Payg‘ambarlarning vazifasi Alloh taoloning buyruq va qaytariqlarini insonlarga yetkazish, so‘zida va amalida bayon qilib berishdir. Qur’oni karimda barcha payg‘ambarlar ushbu mas’uliyatli vazifani mukammal bajarganliklari ta’kidlangan.
Payg‘ambarlar qatorida Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallam zulmatlarni yorituvchi nur misol ummatni munavvar manzillar sari yetakladilar. Alloh taolo bunday marahamat qiladi:
وَدَاعِيا ً إِلَى اللَّهِ بِإِذنِهِ وَسِرَاجًا مُّنِيرا
“Allohning izni bilan U zotga (Uning diniga) da’vat qiluvchi va (haq yo‘lni ko‘rsatuvchi) nurli chiroq qilib yuborgandirmiz”(“Ahzob” surasi, 46-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam go‘zal o‘rnak, insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi ekanliklari ushbu oyatda bayon qilinyapti. Shu sababdan sahobalar u zotning hayotlarini diqqat bilan kuzatib, o‘zlari uchun o‘rnak qilib olishgan va kelajak avlodlarga katta g‘ayrat bilan yetkazishgan.
Payg‘ambarimiz alayhissalomdan o‘rnak olish har bir musulmon uchun eng oliy vazifa hisoblanadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَانَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا وَاتَّقُوا اللَّهَ
“Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar va Allohdan qo‘rqinglar”(“Hashr” surasi, 7-oyat).
Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan Qiyomatga qadar barcha insonlar o‘rnak olishini ta’kidlagan. U zot alayhissalom ham so‘zda, ham amalda bayon qilgan asos va qoidalar butun insonlar uchun yo‘l ko‘rsatuvchidir. Shunday vaziyatlar bo‘lganki, u zotdan dushmanlari va ozor bergan shaxslarni la’natlash, ularga azob kelishi uchun duo qilishlarini so‘raganlar. Lekin shunday og‘ir vaziyatda ham: “Men la’natlovchi emas, balki rahmat payg‘ambari qilib yuborildim”, – deb javob berishlari fikrimizning dalilidir.
U zotning axloqlari to‘g‘risida Oisha onamizdan so‘ralganda: “U zotning xulqlari Qur’on edi”, deb javob berdilar. Oisha onamizning bergan javoblaridan Qur’onning buyruq va qaytariqlariga bo‘ysunish eng chiroyli axloq ekanini yana bir bor anglaymiz. Imom Navaviy: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’on rozi bo‘lgan ishdan rozi, Qur’on norozi bo‘lgan ishdan norozi bo‘lar edilar”, deganlar. Bulardan ayon bo‘ladiki, musulmon kishi oyat va hadislardagi buyruqlarga bo‘ysungan vaqt Payg‘ambarimiz alayhissalomni o‘zlariga o‘rnak qilib olgan bo‘ladi.
Haqiqatda, Rasululloh alayhissalom arzimas sabablar tufayli bir-birini halok qiladigan, axloqsizlikning yuqori cho‘qqisiga chiqqan qavmdan Saodat asri deya e’tirof etilgan jamiyatni tarbiyaladilar. Payg‘ambar alayhissalomning bu yutuqqa erishishlarida buyuk axloqlari, hayot yo‘llarining ta’siri bor, albatta.
Bundan kelib chiqadiki, go‘zal xulqning inson hayotida tutgan o‘rni beqiyosdir. Zero, Islom dini mohiyatini boshqalarga namoyon etishning eng yaxshi yo‘li go‘zal axloqdir!
Hoshim domla Amanov,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Muqaddas dinimiz ta’limotiga ko‘ra ilmlariga amal qiluvchi ulamolar Alloh taolo huzurida eng sha’nlari ulug‘, qadrlari yuksak zotlar hisoblanadi. Ko‘plab hadis va asarlarda ularning qadamlari ostiga farishtalar qanot yozishlari, yeru osmondagi barcha mavjudotlar hatto suv ostidagi baliqlar ham istig‘for aytishlari aytib o‘tilgan.
Shunday ekan ulamolarni qadrlash va ehtirom qilish shar’an vojib amallardandir. Zero ulamolar anbiyolarning merosxo‘rlaridir. anbiyolar molu dunyoni emas, balki ilmni meros qoldirgandirlar. Alloh taolo Qur’oni karimning“Mujodala” surasida marhamat qilib “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur”degan bo‘lsa, “Zumar” surasida: “Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!” degan (9 oyat). Ya’ni olimlar bilan johil-ilmsizlar Allohning huzurida ham, jazo va mukofotda ham teng bo‘lmaydilar. Shunday ekan ilm ahllariga nisbatan odobsizlik qilmaslik, ularga aziyat bermaslik lozim.
