Boysun tumanidagi 7 ta maktabda “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbirlarda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari tomonidan bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqimiz uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar, olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, diniy sohadagi islohotlar xususida fikrlar bildirildi.
Shuningdek, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan mafkuraviy xatarlar, ularning oldini olish masalalari, yurtimizda yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.
Tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi. Ishtirokchilarga "Tinchlik qadri" mavzusida film namoyish etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Besh vaqt namozda imomga iqtido qilganimizda, Fotiha va zam suralarni o‘qimaymiz. Janoza namozida qanday yo‘l tutamiz? Unda ham quloq qoqqandan keyin jim turamizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Janoza namozida besh vaqt namozdan farqli ravishda, imomga iqtido qilganlar to‘rt takbirni va sano, salavot hamda duolarni o‘qiydi. Ya’ni birinchi takbirdan keyin sanoni, ikkinchi takbirdan keyin salavotni, uchinchi takbirdan keyin janoza duosini o‘qiydi. To‘rt takbir janoza namozining rukni ya’ni farz, boshqa zikrlar esa, sunnat hisoblanadi. Agar iqtido qilganlar takbirni ham, boshqa zikrlarni ham aytmay, jim tursa, janoza o‘qigan hisoblanmaydi. Agar takbirlarni aytsa-yu, boshqa zikrlarni aytmasa, sunnatni tark etgan bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.