Bugun, 18 fevral kuni Bog‘ot tumanida yangidan qurib bitkazilgan "Darvesh bobo" jome masjidining ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakili Xayrulla domla Abdullayev, Bog‘ot tumani hokimi Jahongir Nazarov, mutasaddilar, imom-xatiblar va mahalla ahli jam bo‘lishdi.
Marosimda Qur’oni karim tilovati va bu masjidning to qiyomatgacha mo‘min-musulmonlarga xizmat qiladigan, tarovehlar, xatmi Qur’onlar, zikru tasbehlar aytiladigan sajdagoh bo‘lishini, yangi masjid xalqimiz e’tiqodi, ma’rifatini mustahkamlashda hidoyat va ziyo maskani bo‘lib ko‘p yillar faoliyat yuritishini Alloh taolodan so‘rab, bu xayrli ishda ko‘makchi bo‘lgan barcha ezgu niyatli kishilar haqqiga duolar qilindi.
Zamonaviy talablarga javob beradigan, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan mazkur masjid 3000 nafar namozxonlarga mo‘ljallangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Andijon viloyati bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi Shoiraxon hoji onaning umr yo‘ldoshlari Odiljon otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Shoiraxon hoji onaga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz