Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Avgust, 2026   |   19 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:45
Quyosh
05:14
Peshin
12:34
Asr
17:31
Shom
19:43
Xufton
21:12
Bismillah
02 Avgust, 2026, 19 Safar, 1448

Ro‘zaning 8 hikmati

28.02.2025   20625   2 min.
Ro‘zaning 8 hikmati

1. Ixlos va taqvo

Ro‘za – Alloh uchun qilingan ibodatdir. Unda riyo va namoyishkorlik bo‘lmaydi, chunki ro‘za tutgan odamni faqat Alloh biladi. Qur’onda bunday deyilgan: Ey iymon keltirganlar! Sizdan oldingilarga farz qilinganidek, sizga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvoli bo‘lsangiz! (Baqara, 183).

 

2. Sabr va iroda kuchini mustahkamlash

Ro‘za insonni nafsiga qarshi mustahkam qilib, uning irodasini kuchaytiradi. Ochlik va chanqoqqa sabr qilish orqali kishi hayotdagi boshqa sinovlarga ham chidamli bo‘ladi.

 

3. Shukr va qadriyatni anglash

Inson odatda ne’matlarning qadrini uni yo‘qotganda biladi. Ro‘za tutish orqali kishi taom, suv va boshqa ne’matlarning ahamiyatini his qiladi va Allohga shukr qilishni o‘rganadi.

 

4. Haqiqiy boylik taqvoda ekanini tushunish

Ro‘za tutgan odam, xoh u boy yoki kambag‘al bo‘lsin, bir xil ahvolga tushadi. Bu esa insonga moddiy boylikdan ko‘ra ma’naviy boylik muhimroq ekanini ko‘rsatadi.

 

5. Sog‘liq va tibbiy foydalari

Ro‘za organizmni tozalaydi, hazm tizimini dam oldirib, turli kasalliklardan himoya qiladi. Ilmiy tadqiqotlar ro‘zaning toksinlarni yo‘qotishga va metabolizmni yaxshilashga yordam berishini ko‘rsatgan.

 

6. Ro‘za va ijtimoiy birdamlik

Kambag‘allar va muhtojlarning ahvolini his qilish orqali insonda mehr-oqibat, xayriya va zakot berish hissi uyg‘onadi. Bu jamiyatda hamdardlik va birdamlikni mustahkamlaydi.

 

7. Duolarning qabul bo‘lishi

Ro‘zadorning duosi rad etilmaydi, chunki u Alloh uchun sabr qilib, uning roziligini istagan holda ibodat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Uchta odamning duosi rad etilmaydi: ro‘zadorning iftor vaqtidagi duosi, odil podshohning duosi va mazlumning duosi (Imom Termiziy rivoyati).

 

8. Ruhiy poklanish

Ro‘za nafaqat jismoniy, balki ruhiy poklanishdir. U insonni gunohlardan tiyishga, yaxshi xulq-atvorga, gunoh va yomonliklardan uzoqlashishga o‘rgatadi.

Ro‘za inson hayotining barcha jabhalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi ulkan ibodatdir. U nafaqat savobli amal, balki insonni ma’naviy va jismoniy jihatdan yuksaltiruvchi buyuk hikmatdir.

Alloh barchamizga ro‘zaning haqiqiy hikmatlarini anglab, uni chuqur his qilishni nasib etsin!

 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Masjidlarda "yashil energiya": 1 900 dan ortiq jomeda quyosh panellari o‘rnatildi

29.07.2026   12874   1 min.
Masjidlarda

So‘nggi yillarda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu ezgu tashabbus doirasida yurtimizdagi masjidlarda ham quyosh panellari va geleokollektorlarni o‘rnatish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

2026 yil 29 iyul holatiga ko‘ra asosiy ko‘rsatkichlar:

Respublika bo‘yicha faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjiddan:

1 910 tasi (88,4%) quyosh panellari bilan ta’minlandi (umumiy quvvati — 14,3 MVt / 14 315,5 kVt);

1 020 tasi (47,2%) issiq suv ta’minoti uchun geleokollektorlar bilan jihozlandi (umumiy sig‘imi — 206 470 litr).

Hududlar kesimida yetakchilar:

To‘liq qamrov: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlaridagi deyarli barcha masjidlarga quyosh panellari o‘rnatib bo‘lindi.

Eng yuqori quvvat: Toshkent shahri (2 559 kVt), Toshkent viloyati (1 706 kVt) va Samarqand viloyati (1 436,5 kVt) yetakchilik qilmoqda.

Geleokollektorlar bo‘yicha: Andijon (182 ta), Namangan (181 ta) va Toshkent viloyati (172 ta) masjidlarida eng yuqori ko‘rsatkichlar qayd etildi.

Qayta tiklanuvchi energiya tizimlarining joriy etilishi elektr energiyasi va tabiiy gaz sarfini sezilarli darajada kamaytirib, masjidlarning kommunal xarajatlarini qisqartirish hamda atrof-muhit muhofazasiga munosib hissa qo‘shish imkonini bermoqda.

Kelgusida qolgan 251 ta masjidga quyosh panellari va 1 141 ta masjidga geleokollektorlarni bosqichma-bosqich o‘rnatish va respublikadagi sig‘imlarni to‘liq «yashil energiya»ga o‘tkazish rejalashtirilgan.

Nodirbek Qodirov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi

O'zbekiston yangiliklari