1. Ixlos va taqvo
Ro‘za – Alloh uchun qilingan ibodatdir. Unda riyo va namoyishkorlik bo‘lmaydi, chunki ro‘za tutgan odamni faqat Alloh biladi. Qur’onda bunday deyilgan: “Ey iymon keltirganlar! Sizdan oldingilarga farz qilinganidek, sizga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvoli bo‘lsangiz!” (Baqara, 183).
2. Sabr va iroda kuchini mustahkamlash
Ro‘za insonni nafsiga qarshi mustahkam qilib, uning irodasini kuchaytiradi. Ochlik va chanqoqqa sabr qilish orqali kishi hayotdagi boshqa sinovlarga ham chidamli bo‘ladi.
3. Shukr va qadriyatni anglash
Inson odatda ne’matlarning qadrini uni yo‘qotganda biladi. Ro‘za tutish orqali kishi taom, suv va boshqa ne’matlarning ahamiyatini his qiladi va Allohga shukr qilishni o‘rganadi.
4. Haqiqiy boylik taqvoda ekanini tushunish
Ro‘za tutgan odam, xoh u boy yoki kambag‘al bo‘lsin, bir xil ahvolga tushadi. Bu esa insonga moddiy boylikdan ko‘ra ma’naviy boylik muhimroq ekanini ko‘rsatadi.
5. Sog‘liq va tibbiy foydalari
Ro‘za organizmni tozalaydi, hazm tizimini dam oldirib, turli kasalliklardan himoya qiladi. Ilmiy tadqiqotlar ro‘zaning toksinlarni yo‘qotishga va metabolizmni yaxshilashga yordam berishini ko‘rsatgan.
6. Ro‘za va ijtimoiy birdamlik
Kambag‘allar va muhtojlarning ahvolini his qilish orqali insonda mehr-oqibat, xayriya va zakot berish hissi uyg‘onadi. Bu jamiyatda hamdardlik va birdamlikni mustahkamlaydi.
7. Duolarning qabul bo‘lishi
Ro‘zadorning duosi rad etilmaydi, chunki u Alloh uchun sabr qilib, uning roziligini istagan holda ibodat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uchta odamning duosi rad etilmaydi: ro‘zadorning iftor vaqtidagi duosi, odil podshohning duosi va mazlumning duosi” (Imom Termiziy rivoyati).
8. Ruhiy poklanish
Ro‘za nafaqat jismoniy, balki ruhiy poklanishdir. U insonni gunohlardan tiyishga, yaxshi xulq-atvorga, gunoh va yomonliklardan uzoqlashishga o‘rgatadi.
Ro‘za inson hayotining barcha jabhalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi ulkan ibodatdir. U nafaqat savobli amal, balki insonni ma’naviy va jismoniy jihatdan yuksaltiruvchi buyuk hikmatdir.
Alloh barchamizga ro‘zaning haqiqiy hikmatlarini anglab, uni chuqur his qilishni nasib etsin!
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida “Zakovat” intellektual musobaqasi o‘tkazildi.
Bellashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni yanada oshirishdan iborat.
Musobaqada shahar va tumanlardan jamlangan jamoalar Qur’oni karim, hadisi shariflar, islom tarixi, milliy qadriyatlar va mamlakatimiz qonunchiligiga oid savollar bo‘yicha o‘z bilim va tezkor fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — “Tafakkur” jamoasi
2-o‘rin — “Ittifoq” jamoasi
3-o‘rin — “Hikmat” jamoasi
G‘oliblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligining maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati