuridan ekanligi qat’iy sobit bo‘lgan ma’rifatdir”.


Ulamolar vahiyning qirqdan ortiq ko‘rinishini sanab o‘tishgan bo‘lsa-da, ularning barchasi Alloh taolo Qur’oni karimda belgilagan quyidagi to‘rt asosiy shaklga borib taqaladi:


1. Jabroil alayhissalomning o‘z asliy qiyofasida ko‘rinishi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday holatga ikki marta duch kelganlar – bir marta Yerda, bir marta osmonda ko‘rganlar. Bu haqda Najm surasida bayon qilingan.


2. Jabroil alayhissalomning inson qiyofasida kelishi. Uni boshqa odamlar ham ko‘rgan. Ko‘pincha Dihya Kalbiy roziyallohu anhu suratida, ba’zan notanish a’robiy ko‘rinishida namoyon bo‘lgan.


3. Jabroil alayhissalom Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qalblariga vahiyni joylashi.


4. Jabroil alayhissalomning odamlarga ko‘rinmay tushishi. Bu vahiyning eng ko‘p uchraydigan turi bo‘lib, bunda atrofdagilar farishtani ko‘rmagan, biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdagi og‘ir o‘zgarishlar sezgan. U zot qattiq uyquga ketgandek holatga tushib, hatto sovuq kunlari ham peshonalaridan ter chiqib ketardi. O‘z so‘zlariga ko‘ra, bunday holat oldidan qo‘ng‘iroq ovoziga o‘xshash tovush eshitilgan. Sahobalar bu tovushni asalarilarning g‘ung‘ullashiga o‘xshatgan.


Qur’oni karimning to‘laligicha Jabroil alayhissalom vositasida nozil bo‘lgan. Bunga Shuaro surasining 192-194-oyatlari dalil bo‘ladi: “Albatta, (bu Qur’on) barcha olamlar Parvardigori tomonidan nozil qilingandir. (Ey Muhammad!) uni siz (oxirat azobidan) ogohlantirguvchilardan bo‘lishingiz uchun qalbingizga Ruhul-amin (Jabroil) nozil qildi”.


Vahiy Alloh taoloning payg‘ambarlariga yo‘llagan ilohiy xabari bo‘lib, turli ko‘rinishlarda nozil qilingan. “Jabroil menga qo‘shni haqida shunchalar ko‘p nasihat qildiki, “uni merosxo‘rlardan qilib qo‘ymasa edi” deb o‘ylab qoldim” hadisidan ham bilish mumkinki, Sunnat shunchaki insonning fikri emas, Parvardigorning O‘z elchisi orqali qilgan xitobidir, negaki, farishtalar faqat buyruqni ijro etadi, o‘z-o‘zidan biror ishga qo‘l urmaydi. Qudsiy hadislar ham bunga tasdiq bo‘ladi. Shundan kelib chiqadiki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ham Qur’oni karim kabi vahiyga asoslangani bois musulmonlar uchun hidoyat va shariat manbai hisoblanadi.


Mazkur dalillar shuni ko‘rsatadiki, islomni faqat Qur’on bilan cheklab, Sunnatni inkor qilish na ilmiy va na shar’iy asosga ega. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan vahiy nafaqat qiroat qilinadigan Qur’on, balki ummatga dinni tushuntirib beruvchi Sunnat orqali ham yetkazilgan. Shu sababli har bir musulmon kishi Qur’on va Sunnatni hidoyatning bir butun manbai sifatida qabul qilishi lozim.


Nurmuhammad Matkarimov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot

markazi ilmiy xodimi

 

O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 14 maydagi 4224 -sonli xulosasi asosida tayyorlandi

 

 

Maqolalar