Ammo afsuski keyingi paytda internet va ijtimoiy tarmoqlarda buyuk ajdodlarimizning pok nomiga turli nomlar bilan loy chaplamoqchi bo‘layotganlar uchramoqda. “Ular qozongan muvaffaqiyatlarini go‘yoki islomdan emas, yunonlar va boshqalardan o‘rganishgan”, deya nafaqat O‘rta Osiyo xalqlari, balki butun dunyo faxrlangan shaxsiyatlarni bemalol ayblash va ularni haqorat qilishga jur’at qilayotgani nihoyatda achinarli holdir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam “Alloh taolo “Kim menga yaqin bo‘lgan bir bandamga nisbatan dushmanlik qilsa unga qarshi urush e’lon qilurman” dedi” deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Ushbu hadisni izohlab imom Abu Hanifa va imom Shofe’iy (r.a.) “agar ulamolar Allohga yaqin bo‘lishmasa kim ham u zotga yaqin bo‘lardi?!” deyishgan.
Alloh taolo “Hujurot” surasida shunday marhamat qilgan: “Ey, mo‘minlar! Ko‘pgumon(lar)dan chetlaningiz! Chunki ba’zi gumon(lar) gunohdir. (O‘zgalar aybini qidirib) josuslik qilmangiz va biringiz biringizni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni xohlaydimi?! Uni yomon ko‘rasiz-ku, axir! Allohdan qo‘rqingiz...!”
Ushbu oyati karimaga yaxshiroq e’tibor qilsak, Alloh taolo bizlarni turli asossiz gumonlardan, insonlarni ayblarini qidirib yurishdan va shu bilan bir qatorda odamlarni ortlaridan g‘iybat qilishdan qaytarmoqda. Oyatda g‘iybat qilgan kishini o‘z birodarini o‘lganidan keyin go‘shtini yeyish bilan barobar manfur amal ekani ta’kidlanmoqda. Bir musulmon kishi boshqa bir musulmonni ortidan g‘iybat qilishi shu darajada razil bo‘lsa olimlarni g‘iybat qilishni qanday baholash mumkin?!
Mashhur muhaddis olim Abul Qosim ibn Asokir ilm ahllariga odobsizlik qilgan kishiga nasihat qilib, shunday degan “bilginki, ulamolarning go‘shtlari zaharlidir. Kim biror olimni haqorat qilsa Alloh taolo uning o‘limidan avval qalbini o‘limi bilan baloga giriftor qiladi”. Ya’ni ilm ahllariga nisbatan odobsizlik qilib, ular yo‘qliklarida ortilaridan gapirgan kishi go‘yo zaharli go‘sht yegandek bo‘ladi. Uning bu qilgan ishi sababli Alloh taolo uning o‘zidan avval qalb ko‘r qilib qo‘yadi.
Alloma ibn Najjorning “tarix”ida Qozi imom Abu Toyyibdan qilingan sahih rivoyatda shunday voqe’ni keltiriladi “Biz Bag‘doddagi jome’ masjidda o‘tirgan edik. Bir xurosonlik yosh yigit kelib, olimlardan bir masala haqida so‘rab dalilini talab qildi. Shunda unga so‘ragan masalasini javobini aytib Abu Huraya raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis ushbu masalaning dalili ekanini aytildi. Yigit: “Abu Hurayra hadisi hujjat bo‘ladigan odam emas” dedi. U gapini tugatib bo‘lmasdan “jome’” shiftidan katta bir qora ilon tushdi. Bu holatni ko‘rgan odamlar qo‘rqib ketib, har tomonga qocha boshlashdi. Ilon ayni o‘sha yigitni ta’qib qilardi. Shunda yigitga qarata “hozir aytgan gapingdan tavba qil” deyildi. U shoshganicha “tavba qildim” degan edi ilon hech qanday iz qoldirmay ortiga qaytib ketdi”. Ushbu hikoyani keltirgan mashhur muhaddis olim ibn Saloh “ushbu rivoyat ishonchli sanad bilan sobit bo‘lgan bo‘lib, rivoyat qilganlarni barchasi ishonchli kishilardir” degan.
Yuqoridagi keltirilgan va undan boshqa ko‘plab shar’iy dalillardan xulosa qiladigan bo‘lsak insonlarni, ayniqsa, ilm ahllarini haqorat qilish, ortlaridan g‘iybat qilish, odamlar o‘rtasida obro‘sizlantirishga urinish shar’an harom amaldir. Aksincha ularni qadrlash, hurmat qilish, nasixatlariga quloq tutish esa marg‘ub va matlubdir. Har bir inson qo‘lidan kelganicha ularga nisbatan samimiy bo‘lishga, o‘zaro mehr-muhabbat asosida muomalada bo‘lishga harakt qilishi lozim. Zero xazrati Ali raziyallohu anhu aytganlaridek “Ulamolarni yaxshi ko‘rish ham diyonatdandir”.
Muslim.uz