O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan Ramazon oyidagi Xatmi Qur’on tadbirlarida ishtirok etadigan qorilarni suhbatdan o‘tkazish an’anasi yo‘lga qo‘yilgan.
An’anani davom ettirgan holda 2025 yilgi Ramazon oyida Respublikamizdagi Xatmi Qur’on tadbirlarida ishtirok etadigan qorilarni saralash uchun barcha viloyat vakilliklarida suhbatlar tashkil qilinmoqda.
Jumladan, bugun “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” majmuasining Majlislar zalida Toshkent shahri masjidlarida xatmga o‘tadigan qorilar suhbatdan o‘tkazildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi “Qur’on va tajvidni o‘rgatish” bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum boshchiligidagi ustozlar mazkur qorilarning tayyorgarligini tekshirib, ularga kerakli tavsiyalarni berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Masjiddagi jamoatda ba’zan oldingi safdagi odamning kiyimi kalta bo‘lgani uchun sajdada orqasi qisman ochilib qoladi va bexosdan unga ko‘zimiz tushib qoladi. Shu holatda tahorat yoki namozimiz buzilmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ulamolar tahorat va namozni buzuvchi omillarni birma-bir sanaganlar. Ular ichida birovning avratiga ko‘z tushib qolish sababli buziladi, degan gap yo‘q. Birovning, xoh ayolning, xoh erkakning avratiga qarash sababli bavl yoki biror suyuqlik chiqmasa, tahorat sinmaydi. Ammo bu degani qarash, nazar solish mumkin ekan, deb tushunmaslik kerak. Chunki bunday ishlar aslo mumkin emas.
Bir narsani yodda tutish lozimki, namoz o‘qish uchun tayyorlanayotgan inson namoz o‘qish asnosida avratlari ochilib qolmasligining chorasini ko‘rishi kerak bo‘ladi. Chunki bir rukn (farz amali) miqdoricha avratining to‘rtdan biri ochilib tursa, uning namozi buziladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi