Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ سَعْدِ بْنِ عُبَادَةَ الزُّرَقِيِّ، أَنَّ أَبَاهُ أَخْبَرَهُ قَالَ: كُنْتُ جَالِسًا فِي مَسْجِدِ الْمَدِينَةِ مَعَ عَمْرِو بْنِ عُثْمَانَ بْنِ عَفَّانَ، فَمَرَّ بِنَا عَبْدُ اللهِ بْنِ سَلَامٍ مُتَّكِئًا عَلَى ابْنِ أَخِيهِ، فَبَعُدَ عَنِ الْمَجْلِسِ ثُمَّ عَطَفَ، فَرَجَعَ إِلَيْهِمْ فَقَالَ: مَاشِئْتَ عَمْرَو بْنَ عُثْمَانَ؟ - مَرَّتَيْنِ أَوْ ثَلَاثًا - فَوَالَّذِي بَعَثَ مُحَمَّدًا بِالْحَقِّ إِنَّ لَفِي كِتَابِ اللهِ - أَوْ قَالَ: فِي بَعْضِ كُتُبِ اللهِ أَوْ نَحْوِهِ، قَالَ الْحُسَيْنُ: أَنَا أَشُكُّ - لَا تَقْطَعْ مَنْ كَانَ يَصِلُ أَبَاكَ فَيَطْفَأَ بِذَلِكَ نُورُكَ.
Sa’d ibn Uboda Zuroqiy otasidan rivoyat qiladi:
«Madinaning masjidida Amr ibn Usmon ibn Affon bilan o‘tirgan edim. Abdulloh ibn Salom jiyaniga suyanib o‘tib qoldi. Majlisdan bir oz uzoqlashdi-da, keyin burildi. Ularning oldiga qaytib kelib, Amr ibn Usmonga: «Nima demoqchisan?» deb ikki-uch marta aytdi. (Keyin shunday dedi):
«Muhammadni haq ila yuborgan Zotga qasamki, Allohning Kitobida – yoki «Allohning kitoblaridan ba’zisida», yoki shunga o‘xshash gap aytdi. Husayn: «Mening esimdan chiqib qoldi», degan – otangga aloqasi bor odamdan hech aloqangni uzmagin. Yana o‘sha ila nuring o‘chib qolmasin», deyilgan».
Sharh: Demak, ota vafot etib ketsa-yu, otaning do‘stlari, yaxshi ko‘rgan kishilari, ehtirom qilib yurgan odamlari bo‘lsa, ulardan aloqani uzmaslik lozim. Ular bilan yaxshi bir muomalada bo‘lib, qo‘lidan kelgan yaxshiligini qilib, duolarini olish, otasiga ko‘rsatadigan hurmat-ehtiromni ularga ko‘rsatib yurish kerak.
Otam o‘ldi, deb uning do‘stlarini unutib yuborgan kishining nuri o‘chib qolar ekan. Bu nihoyatda og‘ir bir musibat bo‘lar ekan.
عَنْ عِكْرِمَةَ بْنِ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ الْحَارِثِ بْنِ هِشَامٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «وُدُّكَ وُدُّ أَبِيكَ، لَا تَقْطَعْ مَنْ كَانَ يَصِلُهُ أَبُوكَ فَيَطْفَأَ بِذَلِكَ نُورُكَ».
Ikrima ibn Abdurrahmon ibn Horis ibn Hishomdan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Otangning do‘sti sening do‘stingdir. Otang aloqa qilgan shaxsdan aloqangni uzma, yana nuring o‘chib qolmasin», dedilar».
Sharh: Ya’ni «Otangning do‘sti sen ham do‘st tutishing kerak bo‘lgan kishidir. Otang bilan aloqada bo‘lgan kishidan aloqangni uzmagin. Mabodo aloqani uzadigan bo‘lsang, nuring o‘chib qoladi».
Demak, farzand otaga qilayotgan yaxshiligini uning vafotidan keyin ham davom ettiray degan niyatda bo‘lsa, ota-onasiga do‘st-dugona bo‘lgan kishilarning hurmatini qilib, ularni otasining o‘rnida ko‘rsa, ota-onasining ortidan yaxshilik qilganning o‘rniga o‘tar ekan.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.
Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.
Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.
Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.