Bugun, 18 fevral kuni Bog‘ot tumanida yangidan qurib bitkazilgan "Darvesh bobo" jome masjidining ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakili Xayrulla domla Abdullayev, Bog‘ot tumani hokimi Jahongir Nazarov, mutasaddilar, imom-xatiblar va mahalla ahli jam bo‘lishdi.
Marosimda Qur’oni karim tilovati va bu masjidning to qiyomatgacha mo‘min-musulmonlarga xizmat qiladigan, tarovehlar, xatmi Qur’onlar, zikru tasbehlar aytiladigan sajdagoh bo‘lishini, yangi masjid xalqimiz e’tiqodi, ma’rifatini mustahkamlashda hidoyat va ziyo maskani bo‘lib ko‘p yillar faoliyat yuritishini Alloh taolodan so‘rab, bu xayrli ishda ko‘makchi bo‘lgan barcha ezgu niyatli kishilar haqqiga duolar qilindi.
Zamonaviy talablarga javob beradigan, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan mazkur masjid 3000 nafar namozxonlarga mo‘ljallangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
#haj
64-CAVOL:
Assalomu alaykum. Men piyoda haj qilmoqchiman, shu masalaga dinimizda nima deyiladi?
JAVOB:
Va alaykum assalom. Piyoda haj qilish to‘g‘risida mazhabboshimiz Imom Abu Hanifa rahimahulloh makruh, deganlar. Chunki piyoda haj qilishda safar mashaqqati odamning xulqiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, kishi fe’lini tajang qilib qo‘yadi. “Majma’ul anhur” kitobida: “Ulovda haj qilish piyoda haj qilishdan afzaldir va fatvo ham shungadir”, deyiladi.
Hozirgi kunda vatandoshlarimizning xavfsizligi va qulayligini hisobga olib, faqat uyushgan holda va havo yuli orqali haj safari qilinadi. Har bir hojining xavfsizligi, sog‘ligi va ibodatlarni to‘liq bajarishi maxsus ishchi guruh diqqat-e’tiborida bo‘ladi.
Demak, yakka tartibda piyoda va avtomobillarda haj safari qilish maqsadga muvofiq emas. Chunki piyoda safar qilinganda bir nechta xorijiy davlatlar chegaralari kesib o‘tiladi va yo‘lning xavfsizligiga hech kim kafolat bera olmaydi.
Hukumatimiz tomonidan barcha qulayliklar yaratilib turganda bir paytda, jonimizni xavfga qo‘yib, piyoda haj qilaman, deyish ma’qul emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
fatvo hay’ati. @diniysavollar