Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim juma kuni ertalabki namozdan oldin:
أَسْتَغْفِرُاللهَ الَّذِي لاَ إِلَهَ إِلاَّ هُوَ الْحَيُّ القَيُّومُ وَأَتُوبُ إِلَيْهِ
"Astag‘firullohallaziy laa ilaha illa huval hayyul qoyyum va atubu ilayh", deb uch marta aytsa, Alloh taolo uning gunohlarini dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham, kechirib yuboradi», dedilar (Ibn Sunniy rivoyatlari).
Ma’nosi: Hay va qayyum sifatiga ega bo‘lgan Allohdan boshqa iloh yo‘q. Unga istig‘for aytib, Unga tavba qilaman.
Savol: Masjiddagi jamoatda ba’zan oldingi safdagi odamning kiyimi kalta bo‘lgani uchun sajdada orqasi qisman ochilib qoladi va bexosdan unga ko‘zimiz tushib qoladi. Shu holatda tahorat yoki namozimiz buzilmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ulamolar tahorat va namozni buzuvchi omillarni birma-bir sanaganlar. Ular ichida birovning avratiga ko‘z tushib qolish sababli buziladi, degan gap yo‘q. Birovning, xoh ayolning, xoh erkakning avratiga qarash sababli bavl yoki biror suyuqlik chiqmasa, tahorat sinmaydi. Ammo bu degani qarash, nazar solish mumkin ekan, deb tushunmaslik kerak. Chunki bunday ishlar aslo mumkin emas.
Bir narsani yodda tutish lozimki, namoz o‘qish uchun tayyorlanayotgan inson namoz o‘qish asnosida avratlari ochilib qolmasligining chorasini ko‘rishi kerak bo‘ladi. Chunki bir rukn (farz amali) miqdoricha avratining to‘rtdan biri ochilib tursa, uning namozi buziladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi