Shayx Muhammad G‘azzoliy rahimahulloh aytadilar:
“Hanafiy va molikiy mazhablari imom juma xutbasini o‘qiyotgan vaqtida masjidga kirgan kishi tahiyyatul-masjid namozini o‘qishi makruh deb biladilar. Holbuki, bu namozni o‘qish haqida hadis kelgan. Buning sababi nima?
Biroz mulohaza yuritib, shunday xulosaga keldim: Juma xutbasi hijratdan keyin shariatga kirgan. Musulmonlar o‘n yil davomida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning orqalarida juma namozini o‘qiganlar, ya’ni bu davrda taxminan 500 ta xutba aytilgan. Lekin ular qayerda? Nega muhaddislar bu xutbalarni yozib qoldirmagan? Ular faqat sanoqligina xutbalarni qayd etgan!
Haqiqat shundaki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam xutba qilganlarida Qur’on tilovat qilar edilar. U zot minbarda turganlarida Allohning kitobini o‘qish bilan band bo‘lardilar, shuning uchun barcha kishilar sukut saqlab, diqqat bilan eshitishlari kerak edi. Hech kim o‘sha paytda boshqa narsa bilan, jumladan, namoz yoki qiroat bilan mashg‘ul bo‘lolmas edi. Chunki Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Qachon Qur’on o‘qilsa, uni diqqat bilan eshiting va jim turing, shoyadki rahm qilinsangiz” (A’rof surasi, 204-oyat)”.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Sayyor yig‘ilish
Shu yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi Mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida bugun, 26 avgust kuni Toshkent viloyati Parkent tumanida o‘tkazildi.
Tadbir O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov Toshkent viloyat bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov boshchilida o‘tkazildi.
Parkent tumani “Beshkappa” masjidida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Toshkent viloyati vakilligi rahbariyati, tuman-shaharlar bosh imom-xatiblari hamda otinoyilar, shuningdek, Parkent tumanidagi masjid imom-xatiblari, noiblari, otinoyilar, “Haj-2025” ziyoratchilari va mahalla raislari taklif qilindi.
Imom-xatiblar 7 toifaga mansub 110 ta oilaga, otinoyilar 4 toifaga mansub 27 ta oilaga, umumiy hisobda 137 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlarini olib bordilar.
Bundan tashqari, adashib turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan yoshlar bilan alohida suhbatlar o‘tkazildi. Ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar yarashtirildi.
Tumandagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati